Jizzax ilk bor belbogʻli kurash boʻyicha jahon chempionatiga mezbonlik qildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Joriy yilning 24 — 27-noyabr kunlari Jizzax shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun 2001-2003-yillarda tugʻilgan oʻsmirlar va qizlar oʻrtasida ilk bor jahon chempionati oʻtkazildi. Dunyo birinchiligining mukofot jamgʻarmasi 56 000 AQSH dollari hamda “Kobalt” va “Spark” avtomobillari boʻldi. Musobaqada Rossiya, Buyuk Britaniya, Polsha, Marokash, Hindiston, Italiya, Latviya kabi oʻttizga yaqin davlatlardan uch yuz nafarga yaqin polvonlar sovrinli oʻrinlar uchun bahs olib bordi.
25-noyabr kuni Jizzax shahridagi “Soʻgʻdiyona” sport majmuasi jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. Marosimda ishtirok etgan mehmonlarga Jahon belbogʻli kurash assotsiatsiyasi, Belbogʻli kurash federatsiyasi hamda Jizzax viloyati hokimligining esdalik sovgʻalari topshirildi. Bundan tashqari, sportni rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasi uchun Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev va Jahon belbogʻli kurash assotsiatsiyasi prezidenti Azizbek Gʻaniyevga Turizm va sport vazirligi taʼsis etgan “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishonlari topshirildi.
Tantanali ochilish marosimida Tokio Olimpiadasida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, oltin medalni qoʻlga kiritgan, “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi Ulugʻbek Rashitov ham ishtirok etdi. Taniqli xonandalarning kuy-qoʻshiqlari koʻngillarga shodlik ulashdi.
Shundan soʻng jahon chempionatiga start berildi. Birinchi kungi bellashuvlarda oʻgʻil bolalar belbogʻli kurash sakkiz, qizlar oltita vazn toifasida gʻoliblik uchun kurashdi. Bellashuvlar yakunida polvonlarimiz 13 ta oltin medalni qoʻlga kiritishdi. Undan keyingi oʻrinlarni Qozogʻiston, Rossiya, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi davlatlarning terma jamoalariga nasib etdi. Musobaqa gʻoliblari oʻn million, ikkinchi oʻrin egalari yetti million, uchinchi oʻrinni olgan polvonlar 5 million soʻm pul mukofotlari berildi.
26-noyabr kuni polvonlar belbogʻli kurashning erkin yoʻnalishida bellashishdi. Murosasiz va shiddatli tus olgan bahslarda bu safar polvonlarimizga oson boʻlmadi. Medallar jamgʻarish boʻyicha Qozogʻiston va Rossiya polvonlari bizga asosiy raqobatchi sanaldi. Yakunda Qozogʻiston terma jamoasi eng koʻp beshta oltin medal bilan faxrli birinchi oʻrinni band etdi. Keyingi oʻrinlarni Rossiya hamda Oʻzbekiston terma jamoasi qoʻlga kiritdi. Bu yoʻnalishda ham gʻolib va sovrindorlar pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Musobaqaning birinchi kungi natijalariga koʻra umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egallagan Oʻzbekiston terma jamoasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini — “Kobalt” avtomobili berildi. Erkin yoʻnalishda umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egallagan Qozogʻiston terma jamoasiga ham Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini — “Spark” avtomobili topshirildi.
Musobaqa doirasida Jizzax shahridagi “Oʻzbekiston” mehmonxonasida jahon chempionati oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Jahon belbogʻli kurash assotsiatsiyasi raisi Azizbek Gʻaniyev assotsiatsiya faoliyati, maqsad va vazifalari xususida jurnalistlarga axborot berdi. Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, belbogʻli kurash boʻyicha terma jamoa bosh murabbiyi Usmon Maxamatov, Jizzax viloyati turizm va sport bosh boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Inomjon Tojiboyev ham ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda blogerlarning jahon chempionatiga oid savollariga batafsil maʼlumot berishdi.
Shuningdek, Osiyo belbogʻli kurash konfederatsiyasining taʼsis yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Mazkur taʼsis yigʻilishida Osiyo belbogʻli kurash konfederatsiyasiga oʻzbekistonlik Moʻmin Murotov rais etib saylandi.
Tantanali tarzda oʻtgan taqdirlash marosimida Jahon belbogʻli kurash assotsiatsiyasi prezidenti Azizbek Gʻaniyev musobaqa gʻolib va sovrindorlarini qoʻl kiritgan yutuqlari bilan tabrikladi. Taqdirlash marosimida Jizzax viloyati hokimi oʻrinbosari Sindor Rahmonqulov, Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, Osiyo belbogʻli kurash konfederatsiyasi raisi Moʻmin Murotov va boshqalar gʻolib sportchilarni qutladi.
Shuningdek, musobaqa ishtirokchilari koʻhna va hamisha navqiron Samarqand shahri, shuningdek, yurtimizning sulim joylaridan sanalgan Zomin togʻlarida boʻldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring