“Yashil” va “sariq” toifadagi hududlarda ichki turizmni amalga oshirish mumkin(mi?)

16:30 29 May 2020 Welcome to uzbekistan
3282 0

Belgilangan sanitariya-gigiyena meʼyorlari va talablariga qatʼiy rioya etgan holda 2020-yilning 1-iyunidan “yashil” va “sariq” toifadagi hududlarda ichki turizmni qayta yoʻlga qoʻyish bilan birgalikda yondosh tashkilotlarning (turoperatorlar, turagentliklar, joylashtirish vositalari, madaniyat va madaniy meros obyektlari hamda boshqalar) faoliyatini boshlashlari belgilandi.

Bu haqda Prezidentning “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida toʻliq maʼlumotlar bor. 

Andijon viloyat turizm boshqarmasi maʼlumotiga koʻra viloyatda bugungi kunda 16 ta mehmonxona (957 oʻrin), 19 ta oilaviy mehmon uylari (188 oʻrin), 30 ta mikroavtobuslar, 39 ta turoperatorlar, 3 ta gid-tarjimonlar tomonidan mahalliy va xorijiy fuqarolarga sayyohlik xizmatlari koʻrsatib kelinmoqda.

2019-yil davomida xorijiy va mahalliy turistlar uchun 5 ta turizm axborot markazlari, 21 ta namunaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari, 15 ta turistik obyektlarga olib boruvchi yoʻl koʻrsatgich belgilari va 11 ta turizm obyektlarda Wi-Fi hududlari tashkil qilindi.

Oʻzbekiston – sayyohlik sohasida ulkan salohiyat va imkoniyatga ega mamlakat hisoblanadi. Ushbu sohani jadal rivojlantirish, yurtimizga kelayotgan xorijiy sayyohlar oqimini yana-da koʻpaytirish, ichki va ekoturizm salmogʻini kengaytirish borasida soʻngi yillarda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Farmonda fuqarolarga Oʻzbekistonga kirishga ruxsat etiladigan mamlakatlar roʻyxatini belgilab olgan holda kirish turizmi bosqichma-bosqich qayta tiklanishi belgilangan.

Darhaqiqat, soʻngi yillarida mamlakatimizda turizm sanoatini, xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi turizmni mamlakatimiz iqtisodiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri deb biladi. Chunki turizm sohasi yangi ish oʻrinlari yaratish, aholining turmush farovonligini yuksaltirishda muhim oʻrin tutadi. Turizmni, ayniqsa, ichki sayyohlik xizmatini rivojlantirish borasida Andijon viloyatida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyatdagi “Oʻlkashunoslik”, “Adabiyot va sanʼat” muzeylari, Andijon shahridagi Bogʻi Bobur, Buloqboshi tumanidagi “Shirmonbuloq”, Xonoboddagi «Xontogʻ» dam olish maskanlari, Andijon shahridagi «Mirpoʻstin ota», Jalaquduq tumanidagi «Qutayba ibn Muslim», Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Bibiseshanba”, Xonoboddagi «Fozilmonota», Xoʻjaobod tumanidagi “Imomota”, Baliqchi tumanidagi “Uch buloq”, «Tuzluqmomo», Andijon tumanidagi “Mehmoni Valiy” ziyoratgohlari, Jalaquduq tumanidagi «Sarvontepa», «Chordona» Buloqboshi tumanidagi “Toshtepa”, Marhamat tumanidagi “Mingtepa” kabi arxeologik yodgorliklari ayniqsa, sayyohlar bilan gavjum boʻladigan maskanlardir.

Ana shu va boshqa dam olish maskanlari hamda ziyoratgohlarda sayyohlar va dam oluvchilarning koʻngilli hordiq chiqarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Dam oluvchilarga xizmat koʻrsatish darajasi ham tobora ortib bormoqda.

Bundan tashqari, keyingi yillarda aksariyat ziyoratgoh va dam olish maskanlarida obodonlashtirish borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilganligini alohida qayd etish lozim.

Masalan, «Xontogʻ» dam olish maskanidagi osma sim yoʻli toʻla rekonstruksiya qilindi, Baliqchi tumanidagi “Uch buloq”, “Tuzluq momo”, Paxtaobod tumanidagi «Xovaskon ota», Andijon shahridagi «Mirpoʻstin ota» ziyoratgohlarida keng koʻlamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, ziyoratchilar uchun zarur qulayliklar yaratildi. Bu esa ziyoratchilar sonini keskin ortishida muhim rol oʻynaydi. Qolaversa, ana shu joylarda yangi savdo, maishiy xizmat shoxobchalarining barpo etilishi bilan koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda.

Andijonning qadim tarixidan soʻzlaguvchi viloyat Adabiyot va sanʼat muzeyida tariximizga oid 20 mingdan ziyod bebaho osori-atiqalar, turli hujjatlar va qoʻlyozmalar oʻrin olgan.

Andijonning koʻrki va faxriga aylangan Bogʻi Bobur dam olish maskanida ham katta hajmdagi obodonlashtirish ishlari bajarildi, bolalar uchun turli koʻngilochar oʻyinlar, yangi-yangi attraksionlar oʻrnatildi. Bu yerda dam oluvchilarning koʻngilli hordiq chiqarishlari uchun zarur barcha shart-sharoit va qulayliklar yaratilgan. Sayyohlar ushbu maskandagi “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida Z. M. Bobur hayoti va ijodi haqida koʻplab eksponat va maʼlumotlar bilan tanishishlari mumkin.

Viloyatda turizmni rivojlantirish, sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratish, turistik obyektlar va ularga olib boruvchi yoʻllarni taʼmirlash, yoʻllar boʻyida joylashgan savdo, maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari faoliyatini xalqaro andozalar darajasida tashkil etish borasida ham tegishli ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, turizm sohasida faoliyat olib boruvchi yetuk mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Viloyatdagi oʻnga yaqin maishiy xizmat kasb-hunar kollejlarida turizm, mehmonxona xizmatini tashkil etish yoʻnalishlarida malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Ichki turizmni rivojlantirish va qishloq joylarda servis xizmatini yana-da yaxshilash maqsadida qoʻshimcha turistik yoʻnalishlarni tashkil etish koʻzda tutilgan. Jumladan, Marhamat va Ulugʻnor tumanlarida ekoturizm, Ulugʻnor tumanidagi baliqchilik xoʻjaligi hududida “Baliq ovi”, Jalaquduq tumanida “Termal suv”, Xoʻjaobod va Shahrixon tumanlaridagi shifobaxsh qumlarda “Sogʻlomlashtirish turizmi” yoʻnalishlarini ochish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, Marxamat tumanidagi bir necha ming yillik tarixdan soʻzlaguvchi Sarvontepa, Mingtepa arxeologik yodgorliklari xorijiy ekspertlar ishtirokida tadqiq etilmoqda.

Bugungi kunda viloyatning har bir shahar va tumanlarida turizmni, ayniqsa, ichki turizmni rivojlantirish, xizmat koʻrsatish tizimini yana-da takomillashtirish, sayohatchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilmoqda.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2020-2024-yillarga moʻljallangan Saylovoldi dasturida mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Shundan kelib chiqqan holda, biz partiya faollari va deputatlar davlatimiz rahbarining mazkur Farmoni ijrosini taʼminlashda faol ishtirok etamiz.

Hamidjon OMONOV,

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Andijon

viloyat kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер