“Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” sport musobaqalarining 2-bosqichi yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi
Foto: Akmal Muhammadov/“Xalq soʻzi”
Bugun, 5-sentyabr kuni Toshkent shahrida barpo etilgan “Olimpiya shaharchasi” majmuasida “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” sport musobaqalarining yakunlangan bosqichlarida erishilgan natijalar va kelgusidagi rejalarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Matbuot anjumanida Sport vazirligi va Milliy olimpiya qoʻmitasi rahbariyati, masʼullar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan milliy terma jamoalarga sportchilarni quyi boʻgʻinlardan saralash va seleksiya qilishga qaratilgan uch bosqichli, jumladan, 1-bosqich — “Mintaqaviy bosqich”, 2-bosqich — “Hududiy bosqich” hamda 3-bosqich – “Prezident Olimpiadasi” bosqichi “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” sport musobaqalari tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Ilk marotaba tashkil etilgan musobaqalar 10 ta olimpiya sport turlari, boks, dzyudo, taekvondo, ogʻir atletika, erkin kurash, yunon-rum kurashi, yengil atletika, badiiy gimnastika, stol tennisi, basketbol 3x3 boʻyicha 15-17 yoshdagi sportchilar oʻrtasida oʻtkazildi.
Musobaqalarda ishtirok etish jarayonlari toʻliq raqamlashtirilib, ishtirokchilar “ERP.sport” tizimida roʻyxatdan oʻtkazildi va erishgan sport natijalarini qayd etib borish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Joriy yilning may-iyun oylarida oʻtkazilgan “Mintaqaviy bosqich” musobaqalarida sport maktablari, umumtaʼlim maktablari toʻgaraklari va sport klublarining 103,1 ming nafar shugʻullanuvchi sportchilari ishtirok etdi.
Ishtirokchilarning 59 foizini (60,8 ming) umumtaʼlim maktablari toʻgaraklari va sport klublari sportchilari tashkil etdi. Ishtirokchilarning 35 foizi (36,7 ming) sportchi qizlardan tashkil topgan.
“Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” 2-bosqichi, “Hududiy bosqich” musobaqalari joriy yilning avgust oyida oʻtkazildi. Ushbu bosqichda 1-bosqichda saralab olingan 13,3 ming nafar sportchilar hamda ixtisoslashtirilgan sport maktabi, davlat ixtisoslashgan maktab internati, mahorat maktablarining 6,3 ming nafar shugʻullanuvchilari ishtirok etdi.
Ushbu musobaqalarning ochilish va taqdirlash marosimlarida viloyat va shahar hokimlari ishtirok etib sportchilarga medal va sovgʻalar topshirdi.
“Hududiy bosqich” musobaqalarida 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan 1,9 ming nafar sportchilar musobaqaning mantiqiy davomi hisoblangan “Prezident Olimpiadasi”da ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.
“Prezident Olimpiadasi” joriy yil dekabr oyida zamonaviy va xalqaro talablar asosida yangidan barpo etilgan “Olimpiya shaharchasida” boʻlib oʻtadi.
“Prezident Olimpiadasi”da 1,9 ming nafar 2-bosqich gʻoliblari bilan bir qatorda hududlardagi 15 ta olimpiya va paralimpiya markazlarining oʻquvchi sportchilari ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Ulardan, 1-2 oʻrinlarni egallagan sportchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga hamda 3-oʻrinni egallagan sportchilar Hududiy olimpiya va paralimpiya markazlariga joylashtiriladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Kambagʻal oilalar farzandlarining toʻgarak xarajatlarining 80 foizgacha qismi davlat byudjeti hisobidan qoplanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring