Jahon banki Oʻzbekistonga 800 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratdi

Jahon banki direktorlar kengashi Oʻzbekistondagi islohotlar dasturini qoʻllab-quvvatlash uchun 800 million dollarlik imtiyozli kreditlar koʻrinishidagi moliyaviy paketni tasdiqladi. Bu haqda Jahon banki matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, islohotlar dasturi mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, qishloq xoʻjaligi, temir yoʻl va energetika sektorlarida samaradorlikni oshirish, davlat moliyasini boshqarishni takomillashtirish, ijtimoiy himoya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, mamlakatni atrof-muhit va iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq xatarlarga tayyorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni oʻz ichiga oladi.
Mablagʻlar hukumatga xalqaro moliya bozorlarida mavjud boʻlgan qarz olish imkoniyatlariga nisbatan pastroq foiz stavkalarida va kreditni qoplash uchun uzoqroq muddatlar bilan taqdim etiladi.
“Bu Oʻzbekistonga dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga yoʻnaltirilishi mumkin boʻlgan katta miqdordagi moliyaviy resurslarni tejashga yordam beradi”, deyiladi bayonotda.
Islohotlar quyidagi sohalarda aniq natijalarga erishishni koʻzlaydi:
- Ijtimoiy himoya tizimi: Fuqarolarning muayyan toifalari uchun ishsizlik, kasallik va onalik nafaqalari qamrovini kengaytirish;
- Gender zoʻravonlikka qarshi kurash: Maishiy va jinsiy zoʻravonlik qurbonlarining huquqlarini yanada samarali himoya qilish uchun huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish;
- Fermerlarning qishloq xoʻjaligi yerlariga egalik qilish va ulardan foydalanish huquqlarini taʼminlash: Ushbu huquqlarga rioya etilishini kafolatlovchi mexanizmlarni rivojlantirish. Ularning qonunchilikda mustahkamlanishi fermerlarni xoʻjalik yuritishning yanada samaraliroq usullariga sarmoya kiritishga ragʻbatlantiradi. Bu, oʻz navbatida, qishloq xoʻjaligi yerlarining hosildorligi va iqlim oʻzgarishlariga chidamliligini oshiradi;
- Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash: Investorlarning huquq va manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilishni kafolatlaydigan qonun hujjatlarini ishlab chiqish. Shuningdek, bu investorlar uchun xizmatlar sifatini yaxshilashga yordam beradi hamda katta hajmdagi xorijiy va ichki investitsiyalarni jalb qilish uchun sharoit yaratadi;
- Davlat moliyalarini boshqarish: Fiskal risklar boʻyicha hisobot mexanizmlarini ishlab chiqish va davlat xaridlarini boshqarishni takomillashtirish. Ushbu chora-tadbirlar byudjet mablagʻlaridan foydalanishning shaffofligini va samaradorligini oshiradi;
- Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish: Iqlim oʻzgarishiga hissa qoʻshadigan atmosferaga chiqindilar chiqarishni qisqartirishni ragʻbatlantiruvchi qonunchilikni ishlab chiqish. Ushbu qonunchilik, shuningdek, iqtisodiyotning eng koʻp energiya sarflaydigan tarmoqlarida energiya samaradorligini ragʻbatlantirishga ham qaratilgan;
- Suv resurslarini boshqarish: Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda suv yetkazib beruvchilar va suvdan foydalanuvchilarning masʼuliyatini kuchaytirish uchun institutsional va huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqish. Ushbu choratadbirlar, shuningdek, sohaga davlat investitsiyalarini jalb qilish va qoʻshni davlatlar bilan muvofiqlashtirilgan holda transchegaraviy suv resurslarini boshqarishni yaxshilash imkonini ham beradi;
- Atrof-muhit va iqlimga taʼsirni baholash: Iqlim oʻzgarishi, ekologik omillar va havoning ifloslanishi iqtisodiyotning turli tarmoqlariga, shuningdek, odamlarning sogʻligʻi va farovonligiga taʼsirini baholash boʻyicha hokimiyat salohiyatini rivojlantirish. Bu, shuningdek, atrof-muhitni, shu jumladan atmosfera havosi, tuproq, yer usti va yer osti suvlari, oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish sohasidagi salohiyatni rivojlantirishni ham nazarda tutadi;
- Iqlim oʻzgarishiga chidamlilikni oshirishga investitsiyalar: Xususiy investorlar tomonidan amalga oshirilayotgan ekologik jihatdan toza loyihalarda davlat investitsiyalarining ulushini oshirish. Ushbu yondashuv mamlakatga tugab borayotgan tabiiy resurslardan yanada samarali foydalanish va “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni tezlashtirish imkonini beradi;
- Temiryoʻl sektori: Temir yoʻl sektorining samaradorligi va daromadliligini oshirish, temir yoʻl infratuzilmasini modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb qilish va ushbu sektorda atmosferaga chiqadigan chiqindilarni qisqartirish uchun huquqiy bazani yaxshilash;
- Energetika sektori: Sektor faoliyati samaradorligini oshirish va uni modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida energiya tariflari tizimini isloh qilish. Aholining zaif qatlamlarini tariflar oshishi oqibatlaridan himoya qilishga qaratilgan ijtimoiy chora-tadbirlarni amalga oshirish. Qayta tiklanuvchi manbalardan energiya ishlab chiqarishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish uchun huquqiy va institutsional bazani takomillashtirish.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring