Yangi Toshkentda 55 ming oʻrinli stadion qurilishiga tamal toshi qoʻyildi

19:34 11 Noyabr 2025 Siyosat
248 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-noyabr kuni Yangi Toshkentda yirik sport inshooti – zamonaviy futbol stadioni qurilishiga tamal toshi qoʻyish marosimida ishtirok etdi.

Soʻnggi besh yilda mamlakatimiz futbol sohasida tub burilish davri boʻldi. Jumladan, mahalliy chempionatlar tizimi isloh qilinib, bolalar va oʻsmirlar akademiyalari tashkil etildi, hududlarda 75 ta katta va 302 ta mini stadion faoliyat koʻrsatmoqda.

Maʼlumki, 2017-yilda yurtimizda FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasi talablariga javob beradigan maydonlarning soni atigi 3 ta boʻlgan. Bugun ularning soni 10 tadan oshdi.

Yaqinda Yuqori Chirchiq tumanida zamonaviy Milliy futbol markazi qurib bitkazildi. Futbol maktablarida 65 mingdan ortiq yoshlar mashgʻulotlar oʻtkazmoqda. Ushbu maktablarga jahonning nufuzli futbol klublaridan trenerlar, sport tibbiyoti va farmakologiyasi boʻyicha malakali mutaxassislar jalb qilingan.

Futbolchilarni mahalladan boshlab seleksiya qiladigan tizim yaratildi. Bunga alohida imtiyozlar joriy qilinib, 9 mingdan ziyod mahallaning 70 foizida futbol uchun mini maydonchalar tashkil etildi.

Shuningdek, 1,5 mingta maktabning futbol stadionlari taʼmirlanib, 1 milliondan ziyod oʻquvchi va mahalla yoshlari qamrab olindi. Yoshlar oʻrtasida mahalla, tuman, viloyat va respublika turnirlarini anʼanaviy oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.

Musobaqalarda oʻzini koʻrsatgan iqtidorli yoshlar futbol maktablariga toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilinmoqda.

Bu saʼy-harakatlar oʻz natijasini bera boshladi.

– Futbol boʻyicha olimpiya terma jamoamiz oʻtgan yili Parijdagi olimpiadada ilk bor ishtirok etdi. Tariximizda ilk bor milliy terma jamoamiz kelgusi yilda boʻladigan jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Ayni kunlarda Qatarda boʻlayotgan jahon chempionatida oʻn yetti yoshgacha boʻlgan futbolchilarimiz Osiyo chempioni sifatida mamlakatimiz sharafini himoya qilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari marosimda.

Bugun dunyoning turli nufuzli klublarida toʻp surayotgan 20 nafar futbolchimizning umumiy transfer qiymati 60 million dollardan oshdi. Ayniqsa, oʻtgan oydan boshlab hamyurtimiz Abduqodir Husanov Osiyoning eng qimmat futbolchisiga aylangani barchamizga faxr va iftixor bagʻishlaydi.

Bu natijalar soʻnggi yillarda yaratilgan imkoniyatlar hisobiga milliy futbol maktabining xalqaro darajada tan olina boshlaganidan dalolat.

– Yaqinda FIFA prezidenti Janni Infantino mamlakatimizga tashrifi davomida Oʻzbekistonda futbolga eʼtibor, yaratilgan infratuzilma, boshqarish tizimidagi islohotlar bilan yaqindan tanishib, ushbu sportdagi tub oʻzgarishlarni yuqori baholadi. Janob Infantino samimiy muloqotimiz chogʻida xalqaro futbol hamjamiyatining mamlakatimizga boʻlgan ishonchi tobora ortib borayotgani, Oʻzbekiston futboli “Osiyo grandlari” darajasida ekanini alohida taʼkidladi, – dedi Prezident.

2-oktyabr kuni FIFA Kengashi yigʻilishida futbol boʻyicha 20 yoshgacha boʻlganlar oʻrtasida 2027-yildagi jahon chempionatini Oʻzbekiston va Ozarbayjonda oʻtkazish boʻyicha qaror qabul qilindi.

Ushbu jahon chempionati doirasidagi oʻyinlar ikki mamlakatdagi 3 tadan stadionda oʻtkaziladi. Jahon chempionatlarining final va yarim final oʻyinlari sigʻimi 50 mingdan koʻp boʻlgan stadionda oʻtkazilishi FIFA talablaridan biri hisoblanadi.

– Shu bois, mamlakatimiz futboli uchun muhim loyiha – Yangi Toshkent stadioni qurilishini boshlaymiz. Qiymati 100 million dollarlik ushbu stadion qurilishi uchun nega aynan Yangi Toshkent hududi tanlandi? Sababi Yangi Toshkent kelajakda mamlakatimizning yangi imkoniyatlar va ilgʻor gʻoyalar markaziga aylanadi, – dedi davlatimiz rahbari.

Yangi Toshkent hududidagi barcha loyihalar zamonaviy meʼmorchilik va milliy qadriyatlar uygʻunligida ekologik va “aqlli boshqaruv”ga asoslanib barpo etilmoqda. Shu umumiy konsepsiya asosida quriladigan yangi stadion ham tabiat bilan uygʻun boʻladi hamda “yashil energiya”, “aqlli boshqaruv” va “qulay muhit” tamoyillariga asoslanadi.

Yangi Toshkent stadioni FIFAning barcha talablariga mos ravishda barpo etiladi hamda Osiyodagi eng yirik va zamonaviy infratuzilmaga ega futbol maydonlaridan biri boʻladi.

Bu inshoot nafaqat 2027-yilgi 20 yoshgacha boʻlganlar oʻrtasidagi jahon chempionati uchun, balki butun oʻzbek futboli va yoshlar sportining kelgusi oʻn yillik rivoji uchun xizmat qilishi taʼkidlandi.

Qayd etish lozim, mamlakatimizning yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilishi xalqaro hamjamiyatning Oʻzbekistonga boʻlgan ishonchi va hurmatining yana bir ifodasidir.

Shu munosabat bilan chempionatga tayyorgarlik boʻyicha alohida davlat dasturi qabul qilinishi aytildi. Infratuzilma, transport, mehmonxona, tibbiy xizmat va volontyorlik tizimlari boʻyicha masʼul vazirliklarga aniq vazifalar belgilab beriladi.

– Yangi Toshkent stadioni uchun hozir biz qoʻyadigan tamal toshi – bugungi mehnatimizning va ertangi gʻalabalarimizning asosidir. Ishonamanki, bu ulkan inshoot yoshlar uchun ilhom, xalqimiz uchun iftixor ramzlaridan biri boʻlib, yurtimizdagi millionlab futbol muxlislariga katta sovgʻa boʻladi, – dedi Prezident.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent stadioni poydevoriga kapsula qoʻyib, qurilishini boshlab berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер