Janubiy Ural davlat universiteti bilan qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyiladi

19:45 03 Avgust 2022 Madaniyat
513 0

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari K.Karimov hamda Janubiy Ural davlat universiteti rektori A.Vagner oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda tomonlar Oʻzbekiston va Rossiya oliy taʼlim muassaalari oʻrtasida olib borilayotgan hamkorlik aloqalari koʻlamini yuqori baholagan holda, respublikamizning bir qator OTM va mazkur universitet bilan aloqalarni kengaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Maʼlumot uchun: Janubiy Ural davlat universiteti – Rossiya Federatsiyasining Chelyabinsk viloyatida faoliyat yuritayotgan 16 ta OTM orasidagi eng yirik taʼlim muassasasi, shuningdk, u koʻp madaniyatli va koʻp millatli SMART-Universitet hisoblanadi. Universitet 1943-yilda tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda dunyoning 50 dan ortiq davlatidan 30 mingdan oshiq talaba taʼlim olmoqda. 

 “Oʻzbekiston va Rossiya rektorlari konferensiyasi, Taʼlim forumi kabi yirik tadbirlar ikki mamlakat oliy taʼlimi vakillari oʻrtasida oʻzaro muloqot uchun samarali platforma boʻlib xizmat qilmoqda. Janubiy Ural davlat universitetini ham ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga taklif qilamiz”, — dedi vazirning birinchi oʻrinbosari K. Karimov.

2018-yilda boʻlib oʻtgan birinchi Oʻzbekiston va Rossiya rektorlari konferensiyasidagi ishtirokini mamnuniyat bilan eslar ekan, rektor A. Vagner respublikamiz OTM bilan hamkorlik uchun qator manfaatli yoʻnalishlarni sanab oʻtdi. Shu bilan birga, rektor oʻzi rahbarlik qilayotgan OTM tomonidan tashkil etiladigan xalqaro “Zvezda” fanlar olimpiadasida respublikamiz akademik litsey oʻquvchilarini qatnashishga taklif etdi.

Shuningdek, uchrashuvda Janubiy Ural davlat universiteti va Toshkent davlat texnika universiteti oʻrtasida qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish, TDTU talabalarining ushbu xorijiy OTM magistraturasida tahsil olishi uchun grant oʻrinlarini ajratish, ilmiy kengashlarda dissertatsiyalar himoyasi va ikki OTM ilmiy jurnallarida maqolalar chop etish kabi yoʻnalishlarda ishlarni yanada jadallashtirishga kelishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?