Yaponiya Bosh vaziri Si Szinpin bilan birinchi uchrashuvini oʻtkazadi

14:30 31 Oktyabr 2024 Dunyo
279 0

Foto: ТАСС

Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isiba noyabr oyi oʻrtalarida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan birinchi uchrashuvini oʻtkazadi. Bu haqda Yaponiyaning “Iomiuri” gazetasi hukumatdagi manbalarga tayanib xabar tarqatdi.

Har ikki yetakchi 15-16-noyabr kunlari Peruda boʻlib oʻtadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammitida va 18-19-noyabr kunlari Braziliyada boʻladigan G20 sammitida ishtirok etadi. Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammiti doirasida ularning muloqoti ehtimoli kattaroq, deb hisoblanmoqda.

Bu oktyabr oyida Bosh vazir etib saylangan Sigeru Isiba va uning xitoylik hamkasbi oʻrtasidagi ilk uchrashuvdir.

Kutilganidek, Yaponiya Xitoy bilan “strategik va oʻzaro manfaatli munosabatlar” yoʻnalishini tasdiqlash niyatida. Bundan tashqari, Yaponiya Xitoyga yapon dengiz mahsulotlari va baliqlarini olib kirishga qoʻyilgan cheklovlarni toʻliq olib tashlash, Tokioni xavotirga solayotgan Xitoy harbiy faolligi kabi masalalarni muhokama qilmoqchi.

Nashrning yozishicha, bu Sigeru Isiba Xitoy bilan konstruktiv va barqaror munosabatlar oʻrnatish va murakkab muammolarni muloqot orqali hal etish niyatini bildiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?