JCH-2026 hal qiluvchi saralash bosqichi: Oʻzbekiston Qirgʻizistonni magʻlub etib, muhim uch ochkoni qoʻlga kiritdi

JCH-2026 hal qiluvchi saralash bosqich 7 turi bahslari doirasida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Qirgʻiziston terma jamoasini qabul qildi.
Mazkur bahsda hamyurtlarimiz 1:0 hisobida gʻalabaga erishdi hamda muhim uch ochkoni qoʻlga kiritdi.
Uchrashuvning 24 daqiqasida Hojiakbar Alijonovga nisbatan ishlatilgan qoʻpollik uchun qirgʻizistonliklar futbolchisi Said Datsiyevga qizil kartochka koʻrsatilib, maydondan chetlatildi va raqiblar darvozasi tomon penalti belgilandi. Ammo jamoamiz sardori Eldor Shomurodov 11 metrlik jarima zarbasini golga aylantira olmadi. Raqib darvozaboni Erjan Tokotayev Shomurodovning zarbasini qaytardi.
Birinchi boʻlim toʻliq hamyurtlarimiz ustunligida oʻtdi. 40-daqiqaga kelib, Fayzullayevning chiroyli uzatmasidan keyin Hojiakbar Alijonov aqlli zarbasi bilan raqib darvozasini ishgʻol qildi. Birinchi boʻlim terma jamoamizning minimal hisobdagi gʻalabasi bilan yakunlandi.
Yigitlarimiz ikkinchi boʻlimning dastlabki daqiqalaridanoq hujumkor oʻyin namoyish etishdi. Shunday hujumlarning birida darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib ketayotgan Jaloliddin Masharipov yiqildi. Hakam bu harakatni simulyatsiya deya baholadi hamda Masharipovga sariq kartochka koʻrsatdi. Futbolchimiz shu tariqa 25-mart kuni safarda boʻlib oʻtadigan Eronga qarshi bahsda terma jamoamizga yordam bera olmaydi.
Futbolchilarimiz oʻyin soʻnggigacha bir qator golli imkoniyatlar yarata olishdi, biroq hakam final hushtagini chalgunga qadar hisob oʻzgarmadi.
Mazkur bahsdan keyin, Oʻzbekiston terma jamoasi 16 ochko bilan 2-oʻrinda bormoqda.
Ushbu oʻyin bilan parallel boshlangan Eron hamda BAA uchrashuvida mezbonlarning qoʻli baland kelmoqda. Onlayn turnir jadvalida eronliklar hisobida 19 ochko bor va turnir jadvalida peshqadamlik qilishmoqda.
3-oʻrinda borayotgan BAA hisobida hozircha 10 ochko mavjud. 25-mart kuni boʻlib oʻtadigan 8-tur doirasidagi bahsda Oʻzbekiston terma jamoasi Eron ustidan gʻalabaga erishsa, muddatdan oldin JCH-2026 yoʻllanmasini qoʻlga kiritishi mumkin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring