Jenevada BMTning Taraqqiyot huquqi toʻgʻrisidagi konvensiyasi loyihasi muhokama qilinmoqda

17:38 25 Noyabr 2021 Siyosat
276 0

2021-yil 25-noyabr kuni Jenevada BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi Taraqqiyot huquqi boʻyicha hukumatlararo ishchi guruhining 22-sessiyasi oʻz ishini davom ettirdi. 

Sessiya ishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda.

Sessiyaga raislik qilayotgan Elchi Zamir Akromning maʼruzasida taqdim etilgan Taraqqiyot huquqi toʻgʻrisidagi konvensiya loyihasi bandma-band muhokama etilmoqda. 

Taraqqiyot huquqi toʻgʻrisidagi konvensiya loyihasi matni 36 ta moddadan iborat boʻlib, ular 5 ta qismga taqsimlangan.

Birinchi qismda Konvensiyaning maqsadi va vazifalari, unda qoʻllangan atamalar izohi bayon etilgan. Konvensiyani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan umumiy prinsiplar belgilangan.

Ikkinchi qismda taraqqiyot huquqiga taʼrif berilgan boʻlsa, uchinchi qismda majburiyatlar qayd etilgan.  

Toʻrtinchi qism institutsional masalalarga bagʻishlangan va beshinchi qismdan Konvensiyaning yakuniy qoidalari oʻrin olgan.

Keyingi besh yilda Oʻzbekiston Prezidenti inson qadrini har tomonlama joyiga qoʻyish yoʻlida olib borayotgan izchil siyosat bilan xalqaro hamjamiyatning taraqqiyot sohasidagi soʻnggi tendensiyalari oʻrtasidagi uygʻunlik tobora yaqqol koʻzga tashlanmoqda. 

Xususan, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida amalga oshirilgan Harakatlar strategiyasining ustuvor yoʻnalishlari mohiyatan oʻzaro hamohangdir.

Oʻz navbatida, Jenevada qizgʻin muhokama etilayotgan Taraqqiyot huquqi toʻgʻrisidagi konvensiya loyihasi bilan Oʻzbekiston Prezidenti yaqinda eʼlon qilgan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi oʻrtasida ham inson huquqlarini rivojlantirish bilan bogʻliq oʻxshash tamoyillar mavjud. Oʻzbekiston delegatsiyasi ana shu ilgʻor tamoyillarning ahamiyatiga eʼtiborni qaratdi.

BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Taraqqiyot huquqi boʻyicha hukumatlararo ishchi guruhi sessiyasi 26-noyabr kuni oʻz ishini yakunlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?