Yozgi oromgoh — eng zavqli dargoh

15:39 17 Iyun 2022 Madaniyat
430 0

Foto: Illustrativ foto

Maktablarda oʻquv yili tugab, oʻquvchilar yozgi taʼtilga yoʻl olishdi. Taʼtilda kimdir oromgohlarda hordiq chiqarsa, kimdir oʻquv markazlarda til oʻrganadi, yana kimlardir esa qarindosh, bobo-buvilarinikida dam olishadi. Yangi doʻstlar orttiradi, bilim va koʻnikmasini oshiradi. Ayniqsa, bolalarning bu manzaradan rohatlanishini, bu yerdagi sharoitlarni koʻrib yana begʻubor bolalikka qaytishni orzu qiladi kishi. Yozgi oromgohlar odatda shahar chekkasida, ekologik toza hududlarda joylashgani bolalar salomatligi uchun muhim ahamiyatga ega. Bu muassasalar dam olish maskani vazifasini oʻtasada, u yerda oʻtkaziladigan tadbirlar, taʼlim-tarbiya jarayonlari yosh avlodning dunyoqarashini boyitishga, ijodiy qobiliyatlarini shakllantirishga, ularni har tomonlama kamol topishiga koʻmaklashuvchi tarbiya manbai boʻlib xizmat qiladi. Bundan tashqari bu yerda bolajonlar kun tartibiga rioya qilishi bilan birga boshqa bolalar bilan doʻstlashishi, yaʼni ijtimoiylashuv koʻnikmalarini rivojlantira olishi mumkin.

Bugungi kunda barcha bolalar oromgohlarida moddiy-texnik bazani mustahkamlash, shart-sharoitlarni yanada yaxshilash va sogʻlomlashtirish ishlari samarasini oshirish borasida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, ijtimoiy himoyatalab, kam taʼminlangan oilalar, mehribonlik uylari va maktab-internatlari tarbiyalanuvchilari oromgohlarda bepul dam olishmoqda.

Ammo farzandini oromgohga yuborish imkoni boʻlmagan ota-onalar uchun Xalq taʼlimi vaziri tomonidan yoz mavsumi davomida maktablarda bepul “Yozgi sogʻlomlashtirish maydonchasi” tashkil etildi. Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilda 926 ta taʼlim muassasalarida sogʻlomlashtirish maydonchalari tashkil etiladi va ularda 148 490 nafar bolalar dam olish imkoniga ega boʻlishadi. Sogʻlomlashtirish maydonchalarida oʻquvchilarning yozgi taʼtilini maroqli tashkil etish uchun 9 260 nafar mehnat taʼtiliga chiqmagan pedagog va xodimlar jalb qilinadi hamda bu maydonchalarda kompyuter oʻyinlari, tasviriy sanʼat, mental arifmetika kabi bir qator toʻgaraklar yoʻlga qoʻyiladi. Bundan tashqari kinozallar tashkil etilib, bolalarga moʻljallangan qiziqarli kino va multfilmlar namoyish etilishi ham rejalashtirilgan.

Jizzax viloyati Doʻstlik tumanidagi 9 maktabda ham kunduzgi sogʻlomlashtirish oromgohi tashkil etilmoqda. Ushbu sogʻlomlashtirish oromgohi oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishga qaratilgan boʻlib, 10 kun davomida faoliyat olib boradi.

Ushbu oromgohni tashkillashtirishdan avval maktab maʼmuriyati oʻquvchilar orasida soʻrovnoma oʻtkazgan. Ushbu soʻrovnomada barcha oʻquvchilar qatnashib, yozgi taʼtilni qayerda oʻtkazishni belgilashgan. Oʻquvchilarning aksariyat qismi dam olish chogʻida oila bagʻrida boʻlishini inobatga olgan holda maktabda ular uchun kunduzgi sogʻlomlashtirish maydonchasi tashkil etilyapti.

— Ushbu sogʻlomlashtirish maydonchasi 5, 7 sinf oʻquvchilariga moʻljallangan boʻlib, unda oʻquvchilar oʻzlari qiziqqan turli xil fan va ijodiy toʻgaraklarga qatnashishi mumkin boʻladi, — deydi maktab direktori oʻrinbosari Aktam Isayev. — Albatta bular orasida Prezidentimizning 5 ta muhim tashabbusi ichida boʻlgan kompyuter savodxonligini oshirishga qaratilgan “Yosh dasturchilar” toʻgaragini ochish ham rejaga kiritilgan.

Kunduzgi sogʻlomlashtirish oromgohining kundalik rejasi bilan tanishadigan boʻlsak, bolalar 8.30 da kelib, ushbu dargohda 12.30 gacha boʻlishadi. Bu vaqt oraligʻida ular guruhlarning reja asosidagi ishi, foydali mehnat, turli toʻgaraklar, sport musobaqalari, madaniy tadbirlar bilan mashgʻul boʻlishadi.

— Maktabimizda bu yil ham sogʻlomlashtirish oromgohining ochilayotganini eshitishim bilan quvonib ketdim, — deydi oromgohga kelishni maqsad qilgan Sardorbek Abdullayev. — Oʻzim va tengqurlarim bilan ochilayotgan oromgohdagi “Tilshunoslar toʻgaragi”ga qatnashmoqchimiz. Bundan tashqari kompyuter savodxonligini oshirishga qaratilgan “Yosh dasturchilar” jamoasi aʼzosi boʻlish istagidamiz.

Mazkur oromgohda bolalar soniga qarab 20 tadan guruhlarga boʻlinadi. Har bir guruhga bittadan tarbiyachi biriktiriladi. Guruhlar oʻzlari kelishgan holda guruh nomi va shiorini tanlashadi. Oromgohning yaqin kunlarda ochilishi kutilmoqda.

Maftuna UZOQOVA, OʻzDJTU talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?