Zelenskiy Ukrainada prezidentlik saylovlarini oʻtkazish shartlarini maʼlum qildi

09:59 10 Dekabr 2025 Dunyo
179 0

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy davlat rahbari lavozimiga boʻladigan saylovlarda ishtirok etishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda RBK-Ukraina xabar berdi.

Zelenskiy Ukraina hukumati “kresloga yopishib olgan” degan daʼvolarni nooʻrin deb atadi va urushning tugamayotganini bunga bogʻlash mutlaqo notoʻgʻri ekanini taʼkidladi. Uning aytishicha, saylovlar faqat fuqarolar uchun xavfsizlik kafolatlari taʼminlangandagina oʻtkazilishi mumkin.

“Saylovlarni oʻtkazish uchun ikki muhim masala bor: birinchisi — xavfsizlik, raketa hujumlari ostida buni qanday amalga oshirish masalasi. Ikkinchisi esa — saylovlarni oʻtkazishning qonuniy asosini taʼminlaydigan normativ-huquqiy baza”, — dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti AQSHni va Yevropadagi hamkorlarni ovoz berish jarayoni uchun zarur sharoitlarni yaratishga koʻmaklashishga chaqirdi.

“Men saylovga tayyorman. Hatto koʻproq — AQSHdan, imkon boʻlsa Yevropa Ittifoqidagi hamkorlar bilan birga, saylovlarni oʻtkazish uchun xavfsizlikni taʼminlab berishni soʻrayman. Shunda 60–90 kun ichida Ukraina saylovlarga tayyor boʻladi”, — dedi u.

Zelenskiy, shuningdek, parlament deputatlarini harbiy holat sharoitida saylovlarni oʻtkazish tartibiga oid qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlashga chaqirdi. U tegishli tashabbuslar yaqin kunlarda tayyor boʻlishini kutayotganini aytdi.

“Ertaga men Ukrainada boʻlaman. Hamkorlardan va deputatlardan takliflarni kutaman va saylovga chiqishga tayyorman”, — deya qoʻshimcha qildi Zelenskiy.

Bundan avval AQSH prezidenti Donald Tramp Ukrainada prezidentlik saylovlarini oʻtkazish lozimligini aytgan edi.

“Menimcha, vaqt keldi. Bu saylovlarni oʻtkazish uchun nihoyatda muhim palladir. Ular urushni saylov oʻtkazmaslik uchun bahona qilmoqda, ammo ukrain xalqi oʻz tanloviga ega boʻlishi kerak. Balki Zelenskiy gʻolib boʻlar”, — degan edi Tramp Politico nashriga bergan intervyusida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?