Zayniddin Nizamxodjayev: Oʻzbekiston saylov qonunchiligidagi yangi amaliyot

21:31 19 Avgust 2024 Siyosat
218 0

Saylovlar har bir davlatning demokratiya yoʻlidagi eng muhim mezonlaridan biridir. U orqali fuqarolar siyosiy irodasini ifoda etadi, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishga taʼsir koʻrsatib, boshqaruvda ishtirok etish imkoniga ega boʻladi.

Maʼlumki, Oʻzbekistonda bunday muhim siyosiy jarayonning navbatdagisi joriy yilning 27-oktyabr kuni boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari sayloviga tayyorgarlik ayni paytda qizgʻin pallaga kirgan.

Xoʻsh, bu galgi saylovlardan nimalar kutilyapti? Yangi saylov tizimidagi yangiliklar nimalardan iborat? Umuman, bu siyosiy jarayon milliy qonunchiligimiz va xalqaro talablarga qanchalik mos keladi?

Shu kabi savollar bilan OʻzA muxbiri Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Maxamatovich Nizamxodjayevga yuzlandi.

— Zayniddin Maxamatovich, Markaziy saylov komissiyasi saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishni tashkil etishda eng asosiy organ hisoblanadi. Navbatdagi saylovni munosib tarzda oʻtkazishda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qanday tayyorgarlik koʻrilyapti?

— Oʻzbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari Kengashlari saylovi juda muhim siyosiy voqea. Konstitutsiyamizning 128-moddasiga koʻra, saylov kampaniyasiga parlament va mahalliy Kengash deputatlarining vakolat muddati tugaydigan yilda 90 kun qolgunigacha start beriladi. 2024-yil 26-iyul kuni boʻlib oʻtgan Markaziy saylov komissiyasining majlisida oktyabr oyining uchinchi oʻn kunligi birinchi yakshanbasi, yaʼni 27-oktyabr saylov kuni deb eʼlon qilindi.

Taʼkidlash joizki, ushbu siyosiy jarayonga tayyorgarlik ancha oldin boshlandi. 2023-yil 18-dekabr kuni qabul qilingan konstitutsiyaviy qonun – Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi va “Referendum toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha konstitutsiyaviy qonun asosida tayyorgarlik koʻrildi. Yaʼni, unda bu yil boʻladigan saylovlar ilk bor aralash – majoritar va proporsional saylov tizimi asosida oʻtkazilishi belgilandi. Shundan kelib chiqib, MSKning normativ-huquqiy hujjatlari, qarorlari va yoʻriqnomalari mazkur konstitutsiyaviy qonun asosida takomillashtirilib, unga uygʻunlashtirildi. Saylov qonunchiligiga kiritilgan ushbu oʻzgartirishlardan kelib chiqib, bu yilgi boʻlib oʻtadigan saylovlarga tayyorgarlik koʻrildi.

— Bu yilgi saylov ilk bor aralash saylov tizimi asosida oʻtkaziladi. Avvalo, mana shu tizim, umuman, saylov qonunchiligidagi yangiliklar, ularning asosiy mazmuni haqida toʻxtalib oʻtsangiz?

— Haqiqatan ham mamlakatimizda boʻlib oʻtadigan parlament saylovi birinchi marta aralash – majoritar va proporsional saylov tizimi asosida oʻtkazilishi qonunchiligimizda belgilandi. Unga koʻra, quyi palata 150 ta deputatlarining 75 nafari majoritar tizimda, 75 nafari esa proporsional tizim, yaʼni partiya tomonidan taqdim etiladigan roʻyxat asosida saylanadi. Majoritar tizimda 75 ta deputat 75 ta bir mandatli saylov okrugidan, qolgan 75 nafari esa partiya roʻyxati asosida bitta saylov okrugidan saylanadi.

— Bugungi kunda raqamlashtirish har bir sohaga jadallik bilan kirib bormoqda. Saylov jarayonlariga ham raqamli texnologiyalarni joriy etish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Albatta, raqamli texnologiyalar butun jahon hamjamiyatining hayot tarziga kirib borishi aholiga qulayliklar yaratadi. Saylov tizimi ham bundan istisno emas. Raqamli texnologiyalar Oʻzbekiston saylov tizimiga 2019-yilda boʻlib oʻtgan parlament saylovidan boshlab amaliyotga kiritila boshlandi. Yaʼni, saylash huquqiga ega boʻlgan saylovchilarning yagona elektron roʻyxati shakllantirildi. Ushbu roʻyxat asosida saylov okruglari va uchastkalari tuziladi. Ana shu saylov uchastkalariga saylovchilarni biriktirish, saylov qonunchiligi asosida saylov uchastkalarini tashkil etish, ularning chegaralarini aniq belgilash va saylovchilarning roʻyxatini shakllantirish, albatta, saylovchilarimizga qulaylik yaratadi. Har bir fuqaro saylovchilarning yagona elektron roʻyxati orqali oʻzining saylov uchastkasini, uning qayerda joylashganligi va saylovga tegishli boshqa barcha maʼlumotlarni ushbu elektron tizim orqali bilib olishi mumkin.

Bundan tashqari, saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi ham 2019-yilgi saylovlardan boshlab joriy qilingan. Bu tizim orqali saylovchi saylov kuni oʻz saylov uchastkasida boʻla olmasa, bu haqda saylov uchastkasiga murojaat qiladi va saylov uchastkasi fuqaroni uning yangi manziliga biriktirish jarayonini amalga oshiradi.

Bu yilgi saylovda raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, saylovchilarga, saylov tashkilotchilariga qulaylik yaratish, xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillarining saylovda ishtirokini raqamli texnologiyalar koʻmagida tashkil etish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birga “E-SAYLOV” axborot tizimi ishga tushirildi. Ushbu axborot tizimi saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq harakatlarni elektron shaklda amalga oshirish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari va tuman, shahar saylov komissiyalari oʻrtasida boʻladigan muloqotlar, hujjatlar va axborot almashinuvi aynan “E-SAYLOV” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bu esa saylov komissiyalari oʻrtasidagi hujjat almashinuvini tezlashtiradi, ortiqcha vaqt yoʻqotilishining oldini oladi. Eng muhimi, “E-SAYLOV” axborot tizimi saylovchilarga qulaylik yaratadi. Ular ushbu tizim orqali oʻz hududidan koʻrsatilayotgan nomzodlar va ularning dasturlari haqida maʼlumot olish imkoniga ega boʻladi. Bu esa saylov kunigacha saylovchilarning nomzodlar haqida aniq bir toʻxtamga kelishiga asos yaratadi.

— Xorijdagi vatandoshlarimizning ham saylov huquqlarini taʼminlash eng muhim masalalardan biridir. Aralash saylov tizimida oʻtadigan saylovlarimizda xorijdagi yurtdoshlarimizning ishtiroki qanday tashkil etiladi?

— Toʻgʻri taʼkidladingiz. Xorijdagi vatandoshlarimizning saylov huquqlarini taʼminlash MSKning doimiy eʼtiboridagi masala hisoblanadi. Markaziy saylov komissiyasi har bir fuqaroning konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlashga masʼul. Chet elda tashkil etiladigan uchastkalarimizda vatandoshlarimiz faqat proporsional tizim orqali siyosiy partiyalarga ovoz beradi.

— Mamlakatimizdagi saylov jarayonlariga xalqaro darajada qiziqish qanday boʻlyapti, qancha ekspert va kuzatuvchilar kutilyapti?

— Albatta, har bir davlatda boʻladigan saylovlarga xorijiy ekspertlar, saylov tizimi bilan shugʻullanadigan tashkilotlar vakillarining qiziqishi katta boʻladi. Chunki bunda qaysi davlatda boʻlmasin, oʻsha davlatning saylov tizimi, saylov qonunchiligi va amaliyoti bilan tanishish hamda oʻzlarining saylov tizimini takomillashtirish, qolaversa, saylov jarayonlariga baho berish nazarda tutiladi.

Bu borada yurtimizda 2023-yilda boʻlib oʻtgan Prezidentlik saylovida 900 dan ortiq xalqaro kuzatuvchi ishtirok etdi. Eng avvalo, yurtimizda boʻlayotgan izchil islohotlarga qiziqishi, saylov tizimida boʻlayotgan oʻzgarishlar, saylov amaliyoti va qonunchiligining ahamiyati haqida oʻz fikrini bildirishi biz uchun ham, ular uchun ham muhim ahamiyatga ega. Oʻtgan yili boʻlib oʻtgan referendum va muddatidan ilgari oʻtkazilgan Prezidentlik saylovida ularning oʻrganishlari shuni koʻrsatdiki, bizdagi saylovlar eng yuqori talablarga mos ravishda rivojlanayotgani eʼtirof etildi.

Shu nuqtayi nazardan bu yilgi saylovlarda ishtirok etish uchun xalqaro tashkilotlarga, xorijiy davlatlardagi hamkasblarimizga taklifnomalar yuboriladi. Ular oʻz imkoniyatiga qarab ishtirok etish boʻyicha bizga maʼlumot beradi.

— Saylov qonunchiligimizga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari faoliyatiga oid bir qator yangiliklar boʻldi. Shular haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz?

— Darhaqiqat, Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, tuman, shahar saylov komissiyalarining yangi tizimi shakllantirildi. Bu esa Markaziy saylov komissiyasidan boshlab saylov uchastkalarigacha boʻlgan jarayonlarni bir xilda, qonun talablari asosida amalga oshirish va nazorat qilish imkoniyatini yaratadi. Ushbu tizim Oʻzbekiston saylov qonunchiligida ilk bor yaratilgan yangi amaliyot hisoblanadi.

Muhtarama KOMILOVA,

OʻzA muxbiri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер