“Yangi Oʻzbekiston” massivlari — orzularga qanot

11:24 05 Fevral 2025 Jamiyat
150 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 23-yanvar kuni ipoteka dasturi doirasida 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025-yil uchun rejalar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida koʻtarilgan masalalar, galdagi vazifalar uy-joy qurilishi va ipoteka boʻyicha Oʻzbekistonning milliy tizimi vujudga kelayotganidan dalolat beradi.

Uy-joy qurilishi va ipoteka boʻyicha milliy tizim mamlakatda uy-joy bozorini rivojlantirishga qaratilgan muhim strategik yoʻnalish hisoblanadi. Bu tizimning ahamiyati, avvalo, mamlakat iqtisodiyotida muhim rol oʻynaydi. Turarjoy qurilishi koʻplab sohalarni rivojlantirishga hissa qoʻshadi, shu jumladan, qurilish materiallari ishlab chiqarish, injiniring, transport va boshqalar. Ipoteka krediti esa aholining uy-joyga boʻlgan talabini qondirishga imkon beradi va bu ham oʻz navbatida iqtisodiy oʻsishga hissa qoʻshadi.

Qolaversa, uy-joy bozorini rivojlantirish aholining turmush sharoitini yaxshilashga, ularning yashash joyiga boʻlgan talabini qondirishga yordam beradi. Bu, oʻz navbatida, jamiyatda barqarorlik va ijtimoiy taraqqiyotni taʼminlashga hissa qoʻshadi. Pirovardida, aholining davlat siyosatiga boʻlgan ishonchini oshirishga, ularning turmush sharoitini yaxshilashga va jamiyatda barqarorlikni taʼminlashga yordam beradi.

Bundan yetti yil oldin mamlakatimizda ipoteka tizimi tubdan isloh qilindi. Natijada sohaga sifat va raqobat kirib keldi, hududlarda zamonaviy arxitektura yechimlariga ega loyihalar paydo boʻldi. Oddiy xalq vakillari ham hech qanday sunʼiy toʻsiqlarsiz, hatto bir qancha imtiyozlar asosida ipoteka kreditlarini olish imkoniyatlari yaratildi.

Shu orqali ipoteka dasturlari doirasida yildan yilga uy-joylar qurish hajmi ortib bormoqda. Birgina oʻtgan yilning oʻzida 100 mingdan ziyod xonadonga ega 2 ming 44 ta koʻp qavatli uy barpo etildi. Jon boshiga uy-joy hajmi 19 kvadrat metrdan oshdi. Vaholanki, 2020-yilda bu koʻrsatkich 16 kvadrat metr boʻlgan.

Umuman, 2024-yili yurtimizda 21,4 million kvadrat metr turarjoy va 19,1 million kvadrat metr noturar obyektlar, jami 40,5 million kvadrat metr bino-inshoot qurildi.

Oʻtgan yilda qurilgan 100 ming xonadon hisobiga pudratchilar, boshqaruv va servis, qurilish materiallari, transport kabi sohalarda 350 ming odam ishli boʻldi. Mebel, elektrotexnika, toʻqimachilik, qurilish materiallari sohalarida qoʻshimcha 11 trillion soʻmlik bozor paydo boʻldi.

Qurilishni ragʻbatlantirish uchun 2024-yilda 17 trillion soʻm ipoteka krediti ajratildi, quruvchi va developerlarga aylanma uchun jami 3 trillion soʻm mablagʻ berildi.

Aholini uy-joy bilan taʼminlash borasidagi ishlar koʻlamini birgina Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar misolida ham koʻrish mumkin. Oʻtgan yilda tijorat banklari koʻp qavatli uy-joylardan kvartiralar sotib olishlari uchun 3 ming 488 nafar fuqaroga 970 milliard soʻm boʻlgan ipoteka kreditlari ajratdi.

Shuningdek, 1 ming 441 nafar fuqaroga uy-joylarni sotib olish uchun 43,2 milliard soʻm subsidiya — boshlangʻich badal mablagʻlari toʻlab berildi. Bundan tashqari, harbiy sektorda faoliyat yuritayotgan xodimlarni qoʻllab quvvatlash maqsadida 70 nafar xodimga 7,5 milliard soʻmlik ipoteka kreditining boshlangʻich badallari ajratildi.

— Davlatimiz rahbari videoselektor yigʻilishida uy-joy qurilishiga faqat ijtimoiy yoki qurilish masalasi deb emas, balki hududni iqtisodiy rivojlanishida asosiy “drayver” sifatida qarash zarurligini taʼkidladi, — deydi Surxondaryo viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Alisher Amirov. — “Yangi Oʻzbekiston” massivlarini qurish boʻyicha mutlaqo yangi tizim yoʻlga qoʻyilishi borasida vazifalar belgilab berildi. Joriy yilda viloyatimizda 9 ming 200 ta xonadonli 170 ta koʻp qavatli uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. Fuqarolarga uy-joy xarid qilish uchun ajratilayotgan subsidiya mablagʻlari oʻtgan yilga nisbatan sezilarli darajada koʻp. Xususan, 212 milliard soʻm boʻlgan subsidiya limitlari hisobidan 2 ming 345 ta oilani uy-joy bilan taʼminlashni maqsad qilganmiz. Shu yilda “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 2 ming 436 ta xonadonli 60 ta, boshqa massivlarida 6 ming 764 ta xonadonli 110 ta koʻp qavatli uy-joy barpo etiladi. Jumladan, Termiz shahrida 3 ming 500 ta xonadonli 55 ta, Denov tumanida 1 ming 700 ta xonadonli 25 ta, Qumqoʻrgʻondagi “Bogʻaro” mahallasida 850 xonadonli 15 ta yangi turarjoy massivlari barpo etiladi.

Ayni paytda Surxondaryo viloyatining Boysun, Sariosiyo, Jarqoʻrgʻon va Angor tumanlarida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida foydalanishga topshirilgan zamonaviy uy-joylarda aholi hayotidan rozi boʻlib, toʻkin, osuda turmush kechirmoqda. Shuningdek, mazkur massivlarda turarjoy binolari va boshqa infratuzilma inshootlari qurilishi qizgʻin davom etayotir.

Shu kunlarda Termiz tumanining “Yangiobod” mahallasida qad rostlayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivi katta yoʻl boʻyida tamomila yangi loyiha asosida qurilayotgani yaqin kelajakda Surxondaryoning tashrif qogʻoziga aylanishiga shubha yoʻq. Hududda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻini oʻz ichiga olayotgan muhtasham massiv uchun 55,5 gektar yer maydoni ajratilgan. Uning 28,5 gektarida “Yangi Oʻzbekiston” massivi, 27 gektarida “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi barpo etilmoqda. “Yangi Oʻzbekiston” massivida 6 ming 280 xonadonga moʻljallangan 74 ta koʻp qavatli uy barpo etilyapti. 2 ming 640 oʻrinli ikkita maktab, 420 oʻrinli ikkita bogʻcha, 200 qatnovga moʻljallangan oilaviy poliklinika, mahalla markazi bunyod etilmoqda. Uning dastlabki bosqichida 1 ming 980 xonadonli 18 ta koʻp qavatli uyni qurib, foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Eʼtiborlisi, qad rostlayotgan osmonoʻpar bino va inshootlar zamonaviy arxitektura namunalarini oʻz ichiga olmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер