Yuka NAKAI: “Oʻzbekistonda doʻstlar, bilim orttirish bilan birga hayotdagi oʻz maqsadimni ham topdim”
Yaponiyaning oliy taʼlim muassasalari bilan imzolangan hamkorlik bitimlariga muvofiq, Toshkent davlat sharqshunoslik institutida 5 nafar yaponiyalik talaba oʻzbek tilini oʻrganmoqda. Ushbu talabalar qatorida ekanimdan gʻoyatda baxtiyorman.
2019-yilning sentyabr oyidan boshlab serquyosh Oʻzbekistondaman. Toʻgʻrisini aytsam, Toshkentga kelgan ilk kunlarim yangi kursdoshlarim meni qanday qabul qilishar ekan, notanish odamlar orasida qanday yashar ekanman deya xavotir olgandim. Biroq xalqingizning ochiqkoʻngilligi, mehribonligi xavotirlarimning asossiz ekanini koʻrsatdi.
Bu yerda oʻtayotgan har bir kunimiz taassurotlarga boy. Toshkentda orttirgan yangi doʻstlarimiz bilan Chimyon togʻlariga sayohat qilib goʻzal tabiatdan bahramand boʻldik. Samarqandda tarixiy yodgorliklarni ziyorat qilib, koʻhna va qadimiy shaharning boy merosi bilan yaqindan tanishdik. Sayohat davomida doʻstlarimiz Samarqand shahrining qadimiy obidalari, bozorlari, Oʻzbekiston mustaqil boʻlgandan keyingi davrda barpo etilgan inshootlaru koʻchalarni koʻrsatdi. Ular orasida Registon maydonining salobati hali ham koʻz oldimda gavdalanib turadi. Sayohatlar davomida xalqingizning boy madaniyati, anʼana va udumlari, tarixi haqida koʻplab qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻldik.
Toshkent davlat sharqshunoslik institutida yaponshunos talabalarning koʻpligi juda quvonarli. Ayniqsa, taʼlim muassasasida joriy oʻquv yili ochilgan “Yaponshunoslik” fakulteti, texnik uskunalar va oʻquv materiallari bilan taʼminlangan “Yapon filologiyasi” kafedrasi, kafedra qoshidagi zamonaviy kutubxona bu yerda yapon tili, adabiyoti, tarixi, iqtisodiyotini oʻrganishga qaratilayotgan katta eʼtibor namunasidir. Ushbu maskanda oʻtkazilayotgan madaniy tadbirlar, notiqlik sanʼati musobaqalari, turli ilmiy seminarlar professor-oʻqituvchi va talabalarning yaponshunoslikka qiziqishini yanada oshirmoqda. Iqtidorli yoshlarning Yaponiya universitetlariga tajriba almashish uchun yuborilayotgani oʻzaro hamkorlikni yanada kuchaytiryapti.
Yurtingizda shunga amin boʻldikki, oʻzbek va yapon madaniyatlari orasida mushtarak jihatlar koʻp. Bu ikki xalq oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Oʻzbekistonda yashab, xalqingizning mehnatsevarligi, zakovati, ertangi kunga katta ishonch bilan boqishini koʻrib, mamlakatingiz kelajagi porloq ekanligiga ishonch hosil qildik.
Universitetni bitirgach, Oʻzbekiston va Yaponiya munosabatlarining rivoji uchun oʻz hissamni qoʻshish niyatidaman. Ushbu sehrli diyordan doʻstlar, bilim orttirish bilan birga hayotdagi oʻz maqsadimni ham topdim.
Yuka NAKAI,
Tokio chet tillari universiteti talabasi,
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti stajyori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Oʻzbekistonning 7 ta moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari AYSESKO roʻyxatiga kiritildi
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- Erkaklar ayollarga nisbatan koʻproq kaloriya isteʼmol qilishi kerakmi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring