Yuqori hosildorlikka qanday erishish mumkin?

18:11 06 Sentyabr 2020 Klaster
2126 0

Eʼtirof etishlaricha, keyingi paytda Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida dehqonchilik madaniyati tubdan oʻzgardi. Agrar soha mutaxassislari, tajribali olimlar buni qishloq xoʻjaligida ish yuritish va mahsulot yetishtirishning klaster usuliga oʻtilgani bilan izohlashmoqda. Chunki tumandagi mavjud ekin maydonlari “TCT Cluster” klasteri ixtiyoriga berilgach, ziroat kushandasi boʻlgan ajriqdan butkul tozalanib, paxtachilikda yaqin 10-15 yil ichidagi eng yuqori natijaga erishilmoqda. Bundan tashqari, har bir agrotexnika tadbiri ilmiy asosda olib borilib, mavjud suv yoʻllari, ariqlar, irrigatsiya-drenaj tarmoqlari muntazam tozalanayotgani tufayli gʻallachilik va sholichilikda ham moʻl hosil olinmoqda.

Klaster jamoasi tomonidan joriy mavsumda bajarilgan ishlar tahlili, kuzgi tadbirlar muhokamasiga bagʻishlab tashkil etilgan yigʻilishda shu kabi muvaffaqiyatlar yana bir karra eʼtirof etildi. Unda “TCT Cluster” klasteri rahbariyati, klaster qoshida tashkil etilgan Ilmiy markaz hamda Ilmiy-texnik kengash aʼzolari ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar alohida taʼkidlaganidek, oxirgi ikki yilda koʻplab yutuqlar qoʻlga kiritilgan boʻlsa-da, hali oldinda bajarilishi kerak boʻlgan ishlar ham bir talay. Urugʻchilik ular orasidagi eng dolzarb masalalardan biridir.

— Bir qancha xorijiy davlatlarda gʻallachilik va sholichilikda hosildorlik 80-100 sentnerni, paxtachilikda esa bu koʻrsatkich 50 sentnerdan yuqorini tashkil etadi, — deydi “TCT Cluster” klasteri rahbari, senator, iqtisodiyot fanlari doktori Murtazo Rahmatov. — Vaholanki, bizning tuprogʻimiz unumdorligi, ekin maydonlarining suv bilan taʼminlanganlik darajasi ularnikidan aslo kam emas. Biroq urugʻchilik masalasida ilm-fanga, ilgʻor tajribalarga katta ehtiyoj sezilmoqda. Shuning uchun seleksioner olimlarni klasterga jalb etgan holda, istiqbolli navlarni sinash, hudud tuproq-iqlim sharoitiga moslarini chuqur oʻrganish niyatidamiz. Bu nafaqat paxtachilik, gʻallachilik va sholichilik yoʻnalishlarini sifat jihatidan rivojlantirishda, balki takroriy ekinlarni joylashtirishda eng maqbul ziroat turi va navini tanlashda ham qoʻl keladi.

Anjuman ishtirokchilari urugʻchilik yoʻnalishida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish uchun klaster qoshida urugʻchilik mini zavodi tashkil etish tashabbusini ilgari surishdi. Bu esa klaster rahbariyati va Ilmiy markaz tomonidan maʼqullandi.

Tajribalarning koʻrsatishicha, ekin maydonlarining tekisligi ham hosildorlikka 30 foizgacha taʼsir qilar ekan. Agar yer notekis boʻlsa, ozuqani, hatto qor-yomgʻir suvini oʻzlashtirishda keskin farq kuzatilib, oqibatda bir maydondagi ekinlarning rivoji bir-biridan 10-15 kungacha ortga qolib ketadi. Shuning uchun klasterda yerlarga lazerli tekislagichlarda ishlov berish yoʻlga qoʻyildi. Buning uchun xorijdan toʻrtta maxsus texnika va mexanizmlar keltirildi.

— Kuzgi shudgorni kechiktirmasdan oʻtkazish, yerni tobiga keltirib tekislashda hikmat koʻp, — deydi qishloq xoʻjaligi fanlari doktori, professor Sherali Nurmatov. — Shudgorda yerning haydov qatlamiga eʼtibor berib, ikki yarusli plugda tuproq 40 santimetr chuqurlikda agʻdarilsa, dalalar begona oʻtlarning 80 foizidan tozalanadi. Shuningdek, bu jarayonda «tuproq xamirturishi»ni solish ham yoddan chiqmasligi kerak. Yaʼni kuzgi haydov paytida yerga fosforli oʻgʻitlar yillik meʼyorining 70 foizini, kaliyli oʻgʻitlarning esa 30 foizini solish kerak. Afsuski, keyingi paytda hamma ham bu tavsiyalarga amal qilmasligi tufayli tuproq unumdorligi pasayishi, hosildorlik kamayishi kuzatilyapti.

Yigʻilishda eng katta boyligimiz boʻlgan yer qiymatini belgilash, ekin maydonlarining har bir kontur kesimida pasportini yaratish, shuningdek, Quyi Chirchiq tumani imkoniyatlaridan kelib chiqib, almashlab ekishni tizimli yoʻlga qoʻyish kabi masalalar muhokama qilindi. Bu borada ilm ahli va amaliyotchilarning qarashlari va fikri bir xil boʻlib chiqqani eʼtiborga molikdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер