Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash — doimiy eʼtiborda

22:44 08 Aprel 2024 Jamiyat
267 0

Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan Prezident Xalq qabulxonasi boshchiligidagi Respublika ishchi guruhi joylarda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularni qiynayotgan masalalarni oʻrganish va hal etishda amaliy koʻmak koʻrsatish, «mahalla yettiligi» faoliyati, yoshlar bilan ishlash tizimini samarali tashkil etish hamda tomorqadan unumli foydalanish boʻyicha xonadonbay oʻrganishlar olib bormoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi oʻrinbosari — Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev boshchiligidagi ishchi guruh Jizzax viloyatida boʻldi.

Respublika ishchi guruhi tomonidan Arnasoy tumanidagi mahallalarda aholi bandligini taʼminlash va daromadini oshirish, tomorqalardan samarali foydalanish boʻyicha amaliy seminarlar tashkil etildi.

Bobur mahallasida oʻtkazilgan ana shunday seminarda tumanning 13 ta «mahalla yettiligi» va masʼullarga Andijon, Xorazm, Sayxunobod, Uychi va Yunusobod tajribalari asosida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, boʻsh turgan obyektlar hamda tomorqadan unumli foydalanish boʻyicha tegishli tavsiya va tushuntirishlar berildi.

Tumanning «Gʻoliblar» MFYda Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi, tegishli vazirlik hamda idoralar vakillari, bank, tuman sektor rahbarlari va hokim yordamchilari ishtirokida sayyor qabullar ham oʻtkazildi.

Ushbu ochiq muloqotlar chogʻida tadbirkorlar oʻzlarini qiziqtirgan muammo va takliflarni ilgari surishdi. Xususan, kredit, soliq, kadastr, qurilish, ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi kabi sohalarga oid masalalar boʻyicha koʻtarilgan savollarga javob va yechimlar topishdi. Shu bilan birga, uchrashuvda 28 ta muammoli masala koʻtarilib, ularning ijrosi vaqt talab etganligi sababli rahbarlar tomonidan nazoratga olindi.

Bundan tashqari, У.Муҳаммадиев boshchiligidagi ishchi guruh Arnasoy tumani mahallalarida «mahalla yettiligi» faoliyati, yoshlar bilan ishlash tizimini samarali tashkil etish hamda tomorqadan unumli foydalanish boʻyicha xonadonbay oʻrganishlar olib bordi.

Misol uchun, Prezident Xalq qabulxonasi masʼullari Tinchlik mahallasidagi koʻp qavatli uyda istiqomat qiluvchi yosh tadbirkor Abbos Mamurboyev tomonidan tashkil qilingan 1,5 sotixlik issiqxona faoliyati bilan tanishdi. Tadbirkor issiqxonaga kerakli boʻlgan qoʻshimcha plyonka, metall qurilmalar kerakligini aytib murojaat qildi. Murojaati qanoatlantirilib, kerakli anjomlar olib berildi.

Yangiboʻston mahallasida koʻp qavatli uylar yonida Dilshod Xolbekov tomonidan tashkil qilgan 20 sotixlik issiqxona sharoitlari bilan ham tanishildi. Qariyb 10-yildan buyon issiqxona faoliyati bilan shugʻullanayotgan tadbirkorning muammolari oʻrganilib, ularni hal etishda amaliy koʻmak koʻrsatildi.

Muborak Ramazon oyida el-yurtimizga uzoq yillar sidqidildan xizmat qilgan tabarruk nuroniylar holidan xabar olinmoqda.

Xalq bilan muloqot tizimini ham yangi bosqichga olib chiqishda ajdodlar merosi, ularning boy tajribasi nihoyatda muhim. У.Муҳаммадиевнинг arnasoylik 94 yoshli mehnat faxriysi Bekpoʻlat hoji Eshpoʻlatov bilan muloqotida shular haqida soʻz bordi.

Mehr-muruvvat va xayru saxovat oyi boʻlmish shu muborak kunlarda koʻpni koʻrgan otaxonga davlatimiz rahbari nomidan Ramazon sovgʻalari topshirildi. Arnasoy tumani tamal toshini qoʻygan Bekpoʻlat hoji ota yuksak eʼtibor va hurmat-izzat uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildirdi. El-yurtimiz ravnaqini tilab duo qildi.

«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida yurtimizda bahorgi daraxt ekish mavsumida koʻkalamzorlashtirish ishlari jadal surʼatlar bilan olib borilmoqda. Oʻz oʻrnida, mazkur xayrli tadbirlarda barcha yurtdoshimiz qatori Prezident Xalq qabulxonasi jamoasi ham faol ishtirok etmoqda.

Xususan, viloyatning Baxmal tumani Fayziobod mahallasida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida Prezident Xalq qabulxonasi boshchiligida katta koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish hasharlari boʻlib oʻtdi.

Oqsoqollari, yoshlar, koʻngillilar va mahalla faollari ishtirok etgan mazkur hasharlar doirasida У.Муҳаммадиев tashabbusi bilan Jizzax viloyatida istiqomat qilayotgan ehtiyojmand oilalarga tomorqadan samarali foydalanishga koʻmaklashish maqsadida 10 mingdan ziyod mevali daraxt koʻchatlari bepul yetkazib berildi.

Ushbu yoʻnalishdagi ishlar hududlarda davom ettirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?