Joʻmrakdagi suvni tekin, deb oʻylamang

18:29 06 Fevral 2026 Jamiyat
441 0

Ariqda oqayotgan suvga hech kim pul toʻla demagani uchun uning qadri va qimmati yoʻqdir, ammo obi hayot inson qoʻli bilan bunyod etilgan quvurlar orqali markaziy tarmoqqa ulangan, soʻng isteʼmolchilarga yetkazib berilyaptimi, demak narxiyu soʻrovchisi bor. Baʼzi kishilar koʻrmasa, bilmasa, ishlataveramiz, deb oʻylashadi va markaziy tarmoqqa oʻzboshimchalik bilan ulab oladi. Oqova suvlarni yoʻqotish ham pul ekanligini unutadi. Shu tariqa qonun buziladi va oqibat aybdor jarima toʻlaydi. Chunki ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlar tizimining egasiyu davlat tomonidan tayinlangan nazoratchilari bor. Bu haqda Toshkent viloyat qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi boʻlim boshligʻi Lazizbek Qoʻchqorov quyidagilarni soʻzlab berdi.

—Ming afsuski, qonunbuzarlar oz boʻlsa-da uchrab turibdi. Hatto ayrim kishilar hisoblagichni buzib, tamgʻasini soxtalashtirishga ham ulgurgan. Mutaxassis boʻlmagan odam hisoblagichning ishdan chiqqanini sezmasligi mumkin, ammo xodimlarimizning bu boradagi malakasi juda yuqori. Shu bois oʻtgan qisqa davr ichida ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlaridan foydalanishda jami 55 ta noqonuniy holatlar aniqlandi. Tarmoqqa noqonuniy ulangan 45 ta, hisoblagichlarni oʻzboshimchalik bilan buzgan, tamgʻasini shikastlagan 10 ta holat aniqlandi. Natijada, qonunbuzarlardan qoʻshimcha ravishda 105,5 mln. soʻm pul undiriladigan boʻldi. Bundan tashqari inspeksiyamiz xodimlari tomonidan 28 ta byudjet tashkilotlari oʻrganilganda, 2 ta holatda ichimlik suvi taʼminoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlaridan foydalanish qoidalariga amal qilinmaganligi aniqlanib, qoidabuzarlarga nisbatan 8,2 mln. soʻmlik maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi.

Aslida mana shu asabbuzarlik, ortiqcha jarimalaru qoʻshimcha pul toʻlashlarga hojat yoʻq. Faqat buning uchun qonuni hurmat qilish, uni buzmaslik kerak. Farzandlaru nabiralarga buni uqtirsak kelajakda diyonatli, vatanga sadoqatli insonni tarbiyalagan boʻlamiz. Baʼzan ayrim kishilar buni bilmasdik, deyishadi, ammo qonun talabidan bexabarlik javobgarlikdan ozod qilmaydi. Masalan, yer osti ichimlik suvi quduqlaridan foydalanish borasidagi oʻrganishlar jarayonida 34 ta jiddiy kamchiliklar aniqlandi.Bu safar ham aybdorlarga tegishli chora koʻrilib, kamchiliklar oʻz vaqtida bartaraf etildi.

Bundan tashqari oʻtgan yil yakunida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi orqali tadbirkorlik subyektlarida oʻtkazilgan 4 ta nazorat jarayonida 4 ta qoʻpol kamchiliklar aniqlandi va aybdorlarga OʻzR. MJtKning tegishli moddalari bilan 16,4 mln. soʻmlik maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi.

Yana bir muhim masala. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutaxassislari bilan hamkorlikda ichimlik suvi sifatini ham tahlildan oʻtkazdik. Shu maqsadda markaziy ichimlik tarmogʻidan 88 ta tahlil namunalari olindi va ming afsuski, 12 ta holatda ichimlik suvining belgilangan milliy standart talablariga javob bermasligi aniqlandi. Eʼtibor beryapsizmi, 12 ta holat. Buning ortida oʻnlab minglab, yuz minglab odamlarning salomatligi turibdi. Aslida insonni ming baloga duchor qiladigan, salomatligini yoʻqotadigan narsa sifatsiz suv. Chunki biz uni har kuni, har soatda ichamiz, turli taomlar orqali yutamiz ham. Inspeksiya tomonidan tegishli idoralarga “Koʻzingni kattaroq oching, suvni yaxshilab tozalang, oʻz vazifangizga masʼuliyat bilan qarang,” degan mazmunda ogohlantirish xatlarini joʻnatdik. Aybdorlarga tegishli tartibda choralar koʻrish talabini ham bayon etdik. Albatta bugun xuddi shu nuqsonu yuqorida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ham juda muhim. Ana shu sababli shu yilning oʻzida 11 taMFYlarda va turli ijtimoiy tarmoqlarda tushuntirish ishlarini amalga oshirdik. Nufuzli gazetamizning saytidagi mana shu chiqishimiz ham oʻz samarasini beradi, degan umiddamiz.

Abdunabi Aliqulov,

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер