Prezident davlat tiliga oid muhim qarorni imzoladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan toʻliq va samarali foydalanish, taʼlim tashkilotlarida oʻzbek tilini oʻqitish tizimini takomillashtirish, uning sofligini saqlash va muntazam boyitib borish, zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini taʼminlash, xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzini kengaytirish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar davlat tilini yanada rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
a) mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan toʻliq va samarali foydalanishga erishish;
b) taʼlim tashkilotlarida davlat tilini oʻqitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish;
v) davlat tilining sofligini saqlash va uning lugʻat boyligini muntazam oshirib borish;
g) davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini taʼminlash,
bu borada sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan unumli foydalanish;
d) davlat tilining xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzini oshirish, xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
j) mamlakatimizda istiqomat qiladigan barcha millat va elatlar vakillari hamda xorijdagi vatandoshlarimizning davlat tilini oʻrganishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish.
III. Respublikada davlat tili imkoniyatlaridan samarali foydalanishga erishish
2. 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2025-2026-yillarda amalga oshirish dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. 2026-yil 1-yanvardan boshlab respublika darajasidagi davlat organlari va xoʻjalik birlashmalarining markaziy apparatlarida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklarida boshqaruv xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida rahbarning maʼnaviyat va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etilsin.
4. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026-yildan boshlab:
a) taʼlim qardosh tillarda olib boriladigan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari uchun oʻzbek tilini oʻrgatish boʻyicha darsliklarning davriyligi asosida yangi avlodini yaratsin;
b) maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oʻzbek tilini oʻrgatish boʻyicha pedagoglar uchun oʻquv qoʻllanmalarni ishlab chiqsin;
v) maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalar uchun “Mening ilk izohli lugʻatcham” rasmli lugʻat kitobini yaratsin;
g) bolalarga oʻzbek tilini oʻrgatish boʻyicha zamonaviy animatsion video va audio mahsulotlar ishlab chiqilishini tashkil etsin.
5. Fanlar akademiyasi:
a) 2026-yil 1-iyunga qadar koʻp jildli “Oʻzbekiston milliy qomusi”ni elektron shaklda tayyorlash va eʼlon qilish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) 2026-yil 1-dekabrga qadar “Ona tili. Qomus” kitobining nashrga tayyorlanishi va chop etilishini taʼminlasin.
6. Davlat tilining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini taʼminlash borasida:
a) Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar akademiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026-yil 1-mayga qadar oʻzbek tilini sunʼiy intellekt yordamida qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladigan platforma ishlab chiqish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2025-yil 1-dekabrga qadar:
I) yangi qabul qilinayotgan atamalar boʻyicha jamoatchilik muhokamasida bildirilgan taklif, fikr va tavsiyalarni qayd etib boruvchi;
II) tasdiqlangan yangi soʻz va atamalarni oʻzida aks ettiradigan elektron reyestrni yurituvchi;
III) oʻzbek tilida chop etilgan sohaviy, izohli va imlo lugʻatlarini oʻzida jamlash va foydalanish uchun moʻljallangan elektron platformani yaratish boʻyicha ilmiy loyihaga tanlov eʼlon qilsin.
III. Davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish hamda ilm-fan tili sifatida nufuzini oshirish
7. Har yili oktyabr oyida:
a) Fanlar akademiyasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi oʻzbek tilining dunyo tillari oʻrtasida tutgan oʻrni va xalqaro nufuzini oshirishga qaratilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani;
b) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan chet ellik talabalar oʻrtasida:
I) oʻzbek tili boʻyicha respublika olimpiadasini;
II) “Oʻzbek tili – qalbim tarjimoni” koʻrik-tanlovini yuqori saviyada tashkil etsin;
v) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzbek tilini rivojlantirishga qaratilgan eng yaxshi ilmiy, ijodiy, amaliy ishlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Jonajon oʻzbek tilim” tanlovini;
g) Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari vazirlik va idoralar bilan birgalikda umummilliy diktant loyihasini;
d) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda vazirlik va idoralar 21-oktyabr Oʻzbek tili bayrami kuniga bagʻishlangan madaniy-maʼrifiy, adabiy tadbirlar, yangi kitoblar taqdimotlarini;
j) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi:
I) umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida oʻzbek tili mavzusida insholar tanlovini;
II) oʻzbek tili fani oʻqituvchilari oʻrtasida “Yilning eng yaxshi oʻzbek tili oʻqituvchisi” respublika tanlovini oʻtkazsin.
8. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan birgalikda har yili Alisher Navoiy nomidagi xalqaro oʻzbek tili olimpiadasini oʻtkazib borsin. Bunda olimpiada gʻoliblarini respublika oliy taʼlim muassasalarining “filologiya va tillarni oʻqitish: oʻzbek tili va adabiyoti” taʼlim yoʻnalishiga umumiy qabul kvotasidan tashqari davlat granti asosida oʻqishga qabul qilish yoʻlga qoʻyilsin.
9. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda uning hududiy boʻlinmalarida mamlakatimizdagi oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan oʻzbek tilini oʻrganish istagida boʻlgan chet ellik talabalarni ular oʻqiyotgan oliy taʼlim tashkilotlari mablagʻlari hisobidan oʻzbek tiliga bepul oʻqitish kurslarini tashkil etsin.
10. Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmita:
a) 2026-yil davomida oʻz mablagʻlari hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan milliy madaniy markazlar vakillari uchun oʻzbek tiliga oʻqitish kurslarini kengaytirish;
b) Tashqi ishlar vazirligi, “Vatandoshlar” jamoat fondi va manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Vatandoshlar” jamoat fondi mablagʻlari hisobidan xorijiy davlatlardagi oʻzbek diaspora tashkilotlari huzurida vatandoshlarning farzandlariga oʻzbek tilini oʻrgatishga ixtisoslashgan oʻquv markazlari tashkil etishga koʻmaklashish, ularni zarur oʻquv qoʻllanmalari, darsliklar va adabiyotlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.
11. Yoshlar ishlari agentligi uch oy muddatda oʻzbek tilini boshqa millat va elatlar vakillari, xorijdagi vatandoshlarning farzandlarini, oʻzbek tilini oʻrganish istagida boʻlgan chet el fuqarolarini oʻqitish maqsadida “Ibrat farzandlari” loyihasi bilan hamkorlikda alohida sunʼiy intellekt yordamida oʻzbek tilini oʻrgatish modulini ishga tushirsin. Bunda oʻzbek modulini yaratish uchun xarajatlar Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan amalga oshirilishi nazarda tutilsin.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
12. Adliya vazirligi uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib vazirliklar va idoralar rahbarlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.
14. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2025-yil 20-oktyabr
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Oʻzbekistonda narkojinoyatlar soni 5 yilda 103 foizga oshdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring