Zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlik kuchaytirilmoqda

14:43 07 Iyul 2022 Siyosat
879 0

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

2022-yil 6-iyul kuni Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.Unda senatorlar, ekspertlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha doimiy komissiyalari raislari, vazirlik va idoralar masʼullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Senatning yigirma sakkizinchi yalpi majlisida muhokama qilinishi rejalashtirilgan masalalar koʻrib chiqildi. Shu bilan birga, majlisda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasida qabul qilingan va Senatga yuborilgan «Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2061-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida»gi Qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanganga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq oʻtkazayotgan yoki ularga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan qonuniy taʼsir koʻrsatish choralari sifatida “himoya orderi” instituti joriy etilgan. Shuningdek, mazkur shaxslar himoya orderining shartlari hamda uni bajarmaslik oqibatlari va zoʻravonlik xulq-atvorini oʻzgartirish boʻyicha tuzatish dasturlaridan oʻtishi zarurligi toʻgʻrisida xabardor qilinadi. Biroq tegishli javobgarlik belgilangan boʻlishiga qaramasdan, tazyiq oʻtkazgan va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʻlgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmasdan xotin-qizlarga nisbatan takroran tazyiq oʻtkazish va zoʻravonlik sodir etish holatlari ortib bormoqda.

Amaldagi qonunchilikka koʻra himoya orderi talablarini bajarmaslik bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʻladi. Yuqorida qayd etilgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida xotin-qizlarga nisbatan tazyiq oʻtkazgan, yoki zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʻlgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik holatlari boʻyicha javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Xususan, qonunchilikka kiritilayotgan oʻzgartishlarga koʻra himoya orderi talablarini bajarmaslik uchun belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdordagi jarima – besh baravaridan oʻn baravarigacha etib belgilanmoqda.

Majlisda ishtirokchilar tomonidan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar, xususan, targʻibot va tushuntirish ishlarini yanada takomillashtirish boʻyicha taklif va tavsiyalar berildi.Muhokama qilingan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер