Jizzaxda Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan yigitga hukm oʻqildi

17:27 04 Avgust 2025 Jamiyat
225 0

Foto: Arxiv surat

Jizzax viloyatida Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi qurolli toʻqnashuvlarda ishtirok etgan fuqaroga sud hukmi chiqarildi. Bu haqda Zafarobod tuman sudining 2025-yil 30-iyul sanasidagi jinoyat ishlari boʻyicha qarorida qayd etilgan.

Maʼlumotlarga koʻra, 24 yoshli K.S. oʻtgan yilning oktyabr oyida mehnat qilish maqsadida Rossiyaga borgan. U Telegram messenjerida oyiga 150 ming rubl maosh vaʼda qilingan oʻrmon kesish ishlari boʻyicha eʼlonni koʻrib, ishlashga rozi boʻlgan.

Kelishuv asosida tibbiy koʻrikdan oʻtib, shartnoma tuzgan. Biroq keyinchalik u Rossiya Qurolli kuchlarida xizmat qilish boʻyicha kontrakt imzolaganini anglab yetgan.

Oʻtgan yilning noyabr oyida u Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi toʻqnashuvlar davom etayotgan Kursk viloyatidagi Bolsheye Soldatskoye qishlogʻida front chizigʻini qoʻriqlashda ishtirok etgan. Agar u xizmatdan voz kechsa, qamoq jazosi bilan qoʻrqitilgan.

Sud hujjatlariga koʻra, joriy yilning yanvar–fevral oylarida u Sudja shahrida boʻlib, jangovar nuqtalarga oziq-ovqat yetkazish bilan shugʻullangan. Buyruqni bajarish paytida sovuqdan aziyat chekib, davolanish uchun yuborilgan.

Sogʻligi tiklanganidan soʻng, uni yana frontga joʻnatish rejalashtirilganini eshitgach, Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga murojaat qilgan. U yashirin tarzda harbiy lagerni tark etib, Moskvaga yoʻl olgan va elchixona orqali qaytish guvohnomasi rasmiylashtirilgandan soʻng Toshkentga qaytgan.

Sud jarayonida u qurolli toʻqnashuvlarda ishtirok etish noqonuniy ekanini bilmaganini, kontraktni aldanib imzolagani va tahdidlar tufayli xizmatni davom ettirganini bildirgan. Shuningdek, imkoniyat tugʻilgan zamon Vatanga qaytish niyatida boʻlganini aytgan. K.S. oʻz aybini tan olgan va suddan yengilroq jazo tayinlashni soʻragan, chunki u oiladagi yagona farzand hisoblanadi.

Sud unga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanma jangchi sifatida qatnashish) boʻyicha ayblov eʼlon qilib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер