Davlat rahbari sanepidxizmat foliyatidagi kamchiliklarga toʻxtaldi

Prezident sertifikatlashtirish tizimidagi ayrim muammolarni sanab, ularning yechimlarini aytdi.
Taʼkidlanganidek, sut va goʻsht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar oʻzining mahsulotiga Sanepidqoʻm xulosasini olish tizimidan norozi.
Masalan, yiliga 100 million dollarlik bolalar ozuqasi import boʻlmoqda. Lekin zamonaviy uskuna keltirib, zavod qurgan tadbirkor Sanepidqoʻm xulosasi yoʻqligi uchun ishlab chiqarishni boshlay olmayapti. Xulosa berish uchun esa standart yoʻq.
Qoʻmita rahbariyati “bu mahsulotga bizda standart yoʻq”, deb kutib oʻtirmasdan, oʻzi tashabbus qilib, tadbirkor bilan birga standart ishlab chiqmayotgani tanqid qilindi.
Ayrim tuman sanepidxizmatlari haligacha tadbirkordan bitta mahsulotning har xil qadoqlangan partiyasini alohida sinovdan oʻtkazishni talab qilmoqda. Bu qoʻshimcha vaqt, qoʻshimcha xarajat talab qiladi.
Bir vaqtda tayyorlangan mahsulotning har xil hajmda qadoqlanishi sifatga naqadar aloqador ekani savol uygʻotadi.
Shuningdek, mineral suv ishlab chiqaruvchilar 45 ta koʻrsatkich boʻyicha xulosa olishi kerak. Tadbirkorlar shuning 43 tasi uchun Sanepidqoʻm tizimidagi laboratoriyalarga, qolgan 2 tasi boʻyicha boshqa laboratoriyaga bormoqda.
Qoʻmitaga hamma tekshiruvni bitta joyda tashkil qilish topshirildi.
Meva-sabzavot va dukkakli ekinlar sifatini tekshirish uchun ham 3 ta tashkilotning laboratoriyasiga borish kerak. Eng yomoni, bu laboratoriyalarning xulosasi rivojlangan davlatlarda tan olinmaydi.
Shu bois eksportchilar qimmat bozorga chiqishdan oldin sertifikat olish uchun xorijga namuna joʻnatyapti.
Mutasaddilarga shu paytgacha birorta xalqaro tan olingan laboratoriyani olib kelmagani, eskirgan ustma-ust sertifikatlash amaliyoti haligacha davom etayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar chetdan keladigan vitrinali sovitkichlarni sertifikatsiyalash jarayoni 3 oygacha choʻzilayotganini aytmoqda.
Kuryerlik xizmati korxonalari moped olib kelib, odamlarni ishli qilayotgani, lekin mopedning oʻzi 300 dollar tursa, uni standartdan oʻtkazib, sertifikat olishga yana shuncha mablagʻ ketayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Xususiy klinikalar “Oʻzbekistonga ilk bor olib kelinayotgan ayrim tibbiy uskunalarni Farmqoʻmitada roʻyxatdan oʻtkazish xarajati ularning narxidan 10 karra qimmat”, demoqda. Shuningdek, qoʻmitada oddiy termometrni ham, MRT uskunasini ham roʻyxatdan oʻtkazishga 4-5 oy vaqt ketmoqda.
Davlatimiz rahbari bunday toʻlov va tartibotlar mutasaddilar tomonidan naqadar chuqur oʻylanganini savol ostiga qoʻydi.
“Bu yondashuv toʻgʻrimi? Albatta yoʻq. Murakkabligi va xavflilik darajasiga qarab, tibbiy uskuna, tibbiy buyum va dori-darmon uchun alohida-alohida muddat belgilash kerak”, dedi Prezident.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Toshkentda Parlament ayol aʼzolari forumining 39-sessiyasi boʻlib oʻtdi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Bahodir Jalolov professional boksda ilk bor toʻliq 10 raund jang oʻtkazdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring