Fargʻonada hujra tashkil qilib, bolalarga noqonuniy diniy saboq berayotganlar aniqlandi

03:11 14 Iyun 2025 Jamiyat
170 0

Illyustrativ foto

Fargʻona viloyatida uyida hujra tashkil qilib, noqonuniy diniy saboq berib kelgan shaxslar qoʻlga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar qildi.

Maʼlum boʻlishicha, 9-iyun kuni DXXning viloyat boshqarmasi tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida oʻtkazilgan tadbirda Rishton tumani “Yuqori Avazboy” MFY Ittifoq koʻchasida yashovchi shaxs uyida hujra sharoitida 10 nafar voyaga yetmagan bolaga diniy saboq berib kelayotgani aniqlandi.

Bolalarning 4 nafari 2015, 3 nafari 2017 va 2 nafari 2019-yilda tugʻilgan. Ular Rishton va Oltiariq tumanlaridagi maktab oʻquvchilari boʻlishgan. May oyi oxirida yashash uyida hujra tashkil qilgan shaxs oʻz xizmati evaziga bolalarning ota-onalaridan 500-600 ming soʻmdan haq olib kelgan.

Shuningdek, 10-iyun kuni oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Bagʻdod tumani “Navroʻz” MFYda yashovchi 1969-yilda tugʻilgan fuqaro ham oʻz uyida noqonuniy tarzda diniy taʼlim berayotgani fosh qilingan. Maʼlum qilinishicha, u oyiga bir million soʻm evaziga 17 nafar bolaga saboq berib kelgan.

Toshkent shahri, Andijon va Jizzax viloyatlaridan kelib hujrada tahsil olayotganlarning 11 nafari hali yosh bolalar boʻlgan.

Bundan tashqari, 11-iyun kuni Buvayda tumanida yashovchi shaxs ham noqonuniy diniy taʼlim berib kelgani aniqlandi. Mazkur shaxs uyida Qashqadaryo, Namangan viloyatidan boʻlgan 14 nafar voyaga yetmagan bolaga tasdiqlanmagan turli diniy adabiyotlardan foydalanib noqonuniy diniy saboq berib kelayotgani aniqlandi.

Hozirda hujra tashkil etgan shaxslar va noqonuniy saboq olgan bolalarning ota-onalariga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalari bilan hujjatlar rasmiylashtirib, sudlarga yuborilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер