Jizzaxda pedagogika universiteti 3,5 milliard soʻmdan ortiq tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani fosh qilindi

17:04 20 Oktyabr 2025 Jamiyat
375 0

Zarbdor tumanida 3,5 milliard soʻmlik tabiiy gazdan, Gʻallaorol tumanida esa 2,2 milliard soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqida Energetika vazirligi xabar berdi.

Unda aytilishicha, Jizzax pedagogika universitetining Zarbdor tumanida joylashgan sirtqi boʻlim binosida tabiiy gazdan foydalanish holati koʻzdan kechirilganda, binoda oʻrnatilgan gaz uskunalarining quvvati gaz hisoblash uskunasining maksimal hisoblash quvvatidan ortiq ekani fosh qilingan.

Ushbu holat boʻyicha dalolatnoma tuzilib, tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilingan va dastlabki xulosalarga koʻra 3 milliard 520 million soʻmlik zarar aniqlangan.

Shuningdek, “Oʻzenergoinspeksiya” Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi va viloyat prokuraturasi hamkorligida oʻtkazilgan nazorat tadbirida Gʻallaorol tumanida “A.U.B.” oilaviy korxonasi tarmoqqa oʻzboshimchalik bilan ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotganligi maʼlum boʻlgan.

Mazkur qoidabuzarlik natijasida, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, elektr taʼminoti korxonasiga 2 milliard 217 million soʻmlik zarar yetkazilganligi aniqlangan.

“Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?