“Yuksalish”da yuksalish odimlari

13:36 09 Sentyabr 2024 Jamiyat
354 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Yurtimizning goʻzal goʻshalaridan hisoblangan Namangan ham eni, ham boʻyiga oʻsib boryapti. Davlatobod tumanida barpo etilayotgan “Yangi Namangan” shaharchasi loyihasining birinchi navbati yakunlanib, odamlar zamonaviy xonadonlarga koʻchib kirganiga ikki yildan oshdi. Yangi daha viloyat markazidan uncha uzoq boʻlmagan va yaqin vaqtga qadar Ittifoq deya atalib kelgan aholi punkti negizida qad rostladi va “Yuksalish” nomini oldi. 71 ta koʻp qavatli turarjoy binolari tiklanishi bilan 2764 oila shinam xonadonga ega boʻldi. Hududda qurilgan ijtimoiy infratuzilmasi, jumladan, bitta umumtaʼlim maktabi, ikkita bolalar bogʻchasi, ikkita shifoxona, savdo, maishiy xizmat koʻrsatish inshootlari aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratgan.

“Yuksalish”ga koʻchib kelganlarning bandligi masalasida bu yerda tashkil etilgan uchta kichik sanoat zonasi va erkin iqtisodiy hudud imkoniyatlar eshigini ochdi.

— Ayni paytda shaharchaning navbatdagi bosqichi qurilishi jadal davom etmoqda, — deydi “Yangi Namangan” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turarjoylar majmuasini barpo etish davlat unitar korxonasi rahbari Rustamjon Isoqov. — Bu dastlabkisiga qaraganda ancha qamrovli loyiha boʻlib, 346 gektar maydonni egallaydi. Uning 282 gektariga biznes majmualar, mehmonxona va boshqa xizmat koʻrsatish inshootlari joylashtiriladi. 20 ming 800 xonadonga ega 171 ta koʻp qavatli turarjoy binolari, shunga yarasha infratuzilma barpo qilinadi.

Aytish kerakki, sifat va tezkorlik bilan uygʻunlashgan qurilish texnologiyasi 2028-yilda yakunlanishi koʻzda tutilgan ikkinchi bosqich obyektlaridan koʻpchiligini bitkazish imkonini berdi. Masalan, uchta oliy taʼlim muassasasiga moʻljallangan dahada Isʼhoqxon Ibrat nomli chet tillar institutining oʻquv binosi foydalanishga topshirildi. Toshkent kimyo texnologiya universiteti oʻquv korpusi, NamDUning innovatsiya fakulteti va ikkita talabalar yotoqxonasi qurilishi jadal davom etyapti.

“Yangi Oʻzbekiston” bogʻi zamonaviy shaharchaning muhim obyektlaridan biri hisoblanadi. Quruvchilar uni 58 gektar maydonda barpo etishdi. Bu yerdagi katta yozgi amfiteatrda biryoʻla 2500 kishi turli madaniy va koʻngilochar tadbirlarni tomosha qila oladi. Bogʻdagi 3,6 gektarda mavjlanib turgan sunʼiy koʻl, musiqali favvora barchaga manzur boʻlishi turgan gap. Istirohat maskanida ministadionlar, bouling maydonchasi, moʻjazgina “Vatanparvar” xiyobonining barpo etilgani ham ayni muddao boʻldi.

Bundan bir hafta avval “Yangi Namangan”da “Yashil makon rezidensiyasi” turarjoy majmuasini ham tiklashga kirishildi.

— Majmuaning umumiy loyiha qiymati 363 milliard soʻmga teng boʻlib, qurilish ishlari “Castle Town” masʼuliyati cheklangan jamiyati bosh pudratchiligida oshirilmoqda, — deydi Davlatobod tumani hokimi oʻrinbosari Sardor Rahimov. — Ayni paytda binokorlikka ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan 9, 12, 21 qavatli turarjoy obyektlari, mehmonxona va restoranlar, Xitoyning “BYD“ kompaniyasida ishlab chiqarilgan avtomobillar sotuv ofisi hamda savdo va xizmat koʻrsatuvchi inshootlarni tiklash ishlari boshlab yuborilgan. Yangi majmua oʻz nomiga munosib boʻlib, uni yuksak ekologik talablar darajasida barpo etishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Darvoqe, “Yangi Namangan” gullar shahri xaritasiga “aqlli shahar” nomi bilan kiritilmoqda. Davlat unitar korxonasi boʻlim boshligʻi Maʼmurjon Jalilov bu haqda shunday deydi:

— Xalqaro shaharsozlik anʼanalarida oʻziga xos inqilob yaratgan “aqlli shahar” tushunchasining yuzaga kelganiga koʻp boʻlgani yoʻq. U axborot va kommunikatsiya texnologiyalari taraqqiyoti hamda shu sohadagi yutuqlarning shaharsozlikda keng foydalana boshlanganligi bilan bogʻliq. Yaʼni AKT va internet imkoniyatlari shaharni, ayniqsa, uning infratuzilmasini zamonaviy usullarda boshqarishga yoʻl ochadi. Bu esa transport, taʼlimdan tortib sogʻliqni saqlash va uy-joy-kommunal xizmatgacha – hamma-hammasi yanada yuqori va mukammal darajaga koʻtariladi, demakdir. Shu tufayli aholining turmush farovonligi keskin oshadi.

Kelajak shahri hisoblangan mukammal maskanni bunyod qilish konsepsiyasi Turkiyaning “Studio wertebra” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilib, “Toshkent boshplanLITI” DUK loyihasi asosida qurilayotganini aytib oʻtish lozim. Uning eʼtiborli jihatlari orasida ilgʻor “yashil texnologiya”lardan keng foydalanilganligi, bu yerda nafaqat yashash yoki biznes yuritish, sport bilan shugʻullanish, balki kundalik turmush uchun eng zamonaviy shart-sharoit yaratilishi diqqatni jalb etadi. Kimning shunday bekam-u koʻst oshyonda yashagisi kelmaydi, deysiz?

Ha, aytgancha, oldinda istiqbolli loyihaning yakunlovchi bosqichi turibdi. Unda eng avvalo, 50 ming xonadonga ega 700 dan ortiq koʻp qavatli turarjoy binolarini barpo etish koʻzda tutilgani, pirovardida “Yangi Namangan” yaxlit holda 200 mingga yaqin oilani bagʻriga olishi bilan ahamiyatli. Davlatimizning insonparvar ijtimoiy siyosati va kun sayin yuksalib borayotgan kuch-qudratining yana bir dalolati shunda emasmi?!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер