Jahonning eng mashhur astrofizik olimi SamDUda
Foto: SamDU Axborot xizmati
Samarqand davlat universiteti (SamDU)da Yangi Oʻzbekiston universiteti bilan hamkorlikda italiyalik olim, hisoblash fizikasining dunyoga mashhur arbobi, koinotning sirli oynasi — qora tuynuklarning ilk tasvirlari muallifi, Germaniyaning Gyote universiteti nazariy fizika kafedrasi mudiri Lusiano Rezzollaning ochiq maʼruzasi tashkil etildi. Universiteti axborot xizmati xabariga koʻra, tadbirda olim qora tuynukning birinchi surati boʻyicha oʻz izlanishlarini taqdimot qildi.
— Oʻzbekistonga kelganimdan xursandman. Ayniqsa, buyuk olim Mirzo Ulugʻbekning yurtida ekanligim menga faxr-iftixor bagʻishlaydi, — deydi professor Lusiano Rezzolla. — Bugun Samarqand davlat universitetida qora tuynuklar boʻyicha maʼruza qildim. Taqdimotim yigʻilganlarda katta qiziqish uygʻotdi. Ularning savollariga javob berdim. SamDU olimlarining qora tuynuklar boʻyicha qilgan tadqiqotlari men uchun ham qiziq. Bir qator oʻzbekistonlik tadqiqotchilar bilan ishlaganman. Ular menda yaxshi taassurot qoldirgan. Agar menda yana oʻzbekistonlik talaba va tadqiqotchilar bilan ishlash imkoni boʻlsa, albatta foydalanaman. Oʻzbekistonda doimiy maʼruzalar oʻtishni rejalashtirmoqchiman.
— Yulduzlar odamzodga oʻxshab tugʻiladi, yashaydi, soʻnadi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, akademik Bobomurod Ahmedov. — Mabodo juda ogʻir yulduz boʻlsa oxirgi evolyutsiya natijasida qora tuynukka aylanadi. Qora tuynuk astronom olimlarning diqqat markazida boʻlib, u haqidagi ilk natija 1916-yilda olingan. 2017-yilda ilk bor maxsus radioteleskop orqali qora tuynuklar suratga olindi. Natijalar 2-yil davomida tahlil qilinib, oʻta massiv qora tuynukning ilk surati eʼlon qilindi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay koinotda “Oʻq otar” yulduzchaning ham surati olindi. Ikkita obyektni ham suratga olishda professor Lusiano Rezzollaning xizmatlari juda katta. Ushbu ilmiy tadqiqotlar natijasida Yevropadagi eng katta ilmiy grant qoʻlga kiritildi. Mazkur grantda uchta yetakchi guruh ishlamoqda. Lusiano Rezzollaning Oʻzbekistonga, Samarqandga kelishi bu tarixiy voqea. Shuni yana alohida taʼkidlash lozimki, astrofizik olim soʻnggi 30-yil ichida bir qator oʻzbekistonlik tadqiqotchilar bilan ishlab kelmoqda. Shulardan biri, Samarqand davlat universiteti bitiruvchisi Farrux Fattoyev. U ayni vaqtda AQSHning Manxetten universiteti professori. Bu kabi maʼruzalarning tashkil etilishi astronomiya va fizika sohasidagi olimlar uchun muhim.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring