Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sunʻiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi
Sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish yangi bosqichga olib chiqiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 21-oktyabr kuni davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Sunʼiy intellekt texnologiyalari iqtisodiyotdan tortib, taʼlim, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi va boshqaruv tizimigacha chuqur kirib bormoqda. Yil boshida 2030-yilga borib, dunyo iqtisodiyotida sunʼiy intellekt hajmi 15 trillion dollarga yetishi prognoz qilingan boʻlsa, hozirgi tahlillar bu raqam 20 trillion dollardan ortishini koʻrsatmoqda.
– Bugun insoniyat yangi sivilizatsiya bosqichiga – sunʼiy intellekt davriga dadil qadam qoʻymoqda. Qaysi soha boʻlmasin, kim bu jarayonda qattiq izlanib, aniq natija qilsa, bir qadam oldinda yursa, marra shuniki boʻladi”, — dedi davlatimiz rahbari.
Oʻzbekistonda ham sunʼiy intellektni rivojlantirish boʻyicha alohida qaror qabul qilinib, sohaning huquqiy asoslari yaratildi. Qisqa davrda davlat xizmatlari, bank-moliya, jamoat xavfsizligi, transport kabi yoʻnalishlarda 30 dan ortiq pilot loyihalar ishga tushdi.
Oʻtgan yili Sunʼiy intellektni 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Raqamlashtirish vazirligida bu soha bilan ishlaydigan alohida markaz tashkil etildi.
Natijada bir yil ichida mamlakatimiz sunʼiy intellektga tayyorgarlik boʻyicha xalqaro indeksda 17 pogʻona yuqoriladi, Markaziy Osiyoda 1-oʻrinni egalladi.
Endilikda vazirlar va tarmoq rahbarlarini raqamlashtirishga masʼul oʻrinbosarlari bir vaqtni oʻzida sohada sunʼiy intellektni rivojlantirishga ham javobgar boʻlishi belgilandi. Shahar va tumanlarda ham hokimlarning raqamlashtirish va sunʼiy intellekt boʻyicha maslahatchisi lavozimi kiritiladi. Kelgusi yildan vazirlik va hududlarda sunʼiy intellektni joriy etish holatini baholaydigan reyting tizimini ishga tushiriladi
Xorijiy ekspertlar Oʻzbekistonning sunʼiy intellekt sohasidagi salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda. Buni imkoniyatga aylantirish va dunyoda sunʼiy intellektga talab ortib borayotgan hozirgi davrda raqobatdosh boʻlish uchun 3 ta eng asosiy masala – infratuzilma, ochiq maʼlumotlar va kadr tayyorlashga eʼtiborni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Sogʻliqni saqlash, energetika, bank-moliya, bojxona-soliq, transport, togʻ-kon va qishloq xoʻjaligi sohalarida sunʼiy intellekt boʻyicha 100 ta loyiha rejalashtirilgan. Ularni amalga oshirish uchun shunga mos quvvatlar, zamonaviy super-kompyuterlar kerak. Lekin hozirgi mavjud quvvatlar faqat kichik loyihalarni ishga tushirish uchun yetadi.
Shu bois, zamonaviy super-kompyuter klasterlari va data- markazlarni koʻpaytirish zarurligi qayd etildi. Bu yil 16 ta super-kompyuter sotib olish uchun 50 million dollar ajratildi. Keyingi yil bu mablagʻ 2 karra oshiriladi.
Sohaga investitsiyalarni ragʻbatlantirish uchun Qoraqalpogʻistonda imtiyozli rejim joriy qilinishi belgilandi. Sunʼiy intellekt infratuzilmasiga 100 million dollardan koʻp sarmoya kiritgan investorlarga elektr energiyasi narxi 5 sent etib belgilanadi, IT-park imtiyozlari tatbiq etiladi, import uskunalari bojxona toʻlovidan ozod etiladi.
Shu bilan birga, olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlash uchun keyingi yildan “sputnik internet” operatorlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.Ular besh yilga yer, mol-mulk, foyda va qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladi.
Vazirlik va idoralardagi maʼlumotlar har xil serverlarda tarqoq saqlanayotgani, ularni formatlari turlicha boʻlgani sunʼiy intellektni jadal rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgani koʻrsatib oʻtildi. Shu bois, vazirlik va idoralardagi 55 ta, kelasi yil qolgan barcha maʼlumotlar bazalarini yagona data-markaz oʻtkazish topshirildi.
– Sunʼiy intellekt dasturlari samarali ishlashi uchun ular, avvalo, oʻzbek tilini mukammal darajada tushunishi zarur”, — dedi davlatimiz rahbari.
Oʻzbek tilidagi adabiyotlar, maʼlumotlar, maqolalar, hisobotlar, ilmiy ishlarni raqamlashtirish, sunʼiy intellekt milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni oʻzida ifodalay olishi uchun “Oʻzbek tili korpusi”ni yaratish zarurligi qayd etildi.
Prezident sunʼiy intellekt sohasida kadrlar tayyorlashni eng avvalo maktablardan boshlash kerakligini taʼkidladi.
Shu munosabat bilan keyingi oʻquv yilidan “Informatika” fani oʻquv dasturlariga sunʼiy intellektga oid mavzular kiritiladi. Buning uchun Massachusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda maxsus darslik ishlab chiqiladi.
Yoshlarning sunʼiy intellektdan foydalanishga doir gʻoyalarini aniqlash va loyihalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Bir million sunʼiy intellekt yetakchisi” loyihasi kengaytiriladi, boʻyicha milliy tanlov oʻtkazilib, eng yuqori natija koʻrsatgan yoshlar, ularning ustozlari va taʼlim tashkilotlari munosib ragʻbatlantiriladi.
Yigʻilishda oliygohlarda sunʼiy intellekt laboratoriyalarini tashkil etish choralari ham belgilab olindi. “Yangi Oʻzbekiston” universitetida “tarmoq – oliygoh – hamkor” tamoyilida ishlaydigan “sunʼiy intellekt klasteri” ishga tushiriladi. Oliygohlarda sunʼiy intellekt, fin-tex, kiber-xavfsizlik, IT-muhandislik, aerokosmik va bulutli texnologiyalar kabi yoʻnalishlar uchun davlat granti kvotalari 35 foizga oshiriladi.
Talabalarni sunʼiy intellektga qiziqishini oshirish maqsadida har bir hududda oliygohlar jamoalari oʻrtasida sunʼiy intellekt boʻyicha umummilliy tanlov oʻtkaziladi. Vukofot jamgʻarmasi 1 million dollar boʻlgan “Sunʼiy intellekt sohasidagi eng yaxshi startap” tanlovi oʻtkaziladi.
Umuman, sohani rivojlantirish borasida yetakchi kompaniyalar, xorijiy ekspertlar va vatandoshlarimiz, yirik davlat korxonalari, banklar va oliygohlarning saʼy-harakatlarini birlashtirish maqsadida Sunʼiy intellekt alyansini tuzish taklifi qoʻllab-quvvatlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Saida Mirziyoyeva Bryusselda Yevropa Ittifoqi komissari bilan uchrashdi
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring