Xorijiy investorlarning yerdan foydalanish imkoniyati 25 yildan 49 yilgacha uzaytirilmoqda

12:44 06 Avgust 2024 Siyosat
351 0

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu qonun loyihasida investorlarning kafolatlari, huquq va majburiyatlari ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash masalalari belgilanmoqda. Shuningdek, mamlakatda qulay investitsiya muhitini yaratish, investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, amaldagi investitsiya qonunchiligining ilgʻor xalqaro standartlar, jumladan, Jahon savdo tashkilotining qoidalariga moslashtirishga qaratilgan normalar aks etgan.

Deputatlar investorlarni eng katta xavotirga soluvchi omil va xatarlar boʻyicha yechimlarni taklif qilishgan va bildirilishicha, ortiqcha cheklovlar bekor qilinadi. Qayd etilishicha, “Bozorga kirish” kafolatlari hamda investitsiya faoliyatini asossiz tekshirishlardan himoyalash kafolatlari berilyapti.

Ushbu qonun loyihasi bilan investitsiyalarni ragʻbatlantirish choralari va imtiyozlar doirasi ham koʻrib chiqilgan. Shu tariqa, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonada xorijiy investorlar ulushi boʻyicha talab 15 foizdan 10 foizgacha tushirilishi, milliy rejimga rioya qilish hamda xorijiy investorlarning yerdan foydalanish imkoniyati 25 yildan 49 yilgacha uzaytirilishi mumkin. Mahalliy va xorijiy investorlarga teng boʻlgan imtiyoz va preferensiyalar taqdim etiladi.

“Qonun tashabbuskorlarining qayd etishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida investorlarning kafolatlari va erkinliklari aniq bayon qilinib, bunday huquq va kafolatlarni qoʻllash boʻyicha investorlarning turli talqinlari va chalkashliklariga barham beriladi. Eng muhimi, «Yagona darcha” orqali investitsiyalarni va investorlarni ragʻbatlantirish institutlari va yagona vakolatli investitsiya organi qonun bilan mustahkamlanadi», deyiladi xabarda.

Avvalroq, Doniyor Gʻaniyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligidan ketgani haqida xabar berilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?