Nomi boru sharoiti yoʻq sport maskani
Oʻzbek kurashi — bizning qon-qonimizga singib ketgan. Ota-bobolarimiz toʻy yoki sayl oʻtkazsa, polvonlar belbogʻini mahkam bogʻlab kelavergan. Katta-yu kichikning daraxtlar tepasiga chiqib polvonlarning kurashlarini tomosha qilishlari, maydonga qarab “halol!” deb qichqirishlarini hamon zavq bilan eslaymiz.
Toʻraqoʻrgʻonlik Toʻychi polvon Siddiqov ham kuragi yerga tegmagan alplardan edi. U oʻz mahorati bilan nafaqat yurtimizda, qoʻshni Qirgʻiziston, Tojikiston, Qozogʻistonda ham tanilgan. Qaysi maydonga tushmasin, bir sovrinsiz qaytmagan — tuyami, novvosmi, gilammi yo boshqa bir roʻzgʻor ashyosi boʻlsin, albatta, qoʻltiqlab qaytardi. Vaqti-soati kelib, Toʻychi polvonning oʻrnini katta oʻgʻil Soibboy bosdi. U otasi bilan tomoshadan tomoshaga yurib, oʻn ikki yoshidanoq kichik davralarda pishib bordi. Keyinroq shofyorlik qilsa ham, biror musobaqa haqida eshitsa, albatta ulovdami, yayovmi — oʻsha yerga yetib borardi. Otasidan oq fotiha olgach, el tanigan nomdor polvonlar bilan bellashishga daʼvogarlik qila boshladi. Yengdi, yengildi — lekin Soibboy polvon degan nom chiqardi. 1957-yilda Toshkentda oʻtkazilgan festivalda chempion boʻlgani toʻraqoʻrgʻonliklarni cheksiz quvontirdi. Ot oʻrnini toy bosar.
Ikki minginchi yilning boshlarida sportga kirib kelgan Neʼmatulla Toʻychi polvonning nevarasi, Soibboy akaning toʻngʻich farzandi. Uning ukalari, jiyanlari ham sulolaning munosib izdoshiga aylandi. Jiyani Rustam Umarov olti karra jahon chempioni boʻldi. Abdulla Tohirov, Fayzulla Munisjonov, oʻgʻillari Muzaffar va Alisherlar ham nufuzli musobaqalar sovrindori. Sulola vakillari hisobidan 12 ta jahon chempioni chiqqan. Yuzdan ortiq shogirdlarni tarbiyalagan Neʼmatullaning oʻzi “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sport ustozi” unvoni, “El-yurt hurmati” ordeni sohibiga aylandi.
Namanganda sportning ushbu turi haqida gap ketganda, Toʻychi polvon sulolasi hurmat bilan tilga olinadi. Aynan, shu avlod vakillari tufayli “Toʻraqoʻrgʻon kurash maktabi” degan ibora shakllandi. Bu atama ikki xil maʼnoda qoʻllaniladi: birinchisi — Toʻychi ota avlodlaridan chiqqan mashhur polvonlar sulolasi, ikkinchisi esa 1993-yilda tashkil etilgan, Toʻychi polvon nomi berilgan va uzoq yillar faoliyat yuritgan taʼlim muassasasiga nisbatan ishlatiladi. Hozirda bu dargoh tuman sport maktabi nomi bilan faoliyat koʻrsatmoqda.
Bir qarashda Toʻraqoʻrgʻon, umuman Namangan viloyatida belbogʻli kurashni rivojlantirish, uni ommaviylashtirish va nomdor polvonlar vorislarini yetishtirish boʻyicha ishlar davom etayotgandek koʻrinadi. Lekin olib borilayotgan harakatlar kutilgan natijani bermayapti. Viloyatda kurash sportiga boʻlgan eʼtibor biroz susaygandek. Bu shogirdlari kamolidan umidvor fidoyi ustozlarni jiddiy tashvishga solmoqda.
– Birgina Toʻraqoʻrgʻonning oʻzida 5 ta bolalar va oʻsmirlar sport maktabi boʻlib, har birida kurash boʻlimi faol ish yuritardi, – deydi Neʼmatulla Toʻychiyev. – Bugun esa ulardan bittagina maktab qoldi, xolos. Eʼtiborning sustligi shunchalikki, Kosonsoy, Norin, Uchqoʻrgʻondagi ixtisoslashtirilgan maktablarda ham kurash boʻlimlari yopib yuborildi. Bir paytlar viloyat nomi bilan tanilgan belbogʻli kurashga bu qadar eʼtiborsizlik achinarli hol. Sportchilar orzu qilgan belbogʻli kurashni xalqaro va Osiyo oʻyinlari dasturiga kiritish masalasi ham yillar davomida orzuligicha qolib ketmoqda. Bir nafar chempion tayyorlash kamida uch yillik mashaqqatli mehnat ekanini hamma biladi. Ilgari jahon chempioni yetishtirgan murabbiyga ish haqining 50 foizigacha ustama berilardi. Hozir esa bu koʻrsatkich yarmiga, yaʼni 25 foizga tushib ketgan. Osiyo oʻyinlari chempioni tayyorlagan murabbiy ustamasi esa 40 foizdan 20 foizga qisqartirilgan. Bu tarzda davom etsa, ertangi chempionlarimizni tayyorlaydigan murabbiylarni yoʻqotib qoʻyamiz. Kurash qolgan sohalar kabi koʻzboʻyamachilik bilan emas, haqiqiy gʻamxoʻrlik va manzilli qoʻllab-quvvatlashga muhtoj.
Mamlakatimiz kurashchilari yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarida oʻtkazilgan XXIII xalqaro chempionatda qatnashdi. Hamyurtlarimiz unda 9 ta oltin, hammasi boʻlib 30 ta medallarni qoʻlga kiritdilar. Lekin uzoq mamlakatga safar chogʻida sportchilarga koʻrsatilgan eʼtibordan murabbiylarning hafsalasi pir boʻldi. Sport vazirligi unga borgan 40 nafar ishtirokchi xarajatlari uchun bor-yoʻgʻi 14 million soʻm mablagʻ ajratgan. Bu nari borsa, uchtagina sportchi ehtiyojlarini qoplashi mumkin.
Belbogʻli kurash ommaviyligini taʼminlashda qishloqlarda istiqomat qilayotgan yoshlarni jamlash, mahoratlarini sayqallashtirish muhim oʻrin tutadi. Gilamda bel olishishga ishtiyoqmand bolalar esa hamma joyda yetarli. Ularga mashgʻulot uchun sharoit, malakali murabbiy boʻlsa kifoya.
Toʻraqoʻrgʻonning Saroy mahallasida 1999-yilda fidoyi sportchi Ikromjon Yoqubjonov tashabbusi bilan kurash klubi tashkil qilinib, avvaliga 60 nafar ishqibozni bagʻriga olgandi. Koʻp oʻtmay mashgʻulotlar uchun sobiq shirkat xoʻjaligi klubining foydalanilmay yotgan kattagina zali ajratildi. Orada ushbu guruh tuman bolalar sport maktabi tasarrufiga olindi. Oʻtgan vaqtda mingdan ortiq kurashchi, toʻrt nafar jahon chempionati sovrindorlari yetishib chiqdi. Iqtidorlarga doya boʻlgan binoning ahvoli esa hamon abgor. Uni sport maktabi ixtiyoriga oʻtkazish masalasi koʻtarilganiga chorak asr boʻlishiga qaramay, yechimini topgani yoʻq. Zal qishda isitilmaydi, tomidan chakka oʻtadi. Qachonlardir berilgan kurash gilamlari yaroqsiz.
– Yaqinda viloyat sport boshqarmasidan yangi gilamlar ajratilishi maʼlum qilindi, – deydi I. Yoqubjonov. – Lekin qishning izgʻirinli kunlari boshlandi, tomni va umuman binoni taʼmirlamasa boʻlmaydi!
Biz uchun belbogʻli kurash oddiy sport turi emas, balki otamerosdir. Shu bois u milliy sport turlarining eng oldingi qatoriga qoʻyilsa, adolatdan boʻlardi. Uning obroʻ-eʼtibori nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham beqiyos. Xorij davlatlaridagi nufuzli musobaqalarda “chala”, “yonbosh”, “halol” kabi iboralar oʻzbekcha takrorlanishi buning yaqqol isbotidir. Shunday ekan, belida belbogʻi bor yigitlarimiz orzusiga esh boʻlaylik. Zero katta kurashda ishtirok etayotgan har bir polvonimiz ortida millat sharafi turibdi.
Qudratilla NAJMIDDINOV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring