Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi

09:21 06 Aprel 2025 Siyosat
221 0

Foto: OʻzA

Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Yangi Oʻzbekistondagi demokratik islohotlarning umumbashariy eʼtirofi ifodasidir

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva bilan suhbat — OʻzA.

5-9-aprel kunlari mamlakatimiz eng nufuzli parlamentlararo anjumanga mezbonlik qiladi. Ayni damda dunyo nigohi davlatimizning parlament diplomatiyasidagi muvaffaqiyatlariga qaratilgan. Qariyb bir hafta mobaynida yurtimiz muhim geosiyosiy markaz, yirik xalqaro parlament tuzilmalarining teng huquqli aʼzosi sifatida global muhokamalar maydoniga aylanadi.

190 ga yaqin mamlakat parlamentini birlashtirgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi. Bu shunchaki oddiy anjuman emas. Mazkur xalqaro tadbirga mezbonlik uchun parlamentarizm va barqaror rivojlanishning ijobiy tajribasi yuqori boʻlgan mamlakatlargina tanlanadi. Yurtimizning bunday eʼtirofga sazovor boʻlishi – quvonchli holat, bir vaqtning oʻzida katta masʼuliyat hamdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva bilan anjuman doirasida oʻtkaziladigan tadbirlar, ularning mazmun-mohiyati, ahamiyati, Oʻzbekiston uchun xalqaro maydonda ochilayotgan imkoniyatlar xususida suhbatlashdik.

– Parlamentlararo Ittifoq assam­bleyasi fao­liyati tarixiga nazar tashlasak, bu nufuzli tashkilot, eng avvalo, xalqchil hokimiyat va xalq dardiga quloq tutadigan davlatchilik masalalariga alohida eʼtibor qaratib kelayotganini koʻramiz. Shu jihatdan assambleyaning yubiley anjumani aynan mamlakatimizda oʻtkazilayotgani bejiz boʻlmasa kerak?

– Xabaringiz bor, Oʻzbekistonning Parlamentlararo Ittifoqqa aʼzoligi 2017-yilda qayta tiklandi. Oradan oʻtgan qisqa davr mobaynida mamlakatimiz parlamentarizm va barqaror rivojlanish yoʻnalishlarida muhim tajriba toʻpladi, amaldagi islohotlari bilan eʼtirof etildi. Ayniqsa, bu boradagi yutuqlarimiz xalqaro tashkilotlar va qator xorijiy davlatlar tomonidan alohida eʼtirof etilayotgani eʼtiborga loyiq deb oʻylayman.

Darhaqiqat, xalqaro ahamiyatga ega bunday nufuzli tadbirning aynan yurtimizda oʻtkazilayotgani oʻziga xos ramziy maʼnoga ega. Bu Oʻzbekistonning demokratik boshqaruv yoʻlidan ishonch bilan ilgarilayotgani, siz taʼkidlagan xalqchil parlament tizimi va fuqarolik jamiyatining izchil taraqqiy etib borayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, bu tadbir mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar jahon hamjamiyati tomonidan tan olinayotganining yaqqol tasdigʻidir.

Agar eʼtibor beradigan boʻlsak, Parlamentlararo Ittifoq faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri inson huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilishdir. Ayni payt­da mazkur yoʻnalish yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati bilan ham chambarchas bogʻliq. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda inson shaʼni va qadr-qimmati, huquq hamda erkinliklari, qonuniy manfaatlari eng oliy qadriyat sifatida belgilab olindi. “Odamlar tashvishi bilan yashash” tamoyili davlat siyosatining bosh mezoniga aylandi. Xalqimizning qonuniy talab va istaklarini amalga oshirish, fuqarolar irodasini hayotga tatbiq etish davlat organlari faoliyatini baholashning eng muhim mezoniga aylanmoqda. Barcha muhim qarorlar aholi ishtirokida, fuqarolik jamiyati institutlari bilan maslahatlashuv asosida qabul qilinmoqda.

Aynan shu jihatdan yangi tahrirda qabul qilingan Oʻzbekiston Konstitutsiyasining haqiqiy muallifi xalqning oʻzi ekanini yana bir bor eslab oʻtish oʻrinli. Bu esa fuqarolar xohish-irodasi islohotlar poydevori va uning harakatlantiruvchi kuchiga aylanganining yorqin isbotidir.

“Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir”. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 7-moddasida aks etgan ushbu norma orqali Oʻzbekistonda xalq hokimiyatchiligi tamoyili, yaʼni suverenitet tashuvchisi va davlat hokimiyatining yagona manbai xalq ekani teran huquqiy mazmunda ifoda etilib, ­mustahkam qonuniy asosga ega boʻldi.

Yana shu moddada Oʻzbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini koʻzlab amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi norma ham belgilab qoʻyilgan. Hech shubhasiz, bu meʼyorlar xalqimiz xohish-irodasi va insonlarning qonuniy manfaatlarini taʼminlashga ham xizmat qiladi.

Bugungi kunda Parlamentimiz xalqning siyosiy irodasini ifoda etuvchi chinakam demokratik institut sifatida maydonga chiqmoqda. Uning faoliyati doimo Prezidentimiz diqqat markazida. Bu bejiz emas. Davlatimiz rahbari parlament ishini chuqur bilgan, 15-yil davomida deputat maqomida samarali faoliyat yuritgan inson sifatida uning har bir bosqichidan yaxshi xabardor.

Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoyevning 2017-yil 22-dekabr kuni Oliy Majlisga qilgan tarixiy Murojaatnomasidan soʻng parlament faoliyatida mutlaqo yangi davr bosh­landi. Bugun esa parlamentning mamlakat siyosiy hayotidagi oʻrni va taʼsirini ochiq-oydin koʻrib turibmiz. Bu, albatta, Oʻzbekistonni rivojlantirishning yangi siyosiy yoʻlidagi ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirishda keng jamoatchilik ishtiroki, ijtimoiy hamjihatlikni taʼminlash uchun mustahkam zamin yaratdi.

Davlatimiz rahbari oʻtgan yillar davomida xalqaro parlament tashkilotlari hamda milliy parlamentlar rahbarlari bilan juda koʻp bor uchrashdi, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish yoʻnalishida qator taklif va tashabbuslar bilan chiqdi. Forum va anjumanlarga doimiy ravishda tabrik yoʻllab, xorijiy davlatlarga rasmiy tashriflari chogʻida ham parlament rahbarlari bilan alohida uchrashuvlar oʻtkazishni anʼanaga aylantirdi. Har tomonlama hamkorlikni qoʻllab-quvvatlayotgani, shubhasiz, Oʻzbekiston parlamentining nufuzi va xalqaro maydondagi oʻrnini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Bu saʼy-harakatlarning barchasi ­Prezidentimiz milliy parlamentarizm, uning rivojlanish salohiyati va davlat bosh­qaruvidagi oʻrniga chuqur ishonch bilan yondashishining yorqin ifodasidir. Zero, davlatimiz rahbarining taʼbiri bilan aytganda, “Kuchli parlament va xalq vakillik organlari – Yangi Oʻzbekistonning tayanchidir”.

– Eʼtirofli jihati, Prezidentimizning tashab­buslari tufayli parlamentimizning xalqaro aloqalari geografiyasi izchil kengayib bormoqda. Bu orqali Oʻzbekistonning milliy manfaatlarini jahon miqyosida himoya qilish uchun yangi, ravon va mustahkam yoʻl ochilayotganini ham alohida qayd etish lozim.

– Albatta, bugun xorijiy davlatlar parlamentlari bilan hamkorligimiz havas qilgulik darajada. Xalqaro parlamentlararo tashkilotlar faoliyatida Oliy Majlisning faol ishtiroki yaqqol sezilmoqda. Parlamentimiz xalqaro maydonda mamlakatimiz tashabbuslarini erkin va dadil ilgari surmoqda.

Oʻtgan yillar mobaynida Oliy Majlisning xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorlik guruhlari va komissiyalari faoliyatini jonlantirish, amaliy aloqalarni kengaytirish boʻyicha qator samarali chora-tadbirlar olib borildi. Ushbu guruhlar Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini mustahkamlash, mamlakatimizdagi islohotlar haqida jahon hamjamiyatiga xolis va haqqoniy axborot yetkazish, shuningdek, xorijiy parlamentlar bilan tajriba almashish orqali oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, soʻnggi besh yilda amalga oshirilgan shiddatli, keng qamrovli va taʼsirchan islohotlar milliy parlamentarizm tizimining mustahkam poydevorini yaratdi.

– Keling, yana suhbatimizning bosh mavzusiga qaytsak. Yurtimizda boʻlib oʻtadigan mazkur assambleya doirasida butun dunyo parlamentlari aholini ijtimoiy himoya qilish, kambagʻallikni qisqartirish, huquq ustuvorligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashadi. Muhokama etiladigan mavzular orasida gender tenglikni taʼminlash, ilm-fan va texnologiya, parlamentlar faoliyatida yoshlar oʻrni masalalari ham bor. Demak, gender tenglik boʻyicha mamlakatimizning Osiyoda yetakchiligi, parlamentimiz faoliyatida yoshlarning ham roli va ishtiroki tobora mustahkamlanib borayotgani ushbu nufuzli tashkilot eʼtirofida, shunday emasmi?

– Haq gapni aytdingiz. Parlamentlararo Ittifoq oʻz fao­liyatida gender tenglik va yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Ushbu mavzular bu galgi yubiley assambleyasining kun tartibidan alohida joy olgan.

Mintaqamizda parlament sohasidagi bunday yirik va keng qamrovli tadbir ilk bor aynan Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgani bejiz emas. Bu, avvalo, Oʻzbekiston parlamentining barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishdagi faol ishtiroki, parlament darajasida inson huquqlarini himoya qilish va gender tenglik masalalarini izchil ilgari surishi hamda Yoshlar parlamenti faoliyati orqali yoshlar qonun ijodkorligi jarayonlariga keng jalb etilayotgani bilan izohlanadi.

Siyosatda gender tenglik va yoshlar ishtirokini kengaytirish masalalari Parlamentlararo Ittifoq faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri ekanini inobatga olsak, ushbu sohalarda erishilayotgan yutuqlarimiz bilan faxrlanishga toʻla asos bor. Oʻzbekiston xotin-qizlarning qonunchilik jarayonlaridagi faol ishtirokini ragʻbatlantirish, yoshlarni qonun ijodkorligiga jalb etish borasida xalqaro namunaga munosib tajriba shakllantirmoqda. Zero, bu yoʻnalishlar butun dunyodagi demokratik taraqqiyotning ajralmas qismi sifatida eʼtirof etilmoqda.

Maʼlumki, dunyo hamjamiyatida 1997-yildan buyon Gender tenglik boʻyicha maxsus dastur amal qilmoqda, uning doirasida dunyo parlamentlarida xotin-qizlar ishtiroki monitoringi olib borilmoqda. 2024-yilda dunyo boʻyicha xotin-qizlar ulushi oʻrtacha 26,7 foizni tashkil etgan boʻlsa-da, mamlakatlar oʻrtasida bu koʻrsatkichda hali ham katta tafovut kuzatilmoqda.

Bugungi kunda milliy parlamentimizda ayollar ulushi sezilarli darajada oshib, Senat aʼzolarining 27 foizini, Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Mazkur koʻrsatkich bilan Oʻzbekiston Osiyo mintaqasidagi eng yuqori natijani qayd etganini Parlamentlararo Ittifoq ham eʼtirof etdi. Yaqinda eʼlon qilingan “Parlamentdagi ayollar: 1995-2025-yillar” nomli hisobotga koʻra, Oʻzbekiston Osiyo mintaqasida eng yuqori koʻrsatkichga, shuningdek, soʻnggi 30-yil ichida ayol deputatlar sonining oʻsishi boʻyicha ham mintaqada yetakchi boʻlib turibdi.

Shuningdek, Milliy parlamentlar boʻyicha xalqaro reyting maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston parlamentdagi xotin-qizlar ulushi boʻyicha 193 davlat orasida 49-oʻrindan 34-oʻringa koʻtarildi. Bu esa mamlakatimizda demokratiya va gender teng­ligini taʼminlash yoʻnalishida erishilgan muhim yutuqlardan biridir.

Parlamentlararo Ittifoq parlamentlarni xotin-qizlar vakilligini oshirish boʻyicha samarali mexanizmlar, jumladan, murabbiylik dasturlari va xotin-qizlarning siyosatdagi ishtiroki uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishni joriy etishga chaqiradi.

Aytish kerakki, hozirgi kunda koʻplab mamlakatlar parlamentlarida yosh siyosatchilar yetarlicha vakillikka ega emas. Parlament faoliyatiga yosh yetakchilarni jalb etish, siyosatchilarning yangi avlodini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tashab­buslar izchil davom ettirilmoqda. Ayniqsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada yoshlar masalasining alohida bob darajasiga koʻtarilgani yangi Oʻzbekistonda yoshlar siyosatiga ustuvor ahamiyat berilayotganini yaqqol koʻrsatib turibdi. Yoshlarning qonun ijodkorligidagi faol ishtiroki boshqaruv tizimini modernizatsiya qilish, siyosiy jarayonlarni yanada ochiq va inklyuziv asosda tashkil etishda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.

Assambleya doirasida yosh parlament ­aʼzolarining global forumi va Xalqaro xotin-qizlar parlament forumi oʻtkazilishi kutilmoqda.

– Oʻtgan yili Osiyo xotin-qizlari forumi doirasida Oliy Majlis Senati va Parlamentlar­aro Ittifoq hamkorligining amaliy jihatlari boʻyicha qator takliflar ilgari surilgan edi. Ularning xalqaro anjuman doirasida oʻtkaziladigan tadbirlar kun tartibidan joy olgani qanchalik muhim ahamiyatga ega?

– Oʻtgan yilgi uchrashuvda muhokama etilgan qator masalalar oʻz dolzarbligi va xalqaro ahamiyati bilan ajralib turadi. Ushbu mavzular assambleyaning rasmiy kun tartibidan ham oʻrin oldi. Agar davlatimiz siyosatining boshqa mamlakatlar uchun oʻrnak boʻla oladigan jihatlarini inobatga olsak, ushbu mavzular doirasi aynan ana shunday yutuq va tajribalarimizni jahon hamjamiyatiga ochib berishga xizmat qiladi.

Xususan, aholini ijtimoiy himoyalash, kambagʻallikni qisqartirish, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini taʼminlash, gender tenglikka rioya etish borasida erishilgan natijalar yurtimizning mazkur ­yoʻnalishda qanchalik jiddiy va izchil qadamlar tashlayotganini yaqqol tasdiqlaydi.

Ayniqsa, mamlakatimizda ijtimoiy himoya, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar eʼtirofga munosib desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Haqiqatan, keyingi yillarda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralari bilan qamrab olish boʻyicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

“Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida har bir fuqaroni oʻzi va farzandlari kelajagi uchun masʼuliyat bilan yondashishga undaydigan va salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun imkoniyat yaratish hamda ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish koʻlamini kengaytirish orqali oilalarning mehnat qilish imkoniyatini cheklovchi sabablarni bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Yurtimizda ijtimoiy himoyaning mutlaqo yangi tizimi yaratildi. Soha tubdan isloh qilinib, ijtimoiy yordamning aniq, maqsadli va manzilliligini taʼminlashga qaratilgan yangicha yondashuv va mexanizmlar joriy qilindi. Milliy qonunchilik bazasi mustahkamlandi, xalqaro standartlar asosida takomillashtirildi. Xalqaro tashkilotlarning 13 ta konvensiyasi ratifikatsiya qilindi.

Aholini ijtimoiy himoya qilish Milliy strategiyasi, uning maqsadli indikatorlari belgilandi. Sohaning institutsional asoslari isloh etildi. Ijtimoiy himoya sohasida davlat siyosatini amalga oshiradigan yangi tuzilma – Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Joylarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari ish boshladi. Bu institutlar ijtimoiy himoyani mahalla darajasida tashkil etish, ijtimoiy xizmat va yordamlarni kompleks yondashuv asosida koʻrsatish, aholining ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish, ijtimoiy himoyaning manzilliligi va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Sohada keng koʻlamli islohotlar boshlangan davrdan beri kambagʻallik darajasi deyarli 3 barobarga qisqardi (23 foizdan 8,9 foizgacha).

Oʻzbekiston mazkur yoʻnalishdagi amaliy saʼy-harakatlari bilan ijtimoiy adolat va munosib mehnat tamoyillarini xalqaro doirada ham dadil ilgari surib kelmoqda.

BMT bosh kotibi tomonidan ilgari surilgan “Ish oʻrinlarini yaratish va ijtimoiy himoya Global akseleratori” va Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktorining Ijtimoiy adolat uchun global koalitsiyasini tashkil etish kabi tashab­buslarida mamlakatimiz birinchilardan boʻlib faol ishtirok etib kelmoqda.

Anjuman doirasidagi tadbirlarda bu borada batafsil fikrlar ilgari suriladi. Shu maʼnoda, ijtimoiy taraqqiyotga erishish, adolatli jamiyatni barpo etishda parlamentlar ishtirokini kengaytirish va faolligini oshirish bilan bogʻliq masalalarning muhokama etilishi har tomonlama maqsadga muvofiqdir. Ular asosida yangi chora-tadbirlar, barcha davlatlar uchun birday manfaatli boʻlgan, tegishli yoʻnalish boʻyicha parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan amaliy takliflar, tavsiyalar ishlab chiqiladi va ular qabul qilinadigan yakuniy hujjatlarda oʻz ifodasini topadi.

– Mazkur anjumanda dunyoning 140 ga yaqin mamlakati, 15 ta kuzatuvchi davlat, shuningdek, 30 dan ortiq xalqaro va parlamentlararo tashkilotlardan ikki mingdan ortiq delegat ishtirok etishi kutilmoqda. Bu nafaqat juda yirik, balki tarixiy ahamiyatga ega voqeadir. Albatta, bu kabi yirik anjumanning yurtimizda ­oʻtkazilayotgani Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoyev ­rahnamoligida parlamentarizmning ­rivojlanishi, shu bilan birga, Oʻzbekistonning ochiqlik va xalqaro hamkorlikka asoslangan yangi siyosiy yoʻlining yorqin ifodasidir...

– Ilgarilari biz dunyoga talpinar edik. Bugun esa koʻz oʻngimizda dunyo Oʻzbekistonga talpinmoqda. Bu holat nafaqat quvonarli, balki har bir yurtdoshimizda faxr va hayajon tuygʻusini yanada oshiradi. Buning yaqqol misoli sifatida soʻng­gi uch yilda Samarqand shahri mezbonlik qilgan bir qator xalqaro anjumanlarni, shu jumladan, kuni kecha oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti ham mintaqaning imiji, xalqaro miqyosdagi eʼtirofi, deb ishonch bilan ayta olamiz.

5-9-apreldagi tadbirlar davomida ikki tomonlama uchrashuvlar, kelishuvlar, yoʻl xaritalari, xalqaro bitimlar, davlatlar va parlamentlar bilan Oʻzbekiston rahbarining oʻzaro kelishuvlari belgilangan. Xalqaro shartnomalarning bajarilishida parlament ishtiroki masalalari koʻrib chiqiladi.

Konferensiyada Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, Turkiy davlatlar parlament assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi davlatlarining Parlamentlararo assambleyasi, Arab parlamentlararo ­ittifoqi, Yevropa parlamenti, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti parlament assam­­­bleyasi, Osiyo parlament assambleyasi, Afrika va Arab dunyosidagi parlament guruhlari va unga tenglashtirilgan kengashlar uyushmasi kabi qator nufuzli tashkilotlar rahbarlari, vakillari ishtirok etadi.

Shu oʻrinda qalbimdan koʻtarilgan bir hisni aytmasam boʻlmaydi. Biz shunday olijanob rahbarga ega ekanimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Bu iftixorga sabablar bisyor, albatta. Ammo aynan shu anjuman doirasida roʻy berayotgan bir holatni sizlar bilan samimiyat ila oʻrtoqlashgim keldi. 7-aprel kuni Prezidentimiz tomonidan alohida chiqishlar rejalashtirilmoqda.

Qizigʻi shundaki, ushbu uchrashuv eʼlon qilingach, koʻplab mehmonlar, xorijiy parlamentlar va delegatsiya rahbarlari oʻz safar rejalarini oʻzgartirdi. Ular Prezidentimiz bilan shaxsan koʻrishish, u kishining nutqini tinglash va bevosita muloqotda boʻlish ishtiyoqida ekanliklarini bildirdi. Bu esa Oʻzbekistonga boʻlgan xalqaro ishonch, davlatimiz rahbari shaxsiyatiga nisbatan yuksak hurmat va ehtiromning yorqin ifodasidir.

Juda koʻp xorijiy parlamentlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari Prezidentimiz bilan uchrashish istagini bildirdi. Ularning “Dunyoga quloch yoyib, shaxdam odimlayotgan yurtingiz rahbari bilan bevosita suhbatlashmoqchimiz, dilimizdagi tilaklarni shaxsan yetkazishni istaymiz”, degan soʻzlari barchamizni toʻlqinlantirib yubordi.

– “Ijtimoiy rivojlanish va adolat uchun parlament harakati” shiori ostida boʻlib oʻtadigan ushbu xalqaro anjuman mavzusi shaxsan Prezidentimiz taklifiga binoan tanlangan. Aynan shu borada, yaʼni ijtimoiy taraqqiyot, adolat va xalq manfaatlarini ifoda etishda parlamentning oʻrni borasidagi Oʻzbekiston tajribasi butun dunyoga taqdim etilayotganining oʻzi katta faxrdir. Shu oʻrinda tabiiy savol tugʻiladi: umuman olganda, bunday xalqaro anjumanlarning ahamiyati nimada?

– Fikrimni bayon etishdan oldin sizning savolingizga yana bir savol bilan javob berishni istardim: bunday xalqaro ­tadbirlar Oʻzbekistonga nima beradi? Aytish lozimki, bu nafaqat yurtimiz, balki butun Markaziy Osiyo uchun faxrli va strategik jarayondir. Zero, biz bugun faqat milliy emas, balki mintaqaviy miqyosda dolzarblik kasb etayotgan muammo va masalalarga yuz tutayotgan mamlakatga aylandik.

Mana, yaqinda – 31-mart kuni Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston Prezidentlari Xoʻjand shahrida uchrashib, uch davlat chegarasining tutash nuqtasiga oid shartnomani imzoladi. Bu hujjat nafaqat davlatlararo ishonchni, balki mintaqa kelajagiga boʻlgan umumiy qarashni ham ifoda etadi. Shu haftadagi yana bir muhim voqea – Samarqandda boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo – Yevropa ­Ittifoqi” birinchi sammiti. Uning doirasida mintaqa davlatlari rahbarlari va YEI yetakchilari uchrashib, oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan.

Bunday tashabbus va uchrashuvlar – azaliy orzu-umidlarimizning amaliy ifodasi. Bu jarayonlarda mintaqa xalqlari nafaqat tomoshabin, balki siyosiy subyekt sifatida qatnashmoqda. Markaziy Osiyo dunyo oldida oʻz yuzi, oʻz soʻzi va oʻz yoʻli bilan namoyon boʻlmoqda. Bu uning yangi oʻzligi shakllanayotganidan dalolat beradi.

150-assambleya umumiy mavzusiga kelsak, “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati” degan shior ostida kambagʻallikni qisqartirish, munosib mehnat, ijtimoiy integratsiya va aholining qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirish kabi koʻplab dolzarb masalalar muhokama qilinishi bilan ahamiyatlidir. Sababi keyingi yillarda dunyoda yuz berayotgan turli global muammolar tufayli koʻplab mamlakatlarda kambagʻallik va tengsizlik kuchayib bormoqda. Yuzaga kelgan vaziyat ijtimoiy adolatni taʼminlashga qaratilgan zarur choralarni belgilab olish va ularni amalga oshirishning aniq, samarali mexanizmlarini tubdan takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Yana bir fakt: assambleya doirasida qariyb 80 ta tadbir oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda va ularning har birida bugungi kun uchun dolzarb boʻlgan mintaqaviy va xalqaro masalalar koʻrib chiqiladi.

Assambleyaning yalpi majlislari, ixtisoslashgan organlari yigʻilishlaridagi muhokamalar, ilgari suriladigan ilgʻor gʻoya va tashabbuslar, qabul qilinadigan hujjatlar mana shu masalalarga mamlakatlar parlamentlari eʼtiborini kuchaytirish imkonini beradi.

– Tanzila Kamolovna, bilishimizcha, bu nufuzli sessiyani boshqarish, yaʼni unga raislik qilish sizga yuklatilmoqda. Sir boʻlmasa, 150-yubiley assambleya qaysi tilda olib boriladi? Oʻzbekiston Senati rahbari sessiyani qaysi tilda olib borishi hammani qiziqtiradi, albatta...

– Bilasizmi, buni aytish, bu savolga javob berish menga juda katta faxr va gʻurur bagʻishlaydi. Men sessiyalarni oʻzbek tilida olib bormoqchiman! Albatta, parlament ishi 12 tilga tarjima qilinadi. Bu tashkiliy ishlar yuqori saviyada bajariladi. Biz Prezidentimiz BMT minbarida oʻzbek tilida nutq soʻzlaganida qanchalik gʻururlangan edik. Bu yubiley sessiya ham oʻzbek tilida boshqariladi. Bu shaxsan mening hayotimda ham juda katta iz qoldiradigan voqea boʻladi. Bir oʻzbek farzandi, oʻzbek ayoli, shu yurtning, oʻzbek millatining vakili sifatida menga ulkan iftixor bagʻishlaydi...

– Albatta, mazkur xalqaro anjuman shu yurt fuqarosi sifatida har birimiz uchun muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Anjuman ishida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер