Zarafshonda yangi maktab foydalanishga topshirildi

18:27 24 Mart 2025 Jamiyat
179 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Shaharning “Yulduz” mahallasida oʻz eshiklarini ochgan mazkur ilm dargohi investitsiya dasturi asosida qurildi. 990 oʻquvchi oʻrniga ega bu maktabda bunyodkorlik ishlari davlatimiz rahbarining oʻtgan yil kuzida Navoiy viloyatiga tashrifi doirasida Navoiy shahridagi 22-umumtaʼlim maktabida belgilagan vazifalariga muvofiq amalga oshirildi. Yaʼni endilikda maktab taʼlimi moddiy-texnik bazasi ixtisoslashtirilgan maktablar darajasida taʼminlanib, umumtaʼlim muassasalarining binolari nainki tashqi koʻrinishi, balki ichki meʼmoriy va muhandislik yechimlari ham xalqaro andozalarga mos ravishda bunyod etiladi.

— Maktabimiz yangi standart talablariga koʻra zamonaviy dizaynga ega mebel, soʻnggi avlod oʻquv texnik vositalari bilan taʼminlandi, — deydi maktab direktori Dilrabo Jumanazarova. — Shuningdek, barcha auditoriyalar, laboratoriya va sinf xonalari, kompyuter va chet tili kabinetlari, sport zal va oshxonalarda Navoiy shahridagi 22-maktabning sharoitlari yaratilgan. Tabiiyki, bu shart-sharoitlar darslarni ixtisoslashtirilgan maktablar dasturi asosida olib borish imkonini yaratdi.

Taʼkidlash joiz, 13 milliard 560 million soʻm evaziga bunyod etilgan ushbu maktab Zarafshon shahrining yangi massivida oʻz eshiklarini ochdi. Shu bilan mazkur massiv yoshlarining qoʻshni mahallaga qatnoviga barham berdi. Uni qurib foydalanishga topshirgan “SAMOIDDIN EGAMBERDI IFTIXORI” va “NAVOIYIMPULSE” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari tashabbusi bilan konchilar shahrida ilk bor xususiy maktab barpo etilmoqda. Singapur davlati taʼlim tizimi asosida tashkil etiladigan ushbu taʼlim muassasasida nogiron bolalar manfaatlari ham toʻliq inobatga olinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер