Yaponiyalik hamkorlar bilan 81,5 million dollarga teng investitsiya shartnomalari imzolandi
Foto: Xalq so‘zi
Avval xabar qilinganidek, shu yilning 5-11-dekabr kunlari Fargʻona viloyati delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Yaponiyada boʻldi.
Tashrif doirasida Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiya tomonidan yaponiyalik hamkorlar bilan umumiy qiymati 81,5 million dollar boʻlgan 5 ta investitsiya shartnomasi imzolandi.

Shuningdek, ikki tomonlama doʻstona muloqotlar davomida Osaka shahrida Yaponiya-Fargʻona biznes-forumi oʻtkazildi. Osaka savdo-sanoat palatasida boʻlib oʻtgan forumda turli tarmoqlarda faoliyat koʻrsatuvchi 40 nafardan ziyod yapon tadbirkorlari, Osaka biznesni rivojlantirish agentligi rahbariyati, Fargʻona viloyatidan borgan va Yaponiyada faoliyat yuritayotgan ishbilarmon hamyurtlarimiz qatnashdi.
— Muhtaram Prezidentimizning 2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki mamlakat oʻrtasida oʻzaro ishonchni yanada mustahkamlab, barcha sohada manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda muhim omil boʻlmoqda, - dedi tadbirda soʻzga chiqqan Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov. — Shu maʼnoda Fargʻona viloyati Yaponiya investorlari hamda kompaniyalari uchun istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda alohida ahamiyatga ega boʻlib borayotgani quvonarlidir. Biznes-forumda erishiladigan kelishuvlar ushbu hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Forumda Fargʻona viloyatining investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy salohiyati boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Taqdimot davomida viloyatning soʻnggi yillardagi investitsion va eksport koʻrsatkichlari, sanoat va qishloq xoʻjaligi, turizm sohalarida erishilayotgan natijalar, Yaponiya kompaniyalari bilan amalga oshirish uchun istiqbolli hisoblangan loyihalar va yoʻnalishlar xususida batafsil maʼlumot berildi.
Oʻzaro ishonch ruhida oʻtgan forumda Osaka savdo-sanoat palatasi hamda Osaka biznesni rivojlantirish agentligi rahbarlari hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishga tayyor ekanliklarini taʼkidlab oʻtdilar.
— Yurtingizda tekstil sohasida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyganman, - deydi Yaponiyaning “Masui” kompaniyasi rahbari Chinori Tokia. — Oʻzbekiston paxtasiga boykotning bekor qilinishi Yaponiya bozorida oʻzbek tekstil mahsulotlariga boʻlgan qiziqishni yanada oshirdi. Bunday biznes-forumlar oʻzaro hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirishga imkon beradi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring