“Yuksalish” koronavirus tarqalishining oʻchoqlari, uyda davolanayotganlar, vafot etganlar aniq soni koʻrsatilgan kunlik hisobot eʼlon qilishni talab qildi

15:23 29 Sentyabr 2020 Jamiyat
1233 0

Oʻzbekistonda ilk bor koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati aniqlanganiga olti oydan koʻproq vaqt oʻtdi. Bu davr mobaynida Hukumat tomonidan sogʻliqni saqlash tizimi tayyorgarlik koʻrishi uchun ikki marta qatʼiy karantin cheklovlari joriy etildi, tibbiyot muassasalari tezkorlik bilan ishga tushirildi, jarayonga tibbiyot xodimlari safarbar qilindi. Ushbu vaziyatda yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklar yuzasidan “Yuksalish” umummilliy harakati oʻz munosabatini bildirdi.

"Bu borada erishilgan ijobiy natijalar boʻlsada, biroq koʻrilayotgan choralarning samaradorligi bilan bogʻliq savollar jamoatchilik orasida tobora koʻpayib bormoqda, bu esa fuqarolarda qabul qilinayotgan qarorlarga ishonchsizlik ortishiga sabab boʻlmoqda. Harakat aʼzolari hamda fuqarolar tomonidan bildirilayotgan fikrlar va yuborilayotgan murojaatlar sogʻliqni saqlash tizimiga bir qator asosli savollar mavjudligini koʻrsatmoqda:

Birinchidan, COVID-19 infeksiyasi bilan kasallanish va oʻlim holati statistikasi qanchalik ishonchli?

Albatta, mamlakatdagi epidemiologik vaziyat haqida kunlik maʼlumotlar eʼlon qilinmoqda. Masalan, Sogʻliqni saqlash vazirligining 29-sentyabr (soat 10:00) holatiga koʻra, 56 068 nafar kishida kasallik qayd etilgan. Ularning 52 466 (94 foizi) nafari davolanib chiqqan, hozirda tibbiyot muassasalarida 3 139 nafar bemor davolanmoqda.

Ammo uyda davolanayotgan bemorlarning umumiy sonichi? Agar tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlar bor-yoʻgʻi 3 139 nafar boʻlsa, nega hali ham shifoxonalarda joy yetishmayotgani haqida xabarlar kelmoqda va zudlik bilan yangi joylar tashkil etilmoqda? Masalan, birgina Toshkentda qoʻshimcha ravishda 10 000 ta yotoq oʻrinlari tashkil etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Sogʻliqni saqlash vazirligi soʻnggi bir hafta davomida oʻlim holati toʻgʻrisida umumiy axborot bermayapti, kunlik statistik maʼlumot bilan cheklanmoqda xolos. Bu maʼlumotlarga fuqarolar shubha bilan qarayotgani kuzatilmoqda.

Pnevmoniya va uning natijasida boʻlayotgan oʻlim holatlari boʻyicha statistika ham aniq emas. Vaholanki, JSST mamlakatlarni ushbu ikki koʻrsatkichni birlashtirishga daʼvat etdi. Masalan, Qozogʻiston va Qirgʻizistonda koronavirus va koronavirus pnevmoniyasidan oʻlim statistikasi alohida eʼlon qilinmoqda.

Ikkinchidan, aholining koronavirusga test topshirish qamrovi taʼminlanmoqdami, tahlil natijalarini qanchalik tez olish imkoni bor va ularga ishonish mumkinmi?

Davlatimiz rahbari 15-iyul kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida koronavirusga oʻz vaqtida test topshirish va uning natijalarini ertasi kuni olish uchun mavjud imkoniyatlarni safarbar qilishga topshiriq bergan edi. Biroq COVID-19ga test topshirish va uning javoblarini oʻz vaqtida olish qiyinligi haqida shikoyatlar haligacha jamiyatning kun tartibida turibdi.

Bundan tashqari, test tahlili natijalari ham ishonchsizlikka sabab boʻlmoqda. Kuni-kecha Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi Oʻzbekistondan Koreyaga uchinchi mamlakat orqali uchib borayotgan fuqarolarimiz qoʻlida PZR-test natijasi manfiy boʻlgan maʼlumotnoma boʻlishiga qaramay, COVID-19ga namuna olinganda, boshqa mamlakatlarga nisbatan natijalar koʻproq ijobiy chiqayotgani haqida maʼlum qildi. Elchixona xabarida, shuningdek, baʼzi fuqarolarimiz PZR-testining salbiy natijasi haqidagi maʼlumotnomalarni soxtalashtirayotgani yoki salbiy test natijasini olish uchun shifoxonada qasddan notoʻgʻri test oʻtkazilishiga erishishayotgani yoxud uchinchi davlat tranzit hududida kasallikni yuqtirib olayotgani sabab qilib koʻrsatilgan.

Uchinchidan, koronavirusga qarshi kurash boʻyicha maxsus shtab tarkibiga qaysi shaxslar, shu jumladan qaysi mutaxassislar kiritilgan?

Prezidentimizning joriy yil 29-yanvardagi farmoyishiga binoan Bosh vazir boshchiligida Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi tuzildi. Komissiya 25 kishidan iborat boʻlib, ularning roʻyxati farmoyishning ilovasida keltirilgan. Ammo koronavirusga qarshi kurash boʻyicha tuzilgan maxsus shtab tarkibida kimlar borligi nomaʼlumligicha qolmoqda.

Toʻrtinchidan, mamlakatdagi epidemiologik vaziyat, navbatdagi toʻlqinga tayyorlik, vaksinalar sotib olish choralari toʻgʻrisidagi hisobotlarni nega Respublika maxsus komissiyasi taqdim etmayapti?

Misol uchun, Oʻzbekistonning ikkinchi toʻlqinga tayyorligi toʻgʻrisida sogʻliqni saqlash vaziri yoki ushbu sohaga masʼul Bosh vazir oʻrinbosari emas, mutaxassis darajasidagi shaxslar maʼlum qilmoqda. Bunday muhim bayonotni yuqori kompetensiyaga ega shaxslar tomonidan eʼlon qilinishi xabarning ishonchlilik darajasining yuqoriligini taʼminlashi maʼlum.

Umuman olganda, qaror qabul qilish jarayoni qanchalik shaffof? Albatta, bunday favqulodda vaziyatda qarorlar zudlik bilan qabul qilinadi. Hech bir davlatda tayyor retsept mavjud emas. Biroq keyingi “tajriba” ishlamasa, masʼuliyatni kim oʻz boʻyniga oladi? Dezinfeksiya tunnellari, davolash protokollariga kiritilgan va keyinchalik ulardan chiqarib yuborilgan dori-darmonlar bunga yaqqol misol boʻla oladi.

Pandemiya paytida sogʻliqni saqlash tizimiga va bir qator davlat idoralariga mamlakat rahbariyati va fuqarolar tomonidan kart-blansh (keng vakolatlar) berildi, samarali faoliyat yuritishlari uchun sharoitlar yaratildi, shu jumladan oʻz vaqtida moliyalashtirildi va chet ellik mutaxassislar jalb qilindi. Biroq hozircha munosib samara va natija kuzatilmayapti.

Shu munosabat bilan, “Yuksalish” umummilliy harakati masʼul idoralar rahbarlarini quyidagilarga chaqiradi:

1. Respublika maxsus komissiyasi va Sogʻliqni saqlash vazirligi mamlakatda COVID-19 tarqalishi bilan bogʻliq vaziyat toʻgʻrisida fuqarolarni toʻliq va xolis axborot bilan taʼminlab borish, xususan, koronavirus infeksiyasi tarqalishining aniq koʻrsatkichlari va oʻchoqlari, uyda davolanayotgan odamlar, vafot etganlar soni koʻrsatilgan kunlik batafsil hisobotlarni eʼlon qilib borish.

2. COVID-19 yuqishi natijasida kelib chiqqan pnevmoniya holatlarini va koronavirus infeksiyasini yaxlit statistik maʼlumotlar koʻrinishida birlashtirish, shu jumladan pnevmoniyani yuqtirgan va uning oqibatida vafot etganlar sonini taqdim etish.

3. Koronavirusga qarshi kurash boʻyicha shtab aʼzolarining toʻliq roʻyxatini jamoatchilikka taqdim etish.

4. Fuqarolarni epidemiologik vaziyat haqida xabardor qilishga qaratilgan brifing va matbuot anjumanlarida vazirlik va idoralar rahbariyati darajasidagi vakolatli shaxslar, Respublika maxsus komissiyasi aʼzolarining ishtirok etishini taʼminlash.

Yopiqlik, ayrim masalalar yuzasidan sukut saqlash va noaniqlik vahima, mish-mishlar tarqalishining, axborot makonida feyklar koʻpayishining omillari boʻlib, pirovardida fuqarolarda hukumatga nisbatan ishonchsizlik ortishiga olib keladi, deb hisoblaymiz. Davlat rahbari koronavirus infeksiyasi bilan zararlanishning haqiqiy holati boʻyicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida barcha hokim va rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha boʻlgan qatʼiy choralarga olib kelishi mumkinligini taʼkidladi. Ishonchli, xolis, oʻz vaqtida berilgan maʼlumotlar fuqarolarga asosli qarorlar qabul qilishga, oʻzlari va boshqalarning sogʻligʻini himoya qilish uchun masʼuliyat bilan yondashishga imkon beradi.

Pandemiya butun dunyoda toʻliq bartaraf etilmas ekan, xotirjamlikka berilib boʻlmaydi. Barcha yurtdoshlarimizni hushyorlikka, juda ehtiyotkorlik bilan karantin va sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilishga chaqirib qolamiz", deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер