Jahon intellektual mulk tashkiloti Bosh direktori: “Oʻzbekiston innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlayotgani tahsinga sazovordir!”

Joriy yilning 9-sentyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Jahon intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorlikda xalqaro onlayn konferensiya oʻtkazildi. Konferensiyani Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Jahon intellektual mulk tashkiloti Bosh direktori Fransis Gyuri ochib berdi.
Joriy yilning 2-sentyabr kuni Butunjahon Intellektual Mulk Tashkiloti va Kornel Universiteti tomonidan Global innovatsion indeks reytingining navbatdagi “Innovatsiyani kim moliyalashtiradi?” mavzusidagi 13-soni eʼlon qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi soʻnggi marotaba 2015-yil ushbu xalqaro reytingda 140 dan ortiq davlatlar ichida 122 oʻrinni egallagan edi . 2020-yilda esa Oʻzbekiston 131 dan ortiq dunyo mamlakatlari ichida 93 oʻrinni egallab, 29 pogʻonaga yuqoriladi.
“2020-yilda olib borilgan GII tadqiqotlari global pandemiya sharoitlarida jahon boʻyicha innovatsiyalarga ajratilgan moliyaviy mablagʻlarning keskin kamayib ketayotganligini koʻrsatdi. Biroq Oʻzbekistonda pandemiya davrida ilm-fanni davlatimiz tomonidan moliyalashtirish toʻxtamadi. aksincha, ilmiy faoliyatda 4 ta (matematika, biologiya, kimyo va geologiya) asosiy yoʻnalishlarga ustuvorlik berilib, sohalarda innovatsiyalar yaratishga va raqamlashtirishga qoʻshimcha mablagʻlar ajratilgani, ilmiy-tadqiqot institutlarining tegishli tarmoqlar bilan hamkorligi taʼminlanganini eʼtirof etish zarur”, dedi Abdurahmonov.
Jahon intellektual mulk tashkiloti Bosh direktori Fransis Gyuri Oʻzbekistonning iqtisodiy rivojlanishida innovatsiyalarni asosiy yoʻnalish sifatida qoʻllab-quvvatlab borayotgani uchun Oʻzbekiston Respublikasi hukumatiga, jumladan Innovatsion rivojlanish vazirligiga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.
“Biz Oʻzbekistonning 5 yillik sukutdan soʻng yana qayta Global innovatsion indeksda aks etganidan juda xursandmiz. Soʻnggi yillarda GII guruhi bilan hamkorlikda mamlakatingiz maʼlumotlarning ochiqligini taʼminlash hamda innovatsion faoliyatni baholash mezonlarini yaxshilash boʻyicha katta ishlarni amalga oshirdi. Bu harakatlar oʻz natijasini berib, Oʻzbekiston bugun, 2020-yili 93-oʻrinni egalladi. 2015-yilgi 122-oʻringa nisbatan buni juda katta oʻsish deyish mumkin. Bundan tashqari, yurtingiz Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari ichida 4-oʻrinni egallab turibdi. Oʻzbekistonda “Bozorning rivojlanganligi”, “Infratuzilmasi va Taʼlim”, “Oliy taʼlimning raqobatbardoshligi” koʻrsatkichlari yuqoriligi tahsinga loyiqdir. Mamlakatingiz, shuningdek “Ilm-fan va muhandislik sohalari boʻyicha bitiruvchilar”, “Biznesni tashkil etishning osonligi” va “Kapital investitsiyalar” koʻrsatkichlari boʻyicha yuqori 10 ta davlatlar qatoriga kiradi va bu kelajakdagi ilm-fan uchun katta ahamiyatga egadir”, dedi Jahon intellektual mulk tashkiloti Bosh direktori Fransis Gyuri.
2020-yilgi GII tahlillari pandemiya davrida innovatsiyalar boʻyicha xalqaro hamkorliklar darajasi kengayib, qator sohalarda, masalan, sogʻliqni saqlash, telekommunikatsiya, taʼlim va harakatchanlikni taʼminlashda innovatsiyalarning yaratilishi va joriy qilinishi tezlashganini koʻrsatdi.
Global innovatsion indeks dunyo davlatlarida amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasini aks ettiruvchi xolis manba hisoblanadi. U har bir mamlakatning innovatsion rivojlanishdagi imkoniyatlar va amalga oshirgan ishlari oʻlchovi, mamlakatning innovatsion faoliyat borasidagi kuchli va kuchsiz tomonlarining qiyosiy bahosini aks ettiradi.
Mazkur reyting shuningdek, investorlar uchun qulay yoʻriqnoma hamdir. Potensial investorlar mazkur koʻrsatkichlardan kelib chiqib u yo yoki bu mamlakatga moliya kiritish yoki kiritmaslik haqidagi qarorlar qabul qiladilar. Bunda ilmiy tadqiqotlarning rivojlanganligi, ishlab chiqarishga jalb qilinishi mumkin boʻlgan mahalliy ishchilarning malakasi, ilmiy hajmdor mahsulotlarni ishlab chiqarish imkoniyatlari hamda mavjud innovatsion infratuzilma muhim ahamiyat kasb etadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring