Zamonaviy huquqiy tendensiyalar muhokamasi uchun ochiq platforma

Poytaxtimizda yigirmadan ortiq xorijiy mamlakatlar ekspertlari, huquqshunoslari hamda mahalliy ishtirokchilarni bir davraga jamlagan “Tashkent Law Spring” uchinchi xalqaro yuridik forumi boʻlib oʻtmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan BMT, “Regional Dialogue” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti va boshqa hamkorlar ishtirokida tashkil etilgan ushbu forumning asosiy mavzusi “Fundamental huquqlar — abadiy qadriyatlar” deb nomlandi.
Huquq sohasidagi zamonaviy ilm-fan yutuqlarini Oʻzbekistonda va jahonda ommalashtirishga koʻmaklashish maqsadida tashkil etilgan mazkur anjuman xalqaro, xorijiy va mahalliy ekspertlar tomonidan fundamental huquqlar prizmasi orqali zamonaviy huquqiy tendensiyalarni muhokama qilish uchun ochiq platforma vazifasini bajardi, desak, ayni haqiqat.
Bu galgi forumda Armaniston, Belarus, Buyuk Britaniya, Germaniya, Gruziya, Ozarbayjon, Rossiya, Ruminiya, Saudiya Arabistoni, Singapur, Sloveniya, Turkiya, Yaponiya kabi davlatlardan qatnashayotgan ekspertlar oʻz maʼruzalari bilan faol qatnashib, sohada oʻzaro tajriba almashish borasida fikr-mulohazalarini ham bildirmoqda.
Xususan, ishtirokchilar “Nizolarni muqobil hal etish: mediatsiyadan arbitrajgacha”, “Sifatli norma ijodkorligi orqali qonun ustuvorligi qadar”, “Yuridik sohada raqamli texnologiyalar”, “Davlat xizmatlari: muvaffaqiyatlar, vazifalar va istiqbollar”, “Korrupsiyaga qarshi siyosat” kabi mavzular yuzasidan fikr almashdi.
Ikki kun davom etadigan ushbu anjuman davomida davra suhbatlari, mahorat darslari oʻtkazilib, xalqaro va milliy ekspertlar taqdimotlarda ishtirok etishyapti. Qolaversa, 16 ta muhokama sessiyasida 132 ta maʼruza rejalashtirilgan. Anjumanning 600 dan ortiq ishtirokchisi zamonamizning dolzarb huquqiy masalalarini muhokama qilishi va ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda, ularni maqbul hal etish yuzasidan fikr almashish imkoniyatga ega boʻlayotir.
Xorijiy hamkorlar bilan xalqaro huquqiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash uchun oʻziga xos imkoniyat yaratib berayotgan mazkur tadbirda chet ellik ekspertlar Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar haqida xolis maʼlumot olish imkoniyatiga ham ega boʻlmoqda.
Soʻz — forum ishtirokchilariga
Petra GORYUP,
“Mintaqaviy Muloqot” nodavlat notijorat tashkilotining (Sloveniya) Oʻzbekistondagi filiali rahbari:
— “Tashkent Law Spring” xalqaro yuridik forumini tashkil etishda Oʻzbekiston Adliya vazirligi bilan bevosita hamkorlik qilib kelyapmiz. Mazkur forumda xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlar uchun shart-sharoitlar yaratishga bagʻishlangan sessiyada maʼruzachi sifatida ishtirok etyapman.
Forum sohada oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim platforma hisoblanadi. Yaʼni chet ellik ekspertlar, mutaxassislar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda huquqning dolzarb mavzularini muhokama qilyapmiz, sohaga oid muammolarga yechim topishga harakat qilyapmiz. Bu esa, albatta, oʻz samarasini beradi.
Dmitriy KAYSIN,
“RGD International Central Asia” kompaniyasi hamkori, xalqaro ekspert:
— Yuridik muammolar barcha davlatlarda kuzatilishi mumkin. Bu tabiiy hol. Mazkur forumni oʻtkazishdan asosiy maqsad huquq sohasidagi dolzarb mavzular, huquq ustuvorligini taʼminlash, huquq sohasiga raqamlashtirish jarayonini kiritish va qator intellektual mulk sohasi bilan bogʻliq masalalarni hal etishdan iborat. Ushbu maqsadlarga erishilyapti, desam, mubolagʻa boʻlmaydi.
Qolaversa, forum orqali sohadagi muammolarga yechim izlandi. Shuningdek, anjuman soʻnggi yillardagi islohotlarni nazariy va amaliy jihatdan muhokama qilish imkonini ham yaratib bermoqda.
Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlardan asosiylaridan biri, bu — yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilingani hamda unda har bir oʻzgarishga aynan fundamental huquqlar oʻz asosini topganligidir.
Manzura MATRASULOVA,
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti
Media va kommunikatsiya fakulteti 1-bosqich talabasi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Toshkentda “Iqtisodiyot va biznes boshqaruvi sohalarida ilgʻor tadqiqotlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy simpozium oʻtkazildi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring