JSST: Gripp epidemiyasidan koʻproq keksalar va bolalar aziyat chekmoqda

16:38 07 Dekabr 2022 Dunyo
830 0

Shu kunlarda dunyoning qator davlatlarida mavsumiy epidemiyalar avj olmoqda. Xususan, Yevropa sogʻliqni saqlash tuzilmalari mintaqada keng tarqalayotgan gripp xastaligidan xavotirda. Eng yomoni, bu holat koronavirus pandemiyasining shiddatli toʻlqini bilan birga kechyapti.

Shundan kelib chiqib, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hamda Yevropa sogʻliqni saqlash idoralari vakillari qoʻshma bayonot eʼlon qildi.

“Mintaqamizda gripp virusining “A” va “B” turlari sirkulyatsiyasi allaqachon kuchaygan. Epidemiya asosan keksalar, surunkali xastaliklarga chalingan kishilarda ogʻir asoratlarni keltirib chiqarmoqda. Qolaversa, infeksiya maktab yoshidagi bolalar salomatligiga ham xavf solyapti”, — deyiladi hujjatda.

Qayd etilishicha, Yevropada joriy yilning oktyabr oyidan buyon shifoxonaga yotqizilganlar soni muttasil oʻsib bormoqda. Gripp tashxisi bilan gospitalizatsiya qilinganlarning qariyb yarmi 55 yoshdan oshgan bemorlardir.

Bundan tashqari, “koʻhna qitʼa”dagi 23 davlat kasalxonalarida muolaja olayotganlarning 85 foizida grippning “B” turi aniqlangan.

Tahlillarga koʻra, bu turdagi virusdan toʻrt va undan kichik yoshdagi bolalar koʻproq zarar koʻrishi tibbiy amaliyotda qayd etilgan. Qolaversa, Yevropaning 20 ta davlatida respirator sinsitial viruslarning faollashgani kuzatilmoqda.

“Ehtiyotkorlikni yoʻqotmaslik kerak. Mintaqa boʻylab emlash dasturlarini yanada kuchaytirishimiz zarur” — deyiladi qoʻshma bayonotda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?