Yozuvchi va jurnalistga ehtirom koʻrsatildi
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi Joʻra Fozil tavalludining 75-yilligi munosabati bilan Buxoro davlat universitetida ijodiy uchrashuv tashkil qilindi. Yurtimiz boʻylab oʻtayotgan “Maʼrifat ulashib” loyihasi doirasidagi tadbirda adabiyot ixlosmandlari, talaba – yoshlar, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.
Aytish joizki, Joʻra Fozilning butun umri bevosita jurnalistika bilan bogʻliq. U mehnat faoliyatini Romitan tuman bosmaxonasida harf teruvchilikdan boshlagan. Tuman gazetasida musahhih, adabiy xodim, masʼul kotib, muharrir oʻrinbosari, muharrir vazifalarida ishlagan. Gazetachilik mashaqqatlarini boshidan kechirgan bu qalamkash oʻzining publitsistik maqolalari, ocherk va felyetonlari bilan el-yurtga tanildi. Badiiy ijodni ham kanda qilmagan adibning shu kunga qadar “Muhabbatning bayramlari”, “Barqut mavsum”, “Buxoro elchisi”, “Ayriliq ostonasi” singari qator nasriy asarlari chop etilgan. U taniqli rus yozuvchilari V. Astavyevning “Gʻamgin sarguzasht”, K. Paustovskiyning “Sevgi” romanlarini tarjima qilgan. Bu ikki asar yurtimizda nashr etilgan “Rus adabiyoti durdonalari” 100 jildligidan ham oʻrin olgan. J. Fozilning “Doʻstga zor boʻlgan kuning” hikoyasi asosida Qozogʻiston kino ustalari tomonidan badiiy film suratga olingan.

Ijodkorning zahmatli mehnati davlatimiz tomonidan munosib taqdirlanganini ham taʼkidlash maqsadga muvofiqdir. U “Doʻstlik” ordeni sohibi sanaladi.
Adabiyot bayramiga aylangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda kitobxonlik madaniyati, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash haqida joʻyali fikr-mulohazalar bildirildi. Zahmatkash adib asarlarida inson tabiati, haqiqat va adolat tarozusi, chigal taqdirlar oʻziga xos yoʻsinda ochib berilgani taʼkidlandi. Tashkilotchilar tomonidan tabarruk yoshni qarshilagan yozuvchiga hurmat-ehtirom koʻrsatildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Xonanda Rahmatillo Yusupov 44 yoshda vafot etdi
- Sizni ajablantiradigan anʼanalar. Dunyo boʻylab yangi yil qanday nishonlanadi?
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring