Jazo siyosatidagi yengilliklar yangi jinoyatlar uchun yoʻl ochyapti(mi?)
Bugungi kunda sud-huquq islohotlari natijasida jinoyat qonunchiligi normalari yanada liberallashtirilmoqda. Xususan, soʻnggi yillarda javobgarlik va jazodan ozod qilish asoslari soddalashtirildi, ayrim turdagi jinoyatlar boʻyicha sanksiyalar yengillashtirildi va javobgarlikdan ozod etishga qaratilgan ragʻbatlantiruvchi normalar joriy etildi.
Shuningdek, insonparvarlik akti sifatida jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan yengilroq jazo tayinlash, shu jumladan jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish va jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish amaliyoti yanada kengaytirildi. Bu esa, oʻz navbatida, insonparvarlik tamoyilini amalda taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Quyidagi diagrammada soʻnggi yillarda jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish va muddatidan ilgari shartli ozod qilish kabi choralarning qoʻllanilish salmogʻi oshib borayotganligini koʻrishimiz mumkin.
Yuqorida keltirilgan maʼlumotlar, bir qarashda, kishida jazo qoʻllash siyosati yengillashtirilyapti va bu holat inson huquqlarining taʼminlanishiga olib keladi, degan tushunchani yuzaga keltirishi mumkin. Bu qisman toʻgʻri. Biroq, masalaga boshqa rakursdan qaraydigan boʻlsak, jazoning yengillashtirilishi jazodan koʻzlangan maqsadga qay darajada erishilmoqda, degan haqli savolni yuzaga keltiradi. Zero, jinoyat sodir etgan shaxs qilmishidan xulosa chiqarib, uning oqibatlarini tushunib, anglab yetmoqdami?
Xususan, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan va jazo yengilrogʻi bilan almashtirilgan shaxslar tuzalish yoʻliga oʻtmasdan va sodir qilgan jinoyatidan tegishli xulosa chiqarmasdan qayta jinoyat sodir etmoqda.
Masalan, muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 2021-yilda 9 ming 724 tani tashkil qilgan boʻlsa, mazkur koʻrsatkich 2022-yilda 11 ming 635taga yetgan, yaʼni 19,6 foizga oshgan. Shu kabi muqaddam jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 2021-yilda 168 tani tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda 9,5 foizga oshib, 184 tani tashkil etgan.
Demak, sudlar tomonidan shaxslarga qoʻllanilayotgan jazolar shaxslarning axloqan tuzalishi uchun yetarli boʻlmayapti. Buning ustiga, shaxslarning muddatidan ilgari shartli ozod qilinishi holatlari yangi jinoyatlarni sodir etish uchun yoʻl ochyapti. Fikrimizni yanada aniqroq ifodalaydigan boʻlsak, jazo siyosatidagi yengilliklar quyidagicha salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda:
Birinchidan, shaxslarning yetarlicha qayta tarbiyalanmasdan turib, juda erta ozodlikka chiqarilayotganligi bunday shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etish holatlari koʻpayishiga sabab boʻlmoqda. Bunday holatda, albatta, adolatga erishib boʻlmaydi. Chunki sodir etilgan jinoyat uchun adolatli jazo tayinlash odil sudlovning muhim kafolati hisoblanadi.
Ikkinchidan, sudlar tomonidan tayinlangan jazo toʻliq oʻtalmasdan turib shaxslar ozodlikka chiqishi jamiyatda shaxslar ongida “jinoyat sodir qilgandan keyin bir necha yilda chiqib kelish mumkin” degan tushunchani, yaʼni qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligiga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqarmoqda. Bu holat ilgari jinoyat sodir etmagan shaxslarning jinoyat sodir etishi uchun muayyan maʼnoda “motivatsiya” boʻlmoqda.
Shuni qayd etish kerakki, javobgarlikning muqarrarligi va jazolarning yetarli darajada taʼsirchanligi shaxsni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Uchinchidan, jinoyat sodir etgan shaxslarning jazoning bir qismini oʻtaganidan keyin ozodlikka chiqarilishi ushbu jinoyatdan jabr koʻrgan fuqarolar tomonidan Davlatning jazo siyosatiga, shuningdek, mutasaddi organlar va sudga nisbatan eʼtirozlar yuzaga kelishiga hamda qonunlarga va adolatga nisbatan odamlarning ishonchi yoʻqolishiga sabab boʻlmoqda.
Endilikda haqli savol tugʻiladi: bu muammolarga barham berish uchun nima qilish lozim?
Rivojlangan xorijiy mamlakatlar bunday muammolarga oʻziga xos yechimni ishlab chiqishgan. Xususan, aksariyat Yevropa davlatlarida jazodan shartli ravishda ozod qilishda mahkum tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning ogʻirlik darajasidan qatʼi nazar, tayinlangan jazo muddatining maʼlum bir qismi oʻtalganidan soʻng shaxs shartli ozod qilinadi. Bunday muddat Germaniya va Daniyada uchdan ikki qismni, Ispaniyada toʻrtdan uch qismni tashkil etadi.
Taqqoslash uchun, Ispaniyada 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanilgan shaxs jazoning 7,5 yilini oʻtaganidan keyin ozodlikka chiqarilishi mumkin. Oʻzbekistonda esa bu muddat 5 yilni tashkil etadi.
Shuningdek, Xitoy, Argentina va Vengriya davlatlarida retsidivistlarga, Xitoyda oʻn yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan mahkumlarga, AQSH va Litvada esa umrbod qamoq jazosi tayinlangan shaxslarga nisbatan shartli ozod qilish qoʻllanilmaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring