Ziynat momoning chanqovuzi

11:38 23 Oktyabr 2023 Jamiyat
119 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻtgan asrning oltmishinchi yillari edi. Zomin togʻlari bagʻridagi Qoratosh qishlogʻi qirlarida davra qurgan bolalar orasidagi 10 yoshli qizcha chanqovuz chala boshladi. Kengliklar uzra taralgan chanqovuzning sehrli ovozi bulbullarnida maftun etdi. Qizcha shunchalik berilib, bor mehrini berib chalar ediki, goʻyo bu sado moziydan kelayotgandek qalblarga orom baxsh etardi.

Hozirda Sardoba tumanining Birlashgan mahallasida yashayotgan 73 yoshli Ziynat Baratovaning chanqovuzga oshuftaligi ana shunday boshlangan. Oltmish yildan oshibdiki, chanqovuzni boʻyniga tumordek osib yuradi. Shu moʻjazgina matoh yonida boʻlmasa, oʻzini qimmatbaho narsasini, qadrdonini yoʻqotgandek his qiladi. Ushbu xalqona musiqiy asbobni chalishni unga hech kim oʻrgatmagan. Tengdoshlari bilan qoʻy boqib yurgan bolalik onlarida shunchaki, bilganicha chalib yurgan. Qizigʻi, ijro etgan kuylari chorvasini ham rom etgan. Qachonki, chanqovuz chalsa, uzoqlashgan chorvasi bir zumda roʻparasida paydo boʻlgan.

Ha, chanqovuz ohanglari xayolotni qiru adirlar, dala-dashtlarga yetaklaydi. Yam-yashil kengliklarga yoyilgan qoʻy-qoʻzilar maʼrashi, choʻpon-choʻliqlarning “qur-yey-qur-yey”i, soʻfiturgʻay sayrogʻiyu, yugurik soylar sharqirogʻi –bularning bari ana shu juda oddiy va ajib musiqa asbobidan taraladigan kuylarga koʻchadi. Bor-yoʻgʻi ikki qism, uzunligi 8-10 santimetrlik temir shoha va uning oʻrtasiga oʻrnatilgan poʻlat tilchadan iborat jajji chanqovuz taʼbir joiz boʻlsa, butun bir orkestr ijro etadigan musiqa zavqini beradi.

Ziynat momo chalib yurgan chanqovuzning 50 yillik tarixi bor. Uni oʻtgan asrning yetmishinchi yillarida Sardoba tumaniga gastrol safariga kelgan Qirgʻiziston sanʼatkorlari ushbu musiqa asbobiga boʻlgan qiziqishiga ragʻbat sifatida sovgʻa qilgan. Qizigʻi, Ziynat Baratovaga hech kim ustozlik qilmagan. Chanqovuz chalishni oʻzining qiziqishi, tinmay mashq qilishi tufayli oʻrgangan. ”Juda sodda koʻrinishda boʻlsada, chanqovuz chalishni hamma ham eplayvermaydi”, deydi Ziynat Baratova.

Markaziy Osiyoda, xususan Vatanimizda yaratilish tarixi necha-necha asrlar naridagi milliy musiqa asboblari koʻp. Har birining takrorlanmas ohangi, jozibasi bor. Chanqovuzning ham oʻziga xosligi mavjudki, u azaldan asosan ayollar tomonidan chalib kelinadi va bu jihat boy xalqona musiqa merosimizni yaratishda yurtimiz xotin-qizlarining ham salmoqli hissasi borligidan dalolat.

— Ziynat momo “Bu yil Qashqadaryoda “Chanqovuz va sibizgʻa” xalqaro folklor festivali oʻtkazilganidan xursand boʻldim. Qatnasha olmagan boʻlsamda, yoshlarning chanqovuzni sevib chalayotganini koʻrib, koʻnglim oʻsdi. Momolarimizdan meros qolgan chanqovuzimizning umri boqiy ekaniga shukr qildim”, deydi.

Yetmish uch yoshli Ziynat Baratovaning keyingi yillarda eshitishi susayibdi. Lekin, chanqovuz chalishni toʻxtatgani yoʻq. “Yaxshi eshitmasamda, kuylarimni yurakdan his qilaman”, deydi momo. Qadriyatlarimizni eʼzozlab, umrboqiyligiga hissa qoʻshayotgan shunday onaxonlarimiz bor ekan, chanqovuzning ohangi jonajon yurtimiz kengliklari uzra yangrayveradi.

Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер