Jamiyatdagi mehrli muhit koʻngli oʻksik bolalar hayotini izga soldi

12:42 30 Aprel 2025 Jamiyat
114 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Farzand tarbiyasida talabchan, oʻz navbatida, mehribon va bagʻrikeng oʻzbekning bolaparvarligiga tarix guvoh. Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimiz ota-onasiz yetim qolgan, bir ogʻiz shirin soʻz va mehrga zor minglab bolalarni bagʻriga olgan, ularni oʻz farzandidek kamolga yetkazgan.

Yangi Oʻzbekistonda xalqparvarlik, bagʻrikenglik va hamjihatlik siyosati epkinida xalqimizning bolajon feʼli yana joʻsh urmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning nogironligi boʻlgan, ota-ona qaramogʻidan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini tatbiq etish boʻyicha tashabbusi oilaviy Mehribonlik uylari faoliyatiga katta turtki berdi.

Angor tumanidagi Yangiturmush mahallasida istiqomat qiluvchi Hoshimovlar oilasi tomonidan tashkil etilgan oilaviy bolalar uyi 5 nafar oʻgʻil va 5 nafar qiz farzandni bagʻriga olgan. Bugun oila bagʻrida voyaga yetayotgan oʻgʻil-qizlar har tomonlama barkamol boʻlib ulgʻayishmoqda.

Kuni kecha Ijtimoiy himoya milliy agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi Muhiddin Tagʻoyev Hoshimovlar xonadonida boʻlib, bolajonlarning yashash sharoiti bilan tanishdi.

— Ota-ona mehridan mosuvo, yetim bolalarning boshini silash, ularga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratish ezgu anʼana tusini oldi, — deydi M. Tagʻoyev. — Ilgari ota-ona qaramogʻidan mahrum bolalarni ijtimoiy himoya qilyapmiz, deb amalda hech ifodasini koʻrmay yurgan ekanmiz. Hoshimovlar oilasidagi muhit misolida bugun oilaviy Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolajonlarni koʻrib, ularning hech birini ota-ona mehridan mahrum, yetim deyishga til bormaydi. Chunki haqiqiy oʻz oilasida yashayotgandek, emin-erkin, bolalarcha erkalig-u injiqliklar, orzu-havas va ulkan maqsadlar bilan ulgʻayishmoqda. Zero, bu qutlugʻ zaminda hech kim mehr va eʼtibordan chetda qolmaydi.

Oilada ulgʻayayotgan bolalarning har biri oʻziga xos qiziqish va isteʼdod sohiblari. Tutingan ota-ona esa oʻgʻil-qizlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berishga intilmoqda. Bundan tashqari, oilada oʻgʻil bolalar otaga koʻmakchi, qizlar esa onaning yordamchilari. Bu esa, oʻgʻil-qizlarning roʻzgʻor tutumini oʻrganish borasidagi hayotiy tajribasini oshirmoqda.

— Men bularni oʻz farzandlarim, deb qabul qilganman, — deydi Zamira Normurodova. — Farzand, ayniqsa, qiz bola tarbiyasida ona qanday mehr va eʼtiborli, joyi kelganida qattiqqoʻl boʻlsa, men ham shunday munosabatdaman. Qizlarimga roʻzgʻor tutishdan tortib, odob-axloqqacha oʻrgatishdan hech ham charchamayman. Ularning qiziqishi, isteʼdodi ham men uchun juda muhim. Farzandlarimning biri fan, boshqasi sport toʻgaraklariga muntazam qatnaydi. Hunar oʻrganishga layoqatlilari ham bor. Ushbu masʼuliyatli vazifa oilamizga ishonib topshirilgan ekan, ertaga farzandlarimning har biri elimiz koriga yaraydigan barkamol insonlar boʻlib voyaga yetishi yoʻlida oʻz mehnatimizni ayamaymiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?