“Yashil makon” loyihasi ijrosi tahlil qilindi

11:17 27 Dekabr 2025 Siyosat
165 0

Qashqadaryo viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududlarni koʻkalamzorlashtirish, daraxtlar ekish va parvarishlash, “yashil belbogʻlar”ni barpo etish boʻyicha olib borilgan oʻrganishlar natijalari Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining qoʻshma majlisida muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, viloyatda loyiha doirasida 11,2 mln tup koʻchat va butalar ekilgan hamda ularning koʻkaruvchanligi oʻrtacha 85 foizni tashkil etadi. “Mening bogʻim” loyihasi doirasida 54 ta yashil bogʻ hamda yashil jamoat parki yaratilgan.

Ekilgan koʻchatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻz vaqtida “yashilmakon.eco” elektron platformasiga kiritib borilgan.

Tabiiy omillar, kasallik va zararkunandalar taʼsirida zararlangan daraxt, butalarning monitoringi oʻtkazilib, hududlar kesimida zararlangan maydonlar xaritasi tuzilgan va 824 gektar maydonda fitosanitar nazorat tadbirlari olib borilgan.

Koʻchatlarni agrotexnik talablarga mos ravishda ekish, ularni parvarishlash, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish tadbirlarini toʻgʻri tashkil etishga bagʻishlangan 60 ga yaqin amaliy seminarlar oʻtkazilgan.

Hududlarga tuproq-iqlim sharoitiga mos koʻchatlar tizimli yetkazib berilishini taʼminlash maqsadida 70 ga yaqin savdo yarmarkalari tashkil qilingan. Ekologiya jamgʻarmasi hisobidan ijtimoiy muassasalarga 36 ming tup koʻchat begʻaraz yetkazib berilgan.

Amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim muammolar ham mavjud.

Jumladan, ayrim hududlarda ekilgan koʻchatlarni sugʻorish tizimi hamda idoralar va tarmoqlarda daraxt ekish tadbirlari toʻliq yakunlanmagan

Xususan, Qarshi, Shahrisabz, Kasbi, Koson, Qamashi, Mirishkor tumanlari hamda Shahrisabz shahrida idora va korxonalar tomonidan koʻchat ekish ishlari ortda qolgan.

Dehqonobod, Kitob, Kasbi, Mirishkor, Shahrisabz, Yakkabogʻ tumanlari va Qarshi, Shahrisabz shaharlarida “yashil bogʻlar” hamda “yashil jamoat parklari” barpo etish ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Shuningdek, Nishon va Gʻuzor tumanlaridagi atrof muhitga taʼsir koʻrsatishning I va II toifalariga mansub faoliyat turi bilan shugʻullanuvchi sanoat korxonalarining tutash hududlarida koʻchat ekish ishlarini yetarli darajada tashkil etmagan.

Muhokama davomida kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan masʼullarga qator taklif va tavsiyalar berildi. Xususan, ekilgan koʻchatlar haqidagi maʼlumotlarning “yashilmakon.eco” elektron platformasiga oʻz vaqtida va haqqoniy kiritilishini taʼminlash, har bir hududning iqlimi, tuproq sharoitlaridan kelib chiqqan holda daraxt turi va ekish joylarini belgilash lozimligi taʼkidlandi.

Yirik sanoat korxonalari atrofi va ularga tutash hududlarda hamda chiqindi poligonlari atroflarida “yashil belbogʻlar” barpo etishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi qayd etildi.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga “Yashil makon” umummilliy loyihasining amalga oshirilishi yuzasidan qatʼiy deputatlik va jamoatchilik nazoratini davom ettirish, hududiy ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmalarining bu borada amalga oshirgan ishlar toʻgʻrisidagi axborotini Kengash sessiyalarida eshitib borish tavsiya etildi.

Yigʻilish yakunida hududlarni koʻkalamzorlashtirish, daraxtlar ekish va parvarish qilish, koʻchatxonalar tashkil etish, “yashil bogʻlar” barpo etish boʻyicha hamda sohadagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etishga qaratilgan Qoʻshma qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?