Yurtimizga olib kelingan “Covid-19"ga qarshi vaksinalar haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan salbiy xabarlar hech qanday asosga ega emas — N.Atabekov

18:13 30 Iyun 2021 Jamiyat
897 0

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizga olib kelinayotgan koronavirusga qarshi vaksinalar inson organizmi uchun zararli ekani, ayniqsa, Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksina juda xavfliligi toʻgʻrisida turli asossiz xabarlar tarqalmoqda. Bu esa odamlar orasida turli tushunmovchiliklarga sabab boʻldi.

Mazkur holat yuzasidan SSV Matbuot xizmati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari oʻrinbosari Nurmat ATABEKOVGA murojaat qildi:

— “COVID-19» infeksiyasiga qarshi samarali kurashish, ushbu xavfli xastalikdan xalos boʻlish bugun insoniyat kun tartibidagi eng muhim masala boʻlib qolmoqda.

Aytish lozimki, mana shunday ogʻir va murakkab davrda dunyo olimlari tomonidan koronavirusga qarshi yaratilayotgan vaksinalar ushbu kasallikning oldini olish va pandemiyani toʻxtatish uchun barchamizga katta umid va ishonch bagʻishlamoqda.

Biroq, afsuski, aksariyat mamlakatlar qatori Oʻzbekistonda ham aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash tadbirlari boshlangach, ijtimoiy tarmoqlar hamda aholi orasida turli asossiz va hech qanday mantiq va haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan mish-mish va yolgʻon xabarlar tarqalishi avj oldi.

Ayniqsa, Oʻzbekistondagi emlash tadbirlarida mutlaqo ishtirok etmagan va mamlakatimizga olib kelingan vaksinalar haqida yetarli maʼlumotga ega boʻlmagan ayrim yurtdoshlarimizning chet elda turib, xalqimiz orasida vaksinaga nisbatan ishonchsizlik uygʻotishi, uning tarkibi, inson organizmiga taʼsirlari haqida yolgʻon maʼlumotlar tarqatishi achinarli, albatta.

Aslida bunday odamlarning vaksinalarni zararli deyishiga hech qanday asosli fikri yoʻq va ularning gap-soʻzlari quruq safsatadan boshqa narsa emas. Boisi, ular ushbu vaksinalarni ishlab chiqarish va sinov jarayonlarida, qolaversa, yurtimizdagi emlash tadbirlarida ishtirok etmagan.

Vaholanki, mutaxassis, shuningdek, Oʻzbekiston va Xitoy hamkorligida ishlab chiqarilgan “ZF-UZ-VAC 2001» vaksinasining 3 dozasi bilan emlangan fuqaro sifatida aytishim mumkinki, yurtimizga olib kelinayotgan barcha vaksinalar qatorida ushbu vositaning ham sifati va samaradorligi mutaxassislar tomonidan toʻliq isbotlangan.

Qolaversa, sogʻlom fikr bilan oʻylasak, bugun vaksinadan boshqa ushbu kasallikni yenga oladigan birorta ham samarali vosita koʻrinmayapti. Yaʼni kasallarni roʻyxatga olish, bemorlarni shifoxonalarga yotqizish va davolash bilangina bu xastalikni yenga olmaymiz. “COVID-19» infeksiyasini oldini olish uchun esa jamoaviy immunitet kerak. Jamoaviy immunitet faqat ikki yoʻl – ommaviy kasallanish va emlanish bilangina shakllanadi.

Biroq birinchi yoʻl – ommaviy kasallanish naqadar xavfli yoʻl ekaniga oʻtgan bir yildan ortiq vaqt davomida barchamiz guvoh boʻldik. Shunday ekan, yagona yoʻl – emlash orqali mustahkam immun qoʻrgʻonini shakllantirishimiz kerak.

Aholining 60-70 foizida immunitet boʻlmas ekan jamoaviy immunitetni, bu orqali barqaror epidemiologik vaziyatni taʼminlay olmaymiz.

Maʼlumki, bugun dunyodagi sanoqli mamlakatlar qatori Oʻzbekistonda ham 18 yoshdan yuqori boʻlgan fuqarolarni “COVID-19»ga qarshi ommaviy emlash uchun barcha sharoitlar yaratib berildi. Ayni paytga qadar mamlakatimizga 7,4 million doza vaksina olib kelindi. 3,5 million nafardan ortiq fuqaro esa ushbu kasallikka qarshi emlandi.

Shunday ekan, bu kabi asossiz xabarlarga ishonmasligimiz, aksincha barchamiz davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanishimiz lozim. Zero, bu oʻzimiz va yaqinlarimiz salomatligi uchun juda muhim.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер