Jizzaxda “Hududgaz” xodimi 6 ming dollar olgan vaqtida ushlandi

19:28 03 Noyabr 2025 Jamiyat
291 0

Foto: DXX

Jizzax viloyatida “Hududgaz” gaz taʼminoti filiali xodimi 6 ming dollar pora olgan vaqtida qoʻlga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Hududgaz Jizzax” GTF yetakchi mutaxassisi Jizzax shahrida faoliyat yurituvchi MCHJda oʻtkazilgan tekshiruvda nosoz gaz hisoblash uskunasidan foydalanilganini aniqlab, bu boʻyicha tegishli dalolatnoma tuzgan.

Biroq u oʻz xizmat mavqeini suiisteʼmol qilib, tuzilgan dalolatnomani bekor qilish hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Jizzax shahar boʻlimi tomonidan olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatmaslik masalasini hal qilib berish evaziga MCHJ vakilidan 6 ming AQSh dollari talab qilgan.

DXX xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, ushbu “yetakchi mutaxassis” soʻralgan pul mablagʻini “Hududgaz Jizzax” GTF binosi oldida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Oʻtkazilgan laboratoriya tekshiruvi natijasiga koʻra, gaz hisoblagich tashqi taʼsir koʻrsatilmagan holda nosoz holatga kelgan.

Maʼlum qilinishicha, hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Shuningdek, dastlabki tergov harakatlari doirasida GTF yetakchi mutaxassisining IJQKD Jizzax shahar boʻlimidagi “tanishi”ning shaxsiga ham aniqlik kiritilib, hozirda unga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер