Yangilangan Konstitutsiya — Oʻzbekistonda innovatsiyalar va axborot texnologiyalarini rivojlantirish poydevori

16:18 06 Dekabr 2024 Jamiyat
309 0

2024-yil 6-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi hamda Innovatsion rivojlanish agentligi hamkorligida “Mening Konstitutsiyam 32 yoshda!” shiori ostida “Yangilangan Konstitutsiya — Oʻzbekistonda innovatsiyalar va axborot texnologiyalarini rivojlantirish poydevori” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.

Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.Sharipov, Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sh.Rajabbayev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, xalqaro ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, yangilangan Konstitutsiyada belgilangan prinsiplar, jamiyatimizning barcha sohalarini, xususan, axborot sohasini tubdan isloh qilish, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, ochiq va shaffof axborot makonini yaratish borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Xususan, raqamli iqtisodiyotga oʻtish, raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun huquqiy asos yaratildi. Oʻtgan qisqa vaqt ichida innovatsiyalar va axborot texnologiyalarini rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha huquqiy baza mustahkamlanib, mazkur yoʻnalishda 50 ga yaqin qonun hujjatlari qabul qilindi.

Bundan tashqari, Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis palatalaridagi nutqlarida ham yangilangan Konstitutsiyaning ahamiyatiga toʻxtalinib, axborot texnologiyalari va innovatsiyalar orqali Oʻzbekistonni global miqyosdagi taraqqiyotga olib chiqish maqsadi bayon qilindi.

Xususan, yangilangan Konstitutsiyamizning moddalarida har kimning istalgan axborotni izlash va sifatli internet tarmogʻiga ulanish huquqi toʻgʻrisida normalar qayd etilgan. Masalan, 33-moddada asosiy eʼtibor qiladigan jihatlardan biri “Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Davlat Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanishni taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratadi” degan aniq norma belgilandi.

Xuddi shunday, Konstitutsiyaning 15-bobi ommaviy axborot vositalariga bagʻishlangan boʻlib unda ommaviy axborot vositalari erkinligi va qonunga muvofiq ish olib borish aniq qilib belgilangan. Bundan tashqari, senzuraga yoʻl qoʻyilmasligi va ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi, degan norma oʻrin olganligi tadbirda alohida qayd etildi.

Shuningdek, tadbirda shu kunlarda mamlakatimizda Bosh qomusimizda belgilangan xalq hokimiyatchiligi, inson qadri, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi ezgu gʻoyalar atrofida fuqarolarni jipslashtirish, “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining oʻttiz ikki yilligi sanasini koʻtarinki ruhda nishonlashga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilayotgani qayd etildi.

Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar raqamli iqtisodiyotni rivojlanish tendensiyalari, davlat xizmatlarini raqamlashtirish orqali aholi manfaatlarini taʼminlash mexanizmlari, axborot texnologiyalari sohasida taʼlim sifatini oshirish boʻyicha yangi dasturlar, IT mahsulotlarini xalqaro bozorlarga olib chiqish boʻyicha yaratilgan shart-sharoitlar yoshlar qalbida Vatanimiz, Konstitutsiyamiz bilan faxrlanish tuygʻusini shakllantirmoqda.

Bundan tashqari, deputatlar mamlakatimizning innovatsion rivojlanishi yoʻlida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni ijro etishda Innovatsion rivojlanish agentligi oldida turgan vazifalar, yaratilgan shart-sharoitlar va mavjud imkoniyatlarga alohida eʼtibor qaratdilar hamda tashkilotning 2025-yil uchun moʻljallangan loyihalar taqdimoti bilan tanishdilar.

Tadbirda bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib deputatlar, zamonaviy axborot texnologiyalari, startaplarni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan maxsus grant tanlovlari sonini koʻpaytirish, texnologik innovatorlarni qoʻllab-quvvatlashning huquqiy asosini yaratish, hududlardagi yoshlar texnoparklarini yanada rivojlantirish, ilm-fan va taʼlim integratsiyasini kuchaytirish, innovatsion ishlanmalarni ragʻbatlantirish va bu borada masʼul tashkilotlar bilan faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер