Yurtimizda xalq ustasiga o‘rnatilgan birinchi va yagona byust
Foto: “Xalq so‘zi”
U o‘spirinlik chog‘ida otasidan judo bo‘ldi. Amakisi, usta Hayot yigitchani o‘z qaramog‘iga oldi. Binokorlikni, ganchkorlikni, musavvirlikni o‘rgatdi. Mustaqil usta sifatida ishlay olishiga ko‘zi yetgach, amakisi unga oq fotiha berdi. Ko‘p o‘tmay yigitcha mahoratli ganchkor usta sifatida nom qozondi.
Buxoro amiri Abdulaxadxon Karmanani o‘ziga qarorgoh qilib olgach, bog‘u binolar qurishga kirishdi.U yerda ishlayotgan o‘nlab ustalar orasida qahramonimizni ham ko‘rish mumkin edi. Taassufki, qish juda sovuq kelgani tufayli usta barmoqlari va oyog‘ini sovuqqa oldirib qo‘ydi. Ammo bu uni suyumli hunaridan voz kechishiga to‘siq bo‘lolmadi.
Amir Abdulaxadxonning vafotidan keyin taxtga kelgan Amir Olimxon Buxoroda o‘ziga yozgi saroy qurish fikriga keldi. Keyinchalik Sitorai Mohi Xossa nomi bilan mashhur bo‘lgan bu saroy qurilishiga qahramonimizni ham jalb etdilar. Gap Usta Shirin Murodov haqida borayotganini endi payqagandirsiz.
-1912-1914 yillarda Usta Shirin o‘z shogirdlari bilan bu yerdagi “Oq uy” (xonai safed)ni qurib, pardozlagan,- deydi Sitorai Mohi Xossa xalq amaliy bezak sanʼati masʼul xodimi Nargiza Jumayeva.- Unga qadar ganchkorlikda “zaminkor pardoz”, “tabaqa pardoz” kabi besh xil uslub bor edi. Usta Shirin esa tamoman yangi bir uslub yaratadi. Bu oynapardoz uslubidir.”Oq uy” devorlaridagi bezaklar oynaning ustida ganchdan bezak berilgan. Natijada go‘zallikda betakror va yagona manzara hosil bo‘lgan. Oradan, mana, yuz yildan ziyod vaqt o‘tdiki, bu yerga kelayotgan sayyohlar ushbu go‘zallikdan bahramand bo‘lib, hayratlarini yashira olmayaptilar.
Amirlik qulagach, Usta Shirin Buxorodagi bir qator tarixiy obidalarni taʼmirlash ishlari bilan mashg‘ul bo‘ladi. 1940 yilda Samarqandga ko‘chib borib, yoshlarga gachkorlik sirlarini o‘rgatadi. Keyin esa Toshkentda Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri binosi qurilishida ishtirok etadi. Bu yerda oynapardoz usulidan foydalangan holda “Buxoro zali” deb ataladigan muhtasham xonani yaratdi. Muqimiy nomidagi teatr binosini, Toshkent kurantini ganch o‘ymakorligi asosida bezash ishlarida qatnashdi. Buxorodagi qadimiy yodgorliklarning umriga umr qo‘shishdek xayrli ishlarga hissasini qo‘shdi. O‘nlab shogirdlar tayyorladi. Naqsh yaratish metodikasi, ganchkorlik sanʼatini rivojlantirishga oid bilimlarini qog‘ozga tushirdi. Umuman, uning hayoti va faoliyatiga nazar tashlansa, Usta Shirin ganchkorlik, naqqoshlik, milliy madaniy boyliklarimizni qanday qilib asrab-avaylash borasida butun boshli maktab yaratganini his etish mumkin.
Xalqimizning fidoyi bu farzandi 1943 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sanʼat arbobi unvoni bilan taqdirlangani, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining birinchi yig‘ilishidayoq u bu nufuzli muassasaning faxriy aʼzosi etib saylangani bejiz emas. Istiqlol yillarida esa “Buyuk xizmatlari uchun” ( 2001 yil) ordeni bilan taqdirlandi.
Usta Shirin Murodov 1957 yilda Toshkent shahrida vafot etgan.O‘shanda u 77 yoshda edi. Qabri Chig‘atoy qadamjosida.
Ezgulik hech qachon unutilmaydi. Toshkent va Buxoro shaharlarida Usta Shirin nomiga qo‘yilgan ko‘chalar bor.1986 yilda esa so‘lim Sitorai Mohi Xossa hovlisida Usta Shirinning byusti o‘rnatildi. U nabirasi, mohir meʼmor Narzulla Murodov loyihasi asosida haykaltarosh Hakim Husniddinxo‘jayev tomonidan yaratilgan. Mutaxassislarning taʼkidlashlaricha, u yurtimizda xalq ustasiga o‘rnatilgan birinchi va yagona byust sanaladi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring