“Biz musobaqaga tayyormiz. Nasib etsa Osiyo chempionati yoʻllanmasi bilan qaytamiz” — Viktoriya Sirota

Foto: OʻFA
Ertaga, 13-oktyabr kuni kelgusi yili 17 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasida boʻlib oʻtadigan Osiyo chempionati musobaqasining saralash oʻyinlari boshlanadi.
Viktoriya Sirota boshchiligidagi terma jamoa 15-oktyabr kuni saralash turniridagi ishtirokini boshlaydi. Ushbu muhim musobaqa oldidan Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi bosh murabbiyi Viktoriya Sirota, shuningdek, terma jamoa futbolchilari Mubina Baxtiyorova va Mariya Xalqulova “Xalq soʻzi” nashri uchun maxsus intervyu berdi.
— Assalomu alaykum, musobaqaga tayyorgarlik qanday oʻtdi?
Viktoriya Sirota (Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi):
“Biz musobaqaning asosiy bosqichiga ikki yil tayyorgarlik koʻrdik. Ushbu turnirga CAFA turniri orqali tayyorlandik. Iordaniya terma jamoasi bilan ikkita oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazdik va ikkalasida ham gʻalaba qozondik. Shuningdek, Malayziya terma jamoasini 5:1 hisobida magʻlub etdik. Musobaqaga tayyormiz, deb oʻylayman”.
Mariya Xalqulova (Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi darvozaboni):
“Tayyorgarlik yaxshi oʻtdi. Musobaqada ham yaxshi oʻyin koʻrsatishga harakat qilamiz. Birinchi navbatda Osiyo chempionatiga munosib ekanimizni isbotlashimiz kerak. Boshqa jamoalardan biz kuchliroqmiz, deb oʻylayman”.
Mubina Baxtiyorova (Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi futbolchisi):
“Biz ushbu musobaqaga ikki yil davomida tayyorgarlik koʻrdik. Qirgʻiz Respublikasida boʻlib oʻtadigan oʻyinlarda shu vaqt ichida qilgan ishlarimizning ijobiy natijasini koʻramiz, degan umiddamiz. Tayyorgarliklar hammasi yaxshi oʻtdi. Barchasi biz oʻylagandek ketmoqda”.
— Musobaqada Qirgʻiz Respublikasi va Hindistonga qarshi oʻyin oʻtkazasizlar. Ushbu raqiblarni qay darajada oʻrganib chiqdingiz?
Viktoriya Sirota:
“Osiyo kubogidagi raqiblarimizdan Qirgʻiz Respublikasi terma jamoasi bizga yaqin. Biz ularni yaxshi bilamiz. Ular bilan CAFA turnirida oʻynaganmiz. Bu jamoaning plyus va minuslarini yaxshi bilamiz. Hindistonni sentyabr oyidagi musobaqada koʻrdik va tahlil qildik. Biz ularga qarshi oʻynashga tayyormiz”.
— Musobaqa oldidan tarkibda yoʻqotishlar bormi?
Viktoriya Sirota:
“Yoʻq, shukrki, jiddiy yoʻqotishlar yoʻq. Ozgina charchoq bor, sababi qizlarimiz Oliy ligasida ham oʻynashmoqda. Lekin musobaqa oldidan katta yoʻqotishlar yoʻq”.
— Qaysi jamoani asosiy raqib deb hisoblaysiz?
Mariya Xalqulova:
“Qirgʻiz Respublikasi bilan koʻp uchrashganmiz. Hindiston haqida juda yaxshi bilmaymiz. Qirgʻiz Respublikasini yaxshi bilamiz. Ular kuchli jamoa, lekin zaif nuqtalari ham yoʻq emas”.
Mubina Baxtiyorova:
“Menimcha ham guruhdagi asosiy raqibimiz Qirgʻiz Respublikasi terma jamoasi. Bu jamoa bilan avval ham oʻynaganmiz, ularni yaxshi bilamiz”.
— Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ham, U-20 terma jamoasi ham Osiyo chempionatiga yoʻl oldi. Bu natijalar sizning jamoangizga qoʻshimcha motivatsiya beradimi yoki bosim yuklayaptimi?
Viktoriya Sirota:
“Albatta, bu bizga qoʻshimcha motivatsiya beradi. Biz ushbu natijalardan ilhomlanib, turnirda kerakli natijani qoʻlga kiritishga harakat qilamiz”.
Mubina Baxtiyorova:
“Ha, menimcha, biroz bosim bor. Sababi, aytganingizdek, bu yil har ikki ayollar terma jamoasi Osiyo chempionatiga chiqdi. Agar biz chiqmasak, yaxshi boʻlmaydi, degandek his bor. Lekin biz bu narsalarga koʻp eʼtibor bermayapmiz. Biz uzoq vaqt davomida yaxshi tayyorgarlik koʻrdik. Nasib etsa, albatta chiqamiz”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring