Yangi tafakkur va dunyoqarash – islohotlar drayveri

Foto: president.uz
Koʻz oʻngimizdagi oʻzgarishlar
Biz Fargʻonadan katta natijalar kutamiz. Bu el tarixdan ilm-fan, madaniyat, hunarmandlik boʻyicha namuna boʻlgan. Fargʻonaliklar mehnatsevar, ishbilarmon. Bu salohiyatni, ichki imkoniyatlarimizni toʻliq yoʻlga qoʻyib, xalqimizni rozi qilish kerak.
Shavkat MIRZIYOYEV.
Vodiy durdonasi, yurtimizning dilbar goʻshasi sifatida eʼzozlanuvchi Fargʻona barchamizning koʻz oʻngimizda tobora obod va fayz kasb etib borayotgani ayni haqiqat. Ezgu tashabbuslar barcha-barchani mushtarak maqsad yoʻlida oʻzaro jipslashtirayotgani, bir yoqadan bosh chiqarib, ertangi kun istiqboliga peshvoz chiqishga undayotgani qalbimizga gʻurur-iftixor baxsh etadi.
Yaqin yillargacha ham oldimizda bir qarashda zabt etish qiyin boʻlgan dovonlar bor edi. Bu – tafakkurimiz, dunyoqarashimiz, turmush tarzimiz, orzu-niyatlarimizdagi yangilanish, isloh etilishi zarur boʻlgan tushunchalarimiz bilan bogʻliq koʻz ilgʻamas dovonlar edi. Ezgu fazilatli xalqimiz keyingi yillarda yangi davr, yangi zamon – Yangi Oʻzbekiston dovonlarini qatʼiy ishonch, aniq reja-maqsad, uzoqni koʻzlagan yuksak aql-idrok bilan zabt etib kelayotganini dunyo koʻrib turibdi. Hayotbaxsh islohotlar samarasini jahon hamjamiyati eʼtirof etmoqda.
Yangilanayotgan Fargʻona timsolida ulugʻvorlik bilan birga muhtashamlik mujassam. Bir paytlar torgina yoʻlaklarda chinor bargi xazonlarini koʻrishga koʻnikib ketgan koʻzlar bugun yaratuvchanlik va bunyodkorlikning yorugʻ izlarini koʻrib, ushbu jarayonning shunchaki kuzatuvchisi emas, balki faoli va fidoyisi boʻlishga intilyapti.
Biz yashab turgan olam obodligi aqlu zakovat, tafakkur mahsuli boʻlsa, hamyurtlarimizning hamjihatligi, mehr-oqibati ajdodlardan meros maʼnaviyatimiz hosilasidir. Zotan, olam chiroyini xulqi goʻzal, serqirra fazilatli el yaratadi. Fargʻonaliklar ana shunday sifatlar sohibi, desak mubolagʻa boʻlmas...
Bunday oʻzgarishlar, ezgu fazilatlar davlat rahbari tomonidan eʼtirof etilishi odamga oʻzgacha kayfiyat baxsh etadi. Fargʻona viloyatiga tashrifini Oltiariq tumanidan boshlagan Shavkat Mirziyoyev Qapchugʻay qir-adirlarida qisqa fursatda barpo etilgan ming gektarlik uzumzor bogʻda tuman ahli, fargʻonalik dehqonlar va klaster rahbarlari bilan suhbatlashdi.
Ardoqli ijodkorlar taʼbiricha, vodiyda hatto toshlar ham gullaydi. Yaqingacha qush uchsa qanoti, odam yursa oyogʻi kuyadi, degan iboraga mos mazkur hududda inson mehnati, aql-zakovati tufayli moʻjiza yaratildi.
— Fargʻona qishloq xoʻjaligida katta natijalarga erishayapti, lekin kechagi natija bugunga toʻgʻri kelmaydi, — dedi Yurtboshimiz.
Oltiariqda yer bilan tillashish va dillashish borasida navqiron avlod – Isaqjon Boymatov, Hasanjon Gʻofurov, Nuriddin Aliqulov singari koʻplab yoshlar bu naqadar hayotiy haqiqat ekanligini keyingi yillarda erishayotgan yutuqlari misolida isbotlashyapti. Ulardan motivatsiya olayotgan yuzlab, minglab yigit-qizlar dehqonchilikka innovatsiya, ilm-fan, tadbirkorlikni keng joriy etishmoqda.
Yangi uzumzor bogʻga yondosh hududda “Nurt Fruit«fermer xoʻjaligi rahbari Nuriddin Aliqulov 2,5 ming tonna sigʻimga ega meva-sabzavot saqlashga moʻljallangan muzlatgichli omborxona qurdi. Fermer xoʻjaligi tasarrufida ellikka yaqin zamonaviy yuk tashish mashinalari yilning toʻrt faslida ham Oltiariq uzumi va boshqa meva-sabzavotlarni turli oʻlkalarga tashiydi. Oʻtgan yili yosh tadbirkor 3,5 mln. AQSH dollari hajmida eksportni amalga oshirgan boʻlsa, bu yilgi reja – 5 mln. dollar!
— Uzum Oltiariqning “tashrif qogʻozi”, brendi, — deydi oltiariqlik sohibkor Hasanjon Gʻofurov. — Misol uchun, xonadonimizda keyingi yilning bahorigacha uzumni tokdan uzmay saqlaymiz. Tumanda uzumni tabiiy usulda uzoq saqlash hadisini olgan biz kabi oilalar juda koʻpchilikni tashkil etadi. Aytaylik, kuzda bir kilo uzum oʻrtacha 10-15 ming soʻm boʻlsa, bahorda 80-100 ming soʻmgacha sotiladi. Tumanimiz faxri Anvar Obidjon bodring pishganda butun Oʻzbekiston Oltiariqqa qaraydi, deya bir hajviya yozgandi. Endi butun dunyo Oltiariq uzumiga koʻz tikib turibdi...
Mamlakatimizda Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qoʻqon yogʻoch oʻymakorligi maktabi anʼanalari qadri abad qadriyat sifatida avloddan-avlodga oʻtib kelmoqda. Usta Qodirjon Haydarov asos solgan Qoʻqon maktabi islimiy naqshlari, sanʼat asari darajasidagi betakror ishlari bilan mashhur. Oʻzbekiston xalq ustasi, Furqat tumanidagi «Usta Yusufjon naqqosh» oilaviy korxonasi rahbari Muhammadali Yunusov bu maktab anʼanalarini munosib davom ettirayotgan ustazoda. Usta akani yoʻqlab borsangiz, gavjum maskanda hunarmandlar sayliga tushib qolgandek his etasiz oʻzingizni.
Boshida qalampir nusxa Margʻilon doʻppi, egnidagi yaktagi tabarruk yoshiga oʻzgacha salobat bagʻishlagan mezbon dasturxonga yangi uzilgan oʻrik, gilos qoʻyadi.
— Oʻzimizning bogʻdan, hozir ayangizning qaymoq shoʻrvasi ham tayyor boʻlib qoldi, — deya usta aka yelkasidagi qiyigʻi bilan terini artib, naqshinkor soʻriga omonatgina choʻkkaladi. — E, shogird bola (usta aka deyarli barchani shunday ataydi), yoshlikda mutlaqo shaxsiy mulkim deb oʻylagan sochlar, yigitlik gʻayrati, sogʻlom oyoqlar, barchasi sekin-asta bizni tark etib ketaverar ekan...
Ammo oʻsha gap, vaʼda bitta: Prezidentga bundan buyon kamida besh mingta shogird tayyorlashga, korxona qoshida maktab tashkil etishga berilgan soʻz, Yaratgan egam umr, sihatlik bersa, albatta, toʻliq bajariladi. Buni qarang, ilgari bitta naqsh ustida baʼzan haftalab koʻz nurimizni toʻkardik, bugun bizning ishimizga ham innovatsiya kirib keldi. Yangi dastgoh va uskunalar mashaqqatli mehnatimizni oson qilyapti.
Buvayda tumanida tarixiy ziyoratgoh, madaniy obidalar, shu joylarni bunyod etgan qoʻli gul ustalar koʻp. Buvaydaliklar ota-bobolar ishini yangi koʻz bilan koʻryapti, aqlli yondashuv bilan davom ettiryapti. Shu bois tumandagi har bir mahallada ixtisoslashuv, hayotiy tajriba, shunga yarasha daromad bor. Hunarmandlar ham avvalgidek tunu kun qora terga botib ishlayotgani yoʻq. Ishning qiyini texnikalar, dastgohlar zimmasiga yuklangan.
— Gapning ochigʻi, Prezidentimiz biz bilan juda oddiy, samimiy suhbatlashganidan haligacha hayratdaman, — deydi Buvayda tumani Beglar mahallasida yashovchi Sanjar Tursunov. — Yurtboshimiz shaxsan menga oʻz mebellarim, eshik-romlarim brendini yaratish boʻyicha zoʻr gʻoya berdi. Xitoyning katta shaharlarida koʻrib kelib, shu haqida oʻylab yurgandim. Tumanimizda yangi qurib bitkazilgan hunarmandlar majmuasida menga ajratilgan joyda birinchi oʻrinda oʻnta ish oʻrni yaratish, mahsulotlarimni oʻz yorligʻim bilan chiqarishga harakat qilaman.
Boboshbek Uchkoʻprik tumanining jahon bozoriga chiqayotgan mahallasi. Fargʻonaliklar hazilomuz ohangda «Boboshbek – Fargʻonaning Xitoyi» deyishadi. Haqiqatan, besh mingdan ziyod aholi istiqomat qiluvchi mahallada deyarli har bir oila tadbirkor, koʻchalar tunu kun savdo rastalari, yuk mashinalari, xaridorlar bilan gavjum. 6 sotixli xonadonining 1,5 sotixida trikotaj sexini joylashtirib, 30 ta ish oʻrni yaratgan yosh tadbirkor Iroda Sodiqova Fargʻona viloyatiga avvalgi tashriflari chogʻida Prezidentga hududda zamonaviy majmua qurib berish taklifi bilan chiqqan edi. Boboshbekda qisqa fursatda 15 gektar yerda koʻp qavatli binolar qad rostladi. Bu yerda 316 ta ishlab chiqarish sexi, 336 ta savdo doʻkoni, 560 ta savdo rastasi qurib bitkazildi. Shuningdek, 2 ta logistika markazi tashkil etildi.
— Prezidentimizning qoʻllab-quvvatlashidan ruhlanib, “B” brendi ostida mahsulotlarimizdan ilk namunalar MDH, Osiyo va Yevropa qitʼasi davlatlariga joʻnatildi, — deydi mahallaning qoʻli va qalbi gul chevari Hamidaxon Akbarova. — Rossiyaning bir necha mashhur savdo tarmoqlari tabiiy, ekologik jihatdan toza bolalar, ayollar kiyim-kechaklariga katta qiziqish bildirdi. Xitoy, Janubiy Koreya bozorlaridagi talab va taklifni oʻrganish maqsadida marketing ishlari olib borilmoqda.
Bundan buyon tor, diqqinafas uylarda ishlash azobidan qutuldik. Qishki sovuq, chiroq oʻchishi, bolalarimizning izillab yigʻlashi endi tushga aylanadi. Keng, pokiza va orasta joyda yashagan, ishlayotgan odamning feʼli, hayotga munosabati ham shunga yarasha boʻladi.
Ayni paytda viloyatda 12 ta paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyat koʻrsatmoqda. Janubiy Koreya korporatsiyasi Yozyovon tumanida paxta-toʻqimachilik klasteri va ishlab chiqarish korxonalari uchun investitsiya kiritishni rejalashtirayotgani tarmoq istiqbolidan dalolat beradi. Davlatimiz rahbari viloyatdagi paxta-toʻqimachilik klasterlarining eng giganti – “Fergana Global textile«faoliyati bilan tanishdi.
— Bu yangi avlod korxonasi, — deydi “Global textile infinity«MCHJ taʼsischisi Muzaffar Razzoqov. — Germaniyada oʻqib, ishlab yurganimda yurtimizda shunday sanoat korxonasi qurishni orzu qilgandim. Orzum roʻyobga chiqayotganidan mamnunman. Korxonada yiliga 18 million metr yuqori sifatli mato hamda 2 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.
Margʻilon shahrida azaldan tadbirkorlik, hunarmandchilik rivojlangan. Koʻhna kentning Navroʻz mahallasida tashkil etilgan Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasidagi yangi korxonalarda navqiron avlod vakillari, xotin-qizlar uchun mingdan ortiq doimiy ish oʻrinlari yaratildi. Tadbirkor Ravshanbek Sobirov davlat rahbari bilan uchrashuvdan katta motivatsiya olgani, “Marrani kattaroq olinglar, yonlaringda men – Prezident turibdi”, degan soʻzi uni yangi-yangi gʻoyalarni amalga oshirishga ragʻbatlantirganini taʼkidlaydi.
Shuningdek, Yurtboshimizning Toshloq tumanida joylashgan “Agro impex valley“masʼuliyati cheklangan jamiyat, Fargʻona shahrida ochilgan kasb-hunarga oʻqitish markazi, «Yangi Oʻzbekiston” massivining qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv jarayonida bir qator ezgu tashabbuslar ilgari surilgani quvonarli.
— Fargʻona shahrida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda davlat rahbari 2021-yili viloyatda 10 mingdan koʻproq kichik korxona tashkil etilgani, eksport hajmi 801 million dollarga yetganini mamnuniyat bilan taʼkidlab oʻtdi, — deydi xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Sherzod Karimov. — Bu yilgi marra yanada yuqori olingan: 2022-yil yakuni bilan viloyatda eksport, xorijiy investitsiyalar jalb etish hajmini 1 milliard dollarga yetkazish koʻzda tutilyapti.
Mahalliy byudjetda 1 trillion soʻm qolishi kutilayotgan boʻlib, bu odamlarga munosib shart-sharoit yaratish, tadbirkorlik infratuzilmasini yanada yaxshilash imkonini beradi.
2022-2023-yillari viloyatda sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligida umumiy qiymati 31 trillion soʻm boʻlgan 1 ming 268 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Kimyo, qurilish materiallari, toʻqimachilik, elektrotexnika, charm, farmatsevtika tarmoqlari rivojlanish “drayver”i boʻladi.
Dunyoda insonning ruhiyati, ongu tafakkuri, yashash tarziga kuchli taʼsir koʻrsatuvchi, ona yurtga muhabbati, oʻz taqdiri, hayotga qarashlarini oʻzgartirib yuboruvchi shunday yangilanishlar boʻladiki, bu jarayonga olimlar tarixiy voqelik sifatida taʼrif beradilar.
Bu kabi orzularga qanot boʻluvchi eng ulugʻ va qutlugʻ saodat bor, uning nomi – tinchlik. Usiz hayotning zavqi yoʻq, inson taqdiri, yurt kelajagi yoʻqlik, mavhumlik sari giriftor boʻladi. Shuning uchun ham xalqimiz bugungi tinch-osoyishta, tobora obod va farovon boʻlib borayotgan hayotni oʻzgacha qadrlab yashaydi.
Fargʻonadagi olamshumul oʻzgarishlar, yangilanish va istiqbol Prezident Shavkat Mirziyoyev nomi bilan bevosita bogʻliq. Yurtboshimiz har gal ushbu viloyatga tashrif buyurganida kattayu kichikni bunyodkorlik ishlariga daʼvat etadi, bugungi kunga tiyrak nigoh tashlashga, kelajakka umid va ishonch bilan qarashga undaydi.
Yangi Oʻzbekiston nafaqat tarixi, ulugʻ ajdodlari, balki bugun shu jannatmonand zaminda yashayotgan har bir insonni, har bir oilani boshi uzra baland koʻtarayotgan azamat yurtdir!
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring