Yangilangan Konstitutsiya – madaniy va ma’naviy merosimiz himoyachisi

Konstitutsiya har bir davlat taraqqiyotining poydevori bo‘lgan huquqiy, siyosiy va mafkuraviy hujjat – mamlakatning Asosiy qonuni hisoblanadi. Konstitutsiyamiz 1992-yilda qabul qilinganidan buyon kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga diqqat qaratsak, ularning qariyb barchasi davlat va jamiyat qurilishi, jumladan, parlament, Prezident, hukumat faoliyati, saylov tizimi, mahalliy boshqaruv, sud va boshqa organlar faoliyatiga taalluqli boʻlganini kuzatish mumkin.
Mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk marotaba Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar referendum yo‘li bilan hal qilindi. Bu, birinchi navbatda, mamlakatimiz demokratik islohotlarni amalga oshirishda yangicha va xalqaro standartlarga mos mexanizmlarni qo‘llayotganidan dalolat bersa, ikkinchidan, muhtaram Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq – qonunlarning yagona manbai va muallifidir” hamda “Barcha muhim qarorlar bevosita xalq bilan muloqot asosida va jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda qabul qilinadi”, degan tamoyillarning amaliy isboti ekanini tasdiqlaydi.
Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidagi o‘zgarishlar xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi ezgu orzu-umidlari va intilishlarini qamrab olgani, “ijtimoiy davlat” tushunchasini har tomonlama mustahkamlagani sababidan ham referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi ularni yoqlab ovoz berdi desak, xato bo‘lmaydi.
Referendum natijalaridan keyin Bosh qonunimiz moddalari amaldagi 128 tadan 155 taga, normalari esa 275 tadan 434 taga koʻpaydi. Shu tariqa uning 65 foizi xalqimiz takliflari asosida yangilandi.
Oʻz navbatida, Konstitutsiyaga kiritilgan normalarning yarmidan koʻpi inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish va mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgani, davlatning xalqimiz oldidagi majburiyati 3 barobarga oshganini alohida qayd etish joiz.
Yangi Konstitutsiyada oila instituti, bolalar va yoshlarning huquq manfaatlariga urg‘u berilgani, barcha noaniqliklar inson foydasiga hal etilishi, davlat tomonidan o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi uchun sharoit yaratilishining kafolatlanishi butun xalqimizni, ayniqsa, ziyolilarni quvontirdi.
Yana bir jihat. Konstitutsiyamizda madaniyat sohasiga alohida ahamiyat berilgan. Biz buni preambula – muqaddimadanoq sezamiz. Muqaddimada Bosh Qomusimiz “davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, shuningdek jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga tayanib” O‘zbekistonning yagona xalqi tomonidan e’lon qilingani qayd etilgan.
Konstitutsiyamizning IX bobi Iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar deb nomlanib, bunday toifadagi huquqlar birinchi marta Asosiy qonunda o‘z aksini topdi. 53-moddada har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanishi, intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinishi, davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida g‘amxo‘rlik qilishi kabi, 57-moddada esa davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning faqatgina iqtisodiy-ijtimoiy sohalar xizmatlari va obyektlaridan emas, balki madaniy soha xizmatlaridan ham to‘laqonli foydalanishi uchun sharoit yaratishi haqida normalar o‘rin oldi. Yuqorida sanalganlarda fuqarolarning huquqlari aks etgan bo‘lsa, 61-moddada fuqarolarning burchi sifatida O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashi shartligi hamda tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinishi keltirib o‘tilgan.
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda birov yaratgan ijodiy mahsulotni o‘ziniki qilib e’lon qilish yoki muallif ruxsatisiz uning san’at asaridan foydalanish kabi noxush holatlar ko‘payib borayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Vaholanki, bu qonunchilikda intellektual mulk huquqini buzish deganidir. Endilikda esa Konstitutsiyamizga kiritilgan yangi normaga muvofiq, intellektual mulkning himoyasi qat’iy tarzda kuchaytiriladi. Natijada plagiatning oldi olinadi, jamiyatda birovning mehnatini qadrlash tuyg‘usi yanada kuchaytiriladi.
Mamlakatimizda 1 mlnga yaqin nogironligi bor shaxs istiqomat qiladi. Ularning teatr va muzeylar, axborot-kutubxona markazlariga, madaniyat saroylariga kirishi, u yerdagi tadbirlarda teng imkoniyatlarda ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratilishi Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 8210 ta moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyekti davlat muhofazasiga olingan. Ulardan 4788 tasi arxeologiya, 2265 tasi arxitektura obyekti, 625 tasi monumental sanʼat asari hamda 530 tasi diqqatga sazovor joylar hisoblanadi. Madaniy meros obyektlarida amalga oshirilayotgan taʼmirlash ishlari davomida buyurtmachi tashkilotlar tomonidan obyektlarning tarixiy va badiiy qimmatiga juda koʻp miqdorda zarar yetkazish holatlariga endilikda jiddiy javobgarlik belgilangani ayni muddaodir.
Davlatimiz tomonidan kelgusi avlodga bebaho tabiiy boyliklarimiz bilan birgalikda milliy madaniy merosimizni ham sof, bus-butun yetkazish, asrab-avaylash borasida jiddiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan maqom va baxshichilik san’atini ilmiy asosda o‘rganish va rivojlantirish kuchaytirilib, maqom, katta ashula, baxshichilik, atlas va adras, kulolchilik va zargarlik kabi an’analarni davom ettiradigan maktablar yaratilmoqda. Farg‘ona, Buxoro, Xorazm viloyatlarida maqom san’atiga, Surxondaryo viloyatida baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning, Qarshi shahrida zargarlik, Rishton tumanida kulolchilik maktablarining tashkil etilishi va ularga har taraflama yordam berilayotgani so‘zimiz tasdig‘idir.
Konstitutsiyamizga kiritilgan yangi – Oila, bolalar va yoshlar bobida davlat quyidagilarni o‘z zimmasiga olgani sohamiz rivojida nihoyatda muhimdir:
1) bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish (78-modda);
2) bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish (78-modda);
3) yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirish (79-modda).
Muhtaram Prezidentimiz 2023-yilning 22-dekabrida bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida har bir tumanda sahnali zal, kutubxona, kinozal va to‘garak xonalari bo‘lgan bittadan madaniyat markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Joylardagi 600 dan ziyod badiiy havaskorlik jamoalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha dastur qabul qilinib, bunga 100 milliard so‘m yo‘naltirilishi, yurtimizning ko‘hna tarixiga bag‘ishlangan 18 ta arxeologiya yodgorligi ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirilishi, “Tirik tarix” turkumida Vatanimizning shonli o‘tmishiga bag‘ishlangan filmlar yaratish dasturi ishlab chiqilishini e’lon qilgan edi. Bularning barchasi zamirida Vatanidan, millatidan, o‘z tarixidan faxrlanadigan avlodni voyaga yetkazishdek sharafli vazifa turibdi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Yangi Konstitutsiya yurtimizning madaniy va ma’naviy merosini himoya qilishda asos vazifasini o‘tashi bilan qadrlidir.
Eldor Shermanov,
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy
musiqa san’ati instituti rektori v.v.b.,
pedagogika fanlari bo‘yicha PhD, dotsent
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring