Yarmarkada imkoniyati cheklangan maktab oʻquvchilarining qoʻl mehnati bilan yaratilgan qariyb 10 million soʻmlik buyumlar sotildi

09:06 22 Aprel 2022 Jamiyat
804 0

Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 103-imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida “Mohir qoʻllardan — mehrli qoʻllarga” shiori ostida mehnat yarmarkasi oʻtkazildi.

Yarmarkani tashkil etishdan asosiy maqsad imkoniyati cheklangan oʻquvchilarning kasb-hunar orqali daromad topishlarini ragʻbatlantirish sanaladi.

Mehnat yarmarkasidan oʻquvchilar qoʻl mehnati bilan tayyorlangan, kundalik hayotda zarur boʻladigan uy-roʻzgʻor anjomlari, qandolatchilik mahsulotlari, tasviriy sanʼat namunalari, tikuvchilik, toʻquvchilik buyumlari, zamonaviy kiyim-kechaklar oʻrin oldi.

Oʻquvchilar sartaroshlik, qandolatchilik, duradgorlik, toʻquvchilik, tikuvchilik, kosiblik anjomlarini oʻzlari taʼlim olayotgan maktab-internatining maxsus oʻquv-amaliyot xonalarida yasagan.

Hunarmand oʻquvchilar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar, buyumlar koʻrgazmaga qoʻyilish bilan cheklanib qolmasdan, ular sotuvga ham chiqarila boshlagani mehnat yarmarkasi ishtirokchilari tomonidan alohida eʼtirof etildi.

Tadbir soʻngida hunar oʻrganishga qiziqadigan oʻquvchilar bilan individual shugʻullanib, ularni qoʻl mehnatiga oʻrgatib, kasb-hunarga yoʻnaltirayotgan oʻqituvchi va murabbiylar taqdirlandi.

Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar tomonidan oʻquvchilarning qoʻl mehnati bilan yasalgan qariyb 10 million soʻmlik buyumlar xarid qilindi. Ushbu mablagʻlar oʻquvchilarning kasb-hunar oʻrganishlarini yanada rivojlantirish uchun hom-ashyolar xarid qilishga sarflanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?