Yoshlar tarbiyasiga masʼul nuroniylar

18:50 30 Oktyabr 2025 Jamiyat
394 0

Har qanday jamiyatning yoshi ulugʻ odamlarga boʻlgan eʼtibori va gʻamxoʻrligi uning madaniy darajasini belgilaydi. Mamlakatimizda keksalar hayot darajasini yaxshilash, moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor berilmoqda. Chunki keksalik bekorchilik emas, oʻta masʼuliyatli davrdir. Bugungi kunda yurt taraqqiyoti, jamiyat rivoji, yosh avlod taʼlim-tarbiyasida keksalarning oʻrni va roli oʻta muhim. Unib-oʻsib kelayotgan yosh avlod bilan ishlab, ularni toʻgʻri yoʻlga solish, oʻqib oʻrganishga, kasbli boʻlishga yoʻnaltirishdek vazifalarni yoshi ulugʻ insonlarimiz bajonidil bajarib kelmoqda.

Xalqimiz “Qarisi bor uyning parisi bor”, “Qari bilganni pari bilmas” deb bejiz aytmagan. Har bir nuroniy avvalo oilada bolalar va nabiralar uchun tarbiyachi, mahallada tajriba egasi, jamiyatda el koʻnglini birlashtiruvchi kuchdir. Buni bugun yoshlar va nuroniylar oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Uch avlod” uchrashuvlari, “Bir nuroniy – oʻn nafar yoshga masʼul” tashabbuslarida ham koʻrish mumkin. Bu samimiy muloqotlarda har bir nuroniy yoshlar bilan tajribalarini almashayotganda oʻz hayotidan jonli misollar keltiradi. Koʻpni koʻrgan, turli turmush soʻqmoqlaridan oʻtgan, eng ogʻir damlarda ham mardona qiyinchiliklarni yengib yashayotgan nuroniylarning har bir maslahati yoshlar uchun qimmatli saboqdir. Shu orqali yoshlar oʻz ildizlarini, milliy anʼanalarini, tarixiy merosini chuqur anglab yetadi.

Yaqinda uch avlod uchrashuvida bir nuroniy oʻzining hayotiy tajribasini aytib berganida koʻpchilikning koʻziga yosh keldi. Rostdan ilgari aholining asosiy faoliyati paxta yetishtirishdan iborat edi. Taʼlimga unchalik eʼtibor berilmasdi. Hozirgi yoshlar bu soʻzlarni biror tarixiy kitobdan oʻqisa unchalik taʼsir qilmas, ammo shu kunlarni koʻrgan keksa-nuroniylarning oʻzidan eshitishning zavqi boʻlakcha. Shu orqali dorilamon kunlar qadriga yetadi. Ayni paytda nuroniylar “Nuroniy” jamgʻarmasi, mahalla fuqarolar yigʻini, turli jamoatchilik kengashlari orqali oʻz faoliyatlarini davom ettirib kelayotgani quvonarlidir. Mahalla masʼullari qatorida yoshlar oʻrtasida maʼnaviy tarbiya ishlarini olib borishda bosh-qosh. Jamiyatda totuvlik va ahillikni taʼminlashga koʻmaklashmoqda. Oilalardagi mojarolarni hal etishda adolatli maslahatchi sifatida faol va kuyunchak.

Taajjubki, yaqin yillargacha otaxonu onaxonlar nafaqaga chiqqanida oʻzlarini yolgʻiz his qilardi. Chunki nafaqaxoʻr degan nom uni ishlash huquqini butunlay cheklab qoʻyardi. Hech kimning ular bilan ishi boʻlmasdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi “Oʻzbekiston faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni vaziyatni tubdan oʻzgartirdi. Hozir nuroniylarimiz faoliyat koʻrsatsa, oylik maoshi bilan toʻliq nafaqasi ham toʻlab berilmoqda. Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi Vasiylik Kengashi qarori bilan jamoatchilik ishlarida namuna boʻlayotgan yoshi ulugʻ yurtdoshlarimiz koʻkrak nishonlari bilan taqdirlanmoqda. Respublika “Nuroniy” jamoat fondi katta yoshdagi faxriylarni, urush qatnashchilarini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Mazkur nuroniylar tashkilotining faoliyat yoʻnalishlari bevosita yoshlar tarbiyasi bilan shugʻullanadi. Ular turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish, faxriylarga moddiy yordam koʻrsatish, milliy qadriyatlar, urf-odatlarni asrashga masʼuldir.

Nuroniylar millatimizning maʼnaviy qoʻriqchilaridir. Ular milliy bayramlar, marosimlar va urf-odatlarni asrab qolishda, diniy-maʼnaviy tarbiyani toʻgʻri yoʻnalishda olib borishda, milliy gʻurur va iftixorni oshirishda katta hissa qoʻshadi. Shu orqali nuroniylar xalqning milliy oʻzligini va milliy anʼanalarini yetkazuvchisi sifatida ham qadrlanadi. Nuroniylarning jamiyatdagi oʻrnini tiklash bilan birga, hozirgi zamonning faol, matonatli, sabrli, idrokli, tajribali qatlami sifatida ularni eʼzozlash har birimizning burchimizdir.

Mamayunus Pardayev,

Samarqand iqtisodiyot va

servis instituti professori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер