Zargarlar ayrim soliqlardan ozod qilinishi mumkin

12:40 12 Dekabr 2024 Jamiyat
434 0

Parlament deputatlari zargarlik sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi oʻqishda konseptual jihatdan koʻrib chiqib, qabul qildi.

Ushbu qonun loyihasi zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilarning qimmatbaho metallarga boʻlgan talabini qondirish, ularning rivoji uchun qulay biznes muhitini yaratish va qonunchilikda mavjud boʻlgan byurokratik toʻsiqlarni liberallashtirishga qaratilgan.

Loyiha bilan 2027-yil 1-sentyabrga qadar “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasiga aʼzo boʻlgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarni mol-mulk va yer soligʻidan ozod etish belgilanmoqda.

Affinaj korxonalariga qimmatbaho metallarni zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilariga qulay shakl va miqdorda sotish, qimmatbaho metallardan suvenir tangalar tayyorlash hamda realizatsiya qilish huquqini berish nazarda tutilmoqda.

Zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga ham oʻz navbatida oʻzlari yasagan zargarlik buyumlarining xomaki mahsulotlarini boshqa ishlab chiqaruvchilarga realizatsiya qilish mumkin boʻladi.

Yuridik va jismoniy shaxslardan qimmatbaho metallarni va zargarlik buyumlarini sotib olish faoliyati vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshirishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan xorijda ishlab chiqarilgan qimmatbaho metallardan va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik va boshqa buyumlarni bojxona toʻlovlari toʻlanganini tasdiqlovchi hujjatlarsiz sotuvga qoʻyish hamda chakana savdoda realizatsiya qilish taqiqlanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?